FIFA reytingi. O‘zbekiston milliy jamoasi ikki pog‘ona yuqorilab, so‘nggi 7 yildagi eng yaxshi natijasiga erishdi

Sport 14:45 / 04.04.2024 9928

FIFA rasmiy sayti mart oyi yakunlariga ko‘ra, milliy jamoalarning yangi reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston jamoasi ikki pog‘onaga yuqorilagan.

Srechko Katanets shogirdlari 2023 yilni 68-o‘rinda yakunlagan bo‘lsa, Qatarda o‘tgan Osiyo kubogidan keyin 66-o‘ringa ko‘tarilgandi. Mart oyidagi FIFA kunlari doirasida Hongkongga qarshi JCh-2026 2-saralash bosqichidagi g‘alabalardan keyin (2:0, 3:0) O‘zbekiston milliy jamoasi JCh-2026 hal qiluvchi saralash bosqichi va Osiyo kubogi-2027ga yo‘llanmasiga ega chiqib, reytingda 64-o‘ringa yuqoriladi.

Qayd etish joiz, 64-o‘rin O‘zbekistonning 2017 yildan keyingi eng yaxshi natijasi sanaladi. So‘nggi marta Samvel Babayan murabbiyligidagi milliy jamoamiz 2017 yil aprel oyida FIFA reytingida 60-o‘ringa ko‘tarilgandi.

FIFA reytingida Argentina milliy jamoasi 1-o‘rinda bormoqda, Fransiya 2-o‘rin, 3-o‘rindagi Angliya esa o‘rnini Belgiyaga bo‘shatdi va 4-o‘ringa tushdi. Braziliya (5), Portugaliya (6), Niderlandiya (7), Ispaniya (8), Italiya (9) va Xorvatiya (10) o‘nlikdan joy olgan.

Osiyo jamoalari orasida esa qit’a chempioniga aylangan Qatar eng katta o‘sishga erishdi – 37-o‘rindan 34-pog‘onaga ko‘tarilib, Osiyoda beshlikdan joy olgan. Vakillarimiz top-8likdan o‘rin olgan. Yaponiya qit’ada peshqadam sanaladi – 17-o‘rin. Osiyoda top-10likdan Eron (20), Janubiy Koreya (23), Avstraliya (24), Qatar (34), Saudiya Arabistoni (53), Iroq (58), O‘zbekiston (64), BAA (67) va Iordaniya (71) joy olgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy jamoasining FIFA reytingidagi eng yaxshi natijasi – 45-o‘rin bo‘lib, vakillarimiz 2006-2007 yillarda ushbu o‘rinda qayd etilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: