NATO a’zolarining tashqi ishlar vazirlari Ukrainada alyans missiyasini yaratishga kelishib oldi. Bu haqda Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy ma’lum qildi.
«Bu biz jang qilamiz, degani emas. Ammo endi biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni muvofiqlashtirish, tayyorlash va rejalashtirishda alyans imkoniyatlaridan yanada uyg‘unroq foydalana olamiz», dedi vazir Bryusseldagi NATO tashqi ishlar vazirlari sammiti yakunlari bo‘yicha.
NATO davlatlarining boshqa vakillari hozircha bu bayonotga izoh bermadi.
Bir kun oldin Sikorskiy NATO missiyasini yaratish «Moskva uchun qarama-qarshilik» bo‘lmasligini aytdi, garchi Rossiya prezidenti o‘z fuqarolarini NATO bilan ziddiyatga ishontirishga harakat qilayotgan bo‘lsa-da.
«U mudofaa urushi haqidagi yolg‘onni takrorlamoqda. Men unga NATO davlatlariga hujum qilishni maslahat bermayman, chunki biz 20 barobar boymiz, Rossiya bunday urushda yutqazadi. Xuddi SSSR sovuq urushda mag‘lub bo‘lganidek», dedi vazir.
Sikorskiyning NATO missiyasini yaratish haqidagi bayonotini Rossiya Davlat Dumasi Mudofaa qo‘mitasi rahbari Andrey Kartapolov izohladi. U «bu keyingi qadamlarni qonuniylashtirish, biz ularni diqqat bilan kuzatib boramiz» dedi.
Avvalroq, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov, agar alyans harbiylari Ukraina hududida paydo bo‘lsa, Rossiya va NATO o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri mojaro muqarrar bo‘lishini ta’kidlagan edi. U Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning Ukrainaga Yevropa davlatlaridan qo‘shin yuborish haqidagi so‘zlariga shunday izoh berdi. Peskovning ta’kidlashicha, Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuv NATO manfaatlariga mos kelmaydi.