Eron general Zohidiy o‘limi uchun Isroilga javob zarbasi beradimi?

Jahon 16:07 / 04.04.2024 15539

Eronning Damashqdagi elchisi bergan ma’lumotga ko‘ra, zarba oqibatida 13 kishi, jumladan Islom inqilobi muhofizlari korpusining yetti nafar a’zosi hamda olti nafar suriyalik halok bo‘lgan.

Qurbonlar orasida — brigada generali Muhammad Rizo Zohidiy ham bor, u korpusning xorijdagi amaliyotlarga mas’ul bo‘lgan «Quds» maxsus bo‘linmasidagi muhim shaxs bo‘lgan.

Eron va Suriya hujumda Isroilni ayblagan, isroilliklar esa izoh berishdan tiyilmoqda.

«Bu nafaqat Eron davlatining o‘ziga, balki Inqilob gvardiyasining Livandagi „Hizbulloh“ hamda Suriyaga qurollar va texnologiyalar yetkazib berishni muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanuvchi „Quds“ kuchlari rahbariyatiga katta yo‘qotish olib kelgan hujum bo‘ldi », — degan London iqtisodiyot maktabida (LSE) xalqaro munosabatlar bo‘yicha professor Favaz Gerges.

Mazkur hujum Eron hukumatidagi yuqori martabali shaxslarning g‘azabli reaksiyasini keltirib chiqardi, ular Isroilning harakatlarini javobsiz qoldirmaslikka va’da berishgan.

«Biz ularni bu jinoyatni sodir etgani va shu kabi harakatlarga yo‘l qo‘ygani uchun afsuslantiramiz», — degan Eron oliy rahnamosi Ali Xominaiy.

Prezident Ibrohim Raisiy hujumni «javobsiz qolmaydigan noinsoniy, tajovuzkorlik va jirkanch akt» deb atagan, Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir-Abdulohiyon suriyalik hamkasbi bilan telefon muloqotida hujumni barcha xalqaro majburiyatlar va konvensiyalarning buzilishi deb atadi.

Eron prezidenti Ibrohim Raisiy seshanba kuni so‘nggi hujum javobsiz qolmasligiga va’da berdi

Tashqi ishlarvazirligi saytidagi xabarda Amir-Abdullohiyon Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu «butkul ruhiy muvozanatni yo‘qotgani»ni aytgan.

Bunday munosabatlar G‘azodagi urush fonida Isroil hamda Eronning ittifoqchilari o‘rtasidagi keskinlik yanada kuchayishi borasidagi xavotirlarni uyg‘otgan. Ammo, BBC bilan suhbatlashgan ekspertlar bugungi kunda Eronning javob qaytarish imkoniyatlari cheklanganini aytishgan.

«Eron o‘z harbiy salohiyati, iqtisodiy va siyosiy holatini inobatga olgan holda Isroil bilan katta to‘qnashuvga qodir emas, — deb hisoblaydi Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha tahlilchi Ali Sadrzoda. — Ammo u ichki auditoriya hamda mintaqadagi ittifoqchilar orasidagi obro‘sini himoya qilish uchun javob o‘ylab topishi kerak bo‘ladi».

Favas Gerges ham bu fikrga qo‘shiladi, uning hisoblashicha, «Isroil chindan ham Eronni kamsitib, burniga musht tushirgan» bo‘lsa ham, Eron Isroilga qarshi to‘g‘ridan to‘g‘ri javob choralarini ko‘rmaydi.

Gergesning hisoblashicha, Eron katta ehtimol bilan «strategik sabr» namoyish etadi, chunki uning uchun boshqa muhimroq maqsad bor — yadro bombasini yaratish: «[Eron] kuch to‘plamoqda, uranni boyitmoqda, yutuqlarga erishmoqda. Va Eron uchun asosiy mukofot 50 ta ballistik raketa uchirib, 100 nafar isroillikni o‘ldirish emas, balki nafaqat Isroilga, balki hatto AQShga ham qarshi strategik tiyib turish mexanizmiga ega bo‘lishdir».

G‘azoda Isroilning HAMASga qarshi urushi boshlanganidan buyon Suriya, Iroq, Livan va Yamanda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan guruhlar Isroil obektlariga raketa va dronlar bilan hujumlar qilib kelmoqda, ammo ular Isroil bilan keng ko‘lamli urush boshlanmasligiga harakat qilib, o‘zlarini cheklashmoqda.

«Eronning qo‘g‘irchoq guruhlari hatto Isroilning diplomatik missiyalariga hujum qilishini ham tasavvur qilish qiyin», — degan Sadrzoda.

Shu bilan birga, u Eron qo‘llovidagi husiychilar katta ehtimol bilan Qizil dengiz va Adan ko‘rfazidagi kemalarga, ayniqsa Isroil yoki AQShga qandaydir aloqadorligi bor kemalarga hujumlarni davom ettiradi, deb hisoblaydi.

Eronning mintaqadagi eng yirik kuchi hisoblangan «Hizbulloh» Damashqdagi hujum uchun javob qaytarishi mumkinmi?

Eron tomonidan qo‘llanadigan «Hizbulloh» muntazam ravishda Isroilning shimoliy chegaralarida otishma uyushtirib turadi

«Hizbulloh» dunyodagi eng yaxshi qurollangan nodavlat harbiy tuzilmalardan biri bo‘lib, mustaqil baholarga ko‘ra, guruh saflaridagi jangchilar soni 20 mingdan 50 minggacha yetadi, ulardan ko‘pchiligi yaxshi tayyorgarlikdan o‘tgan hamda Suriyadagi fuqarolik urushi davomida chiniqqan.

Bundan tashqari, Center for Strategic and International Studies ma’lumotiga ko‘ra, guruh arsenalida 130 ming atrofida raketa va snaryadlar bor.

Biroq BBC bilan suhbatlashgan ekspertlar mazkur guruh Isroil bilan qarama-qarshilik ko‘lamini kengaytira boshlashi dargumonligini aytishgan.

«„Hizbulloh“ Isroil qopqoniga tushib qolishni istamaydi, chunki Binyamin Netanyahu va uning harbiy kabineti urushni kengaytirishga astoydil intilayotganini tushunadi. Binyamin Netanyahuning siyosiy kelajagi G‘azodagi urush davom etishi hamda shimoliy frontda „Hizbulloh“ va hatto Eronning o‘zi bilan keskinlik kuchayishiga bog‘liq», — deb hisoblaydi Favaz Gerges.

Ali Sadrzodaning hisoblashicha, Eron katta ehtimol bilan Isroilga qarshi urush boshlashdan qochgan holda «ramziy» reaksiya ko‘rsatish bilan kifoyalanadi.

«Eron — ramziy hujumlar o‘tkazishga usta, bunaqasi o‘zining eng muhim harbiy qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy o‘ldirilishiga javoban qilingandi», — deydi Sadrzoda, eronliklar 2020 yil 8 yanvarida AQShning Iroqdagi «Al-Asad» aviabazasiga ballistik raketalar bilan yo‘llagan zarbasini nazarda tutgan holda.

Eronlik general Qosim Sulaymoniy 2020 yil yanvarida Bag‘dod aeroporti hududida avtomobiliga Amerika droni zarbasi berilishi oqibatida halok bo‘lgandi

Eronning bu qotillik uchun «qattiq qasos olish»ga bergan va’dasiga qaramay, bazada bo‘lgan amerikalik harbiy xizmatchilardan birortasi halok bo‘lmagandi. Qolaversa, o‘shanda amerikalik harbiylar oldindan ogohlantirilgani haqida xabar paydo bo‘lgandi.

Favaz Gergesning fikricha, Eronning Damashqdagi konsulligiga qilingan hujum «Eron mudofaasini buzish, dunyoga Eron — qog‘ozdan yasalgan yo‘lbars ekanini ko‘rsatib qo‘yish va Eron xavfsizlik apparatining belini sindirishga qaratilgan strategik eskalatsiyadir».

«Ammo Eron tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri vayronkor javobni ko‘rmaymiz», — deya xulosa qilgan u.

Virjiniyadagi jamoat va xalqaro aloqalar maktabida davlat boshqaruvi sohasidagi tadqiqotchi Yusuf Aziziyning hisoblashicha, Tehronda Eron Isroil tajovuzini tiyib turish uchun yadroviy derjavaga aylanishi kerak deb hisoblaydiganlar hamda harbiy kayfiyatdagi «qirg‘iylar», to‘g‘ridan to‘g‘ri Isroil va uning harbiy obektlariga hujum qilish zarurligiga ishonadigan toifa o‘rtasida parda ortidagi kurash davom etadi.

Bu vaqtda ayrim manbalar AQSh Bosh razvedka boshqarmasi Eron keyingi 48 soat ichida Isroilga hujum qilishi mumkinligidan ogohlantirgani haqida yozgan.

Eron Livan, Iroq yoki Yamandagi proksi guruhlar orqali emas, o‘z hududidan uchirilgan pilotsiz parvoz qurilmalari galasi va qanotli raketalar bilan Isroil hududidagi strategik obektlarga kombinatsion zarba berishni mo‘ljallamoqda, deb xabar bergan Isroilning 12-telekanali.

Isroil esa Erondan kelayotgan tahdidlar fonida zaxiradagi qo‘shimcha harbiylarni armiyaga chaqira boshlagan. Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant mamlakat shimoliy g‘arbida joylashgan Hayfa shahridagi harbiy mashqlarda qatnashib, mudofaa kuchlari to‘satdan berilgan zarbalarga nechog‘lik tayyorligini tekshiruvdan o‘tkazgan.

‎Agar Isroilga zarba Eron proksilaridan emas, Eron hududidan amalga oshiriladigan bo‘lsa, bu Isroil qurolli kuchlari tomonidan jiddiy javob qaytarilishiga sabab bo‘ladi, deb yozadi Times of Israel. 

Aviazarba oqibatida Eronning Damashqdagi elchixonasi oldidagi konsulligi binosi vayron bo‘lgan

Agar yirik harbiy harakatlar ehtimoli kam bo‘lsa, Eron yana nima qila oladi?

«Biz Eron kibermakondan Isroildan qasos olish uchun foydalanishi mumkinligini istisno qilmaymiz - yoki axborot texnologiyalariga kiberhujumlar uyushtirish, uni ishdan chiqarish, ma’lumotlarni o‘g‘irlash va sizdirish yoki hech bo‘lmaganda operativ texnologiyalarni chalg‘itishga urinish uchun», — deydi BBC bilan suhbatda Isroildagi Kibersiyosat tadqiqotlari instituti vakili Tal Pavel.

«Biz bilamizki, Eron va Isroil o‘rtasida o‘n besh yildan buyon yashirin kiberurush ketmoqda. Shunday ekan, bu holatda bu shunchaki navbatdagi bosqich bo‘lishi mumkin», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Mamlakat qanday chora ko‘rishga qaror qilishi Eron hukumati, jumladan oliy diniy rahnamoga bog‘liq. Hozircha Eron TIV rasmiy vakili Nosir Kananiy Damashq bo‘ylab zarba yo‘llagan «agressorlar»ga qarshi qat’iy javob qaytarish huquqini Tehron o‘zida qoldirishini ma’lum qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: