«Arsenal» - yana peshqadam, Foden Holandni soyada qoldirmoqda. Yevropada kun o‘yinlari 

Sport 11:39 / 04.04.2024 10129

Angliya: Havers o‘sishda davom etmoqda

«Arsenal» — «Luton» 2:0
Gollar:
Edegor (24), Hasioka (44, avtogol). 
«Arsenal» – Rayya, Uayt, Gabriel, Saliba, Zinchenko (Tomiyasu, 74), Parti (Rays, 67), Edegor, Smit-Rou (Jorjinio, 85), Havers (Nketia, 66), Trossar, Nelson (Martinelli, 75).
«Luton» – Kaminski, Hasioka, Menji, Kabore, Oniyedinma (Vudrou, 75), Dauti, Taunsend (Berri, 81), Barkli, Klark, Raddok-Mpanzu (Chong, 53), Morris.
Ogohlantirishlar: Havers (66), Oniyedinma (74).

Hafta o‘rtasidagi o‘yinda Mikel Arteta bu mavsumda kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgan Nelson va Smitu-Roudan tashqari uzoq vaqt jarohatini davolagan va o‘tgan yil avgustidan buyon boshlang‘ich tarkibda tushmagan Partiga ham joy topib berdi. Ganalik futbolchi hali optimal formadan yiroqligi aniq, ammo aynan «Luton» kabi nisbatan kuchsiz jamoalarga qarshi o‘yinlar unga o‘z holatini yaxshilash uchun imkoniyat. Rotatsiya qilingan boshqa futbolchilar o‘ziga bildirilgan ishonchni oqladi, ikkinchi golli hujumda Trossar qanotda tezlik olgan Smit-Rouni o‘z vaqtida to‘p bilan ta’minladi, angliyalik futbolchining uzatmasidan keyin Hashioka Nelsonga qarshilik ko‘rsatishga urinib o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi.

Smit-Rou birinchi golda ham faollik ko‘rsatgandi, aynan u pressingda to‘pni olib qo‘yganidan keyin Edegor Havers bilan devor uslubida o‘ynab, darvozani ishg‘ol qildi. Mavsumning birinchi qismida ko‘pchilik germaniyalik futbolchining vaziyatlardan foydalanishdagi xatolari ustidan kulgandi, ammo u taslim bo‘lmadi va golli harakatlari sonini 12 taga yetkazdi (8+4), bu esa Kayning Angliyaga kelganidan beri eng yaxshi natijasidir. Tanaffusga qadar ikki to‘p farq bilan oldinga chiqib olish «kanonirlar» uchun muvaffaqiyat kafolati edi — ular APLda bunday vaziyatlarda 39 o‘yindan buyon g‘alabani qo‘ldan chiqarmagan. «Shlyapachilar» esa o‘z stadionidan tashqarida katta jasorat ko‘rsatishga qodir emas. «Arsenal» — kamida «Liverpul»ning payshanba kuni «Sheffild»ga qarshi o‘yini yakuniga qadar chempionat peshqadami bo‘lib oldi.

Fodenning het-triki, Rodrining gol va assisti – «Siti»ning muvaffaqiyati ingrediyentlari

«Manchester Siti» — «Aston Villa» 4:1
Gollar:
Rodri (11), Foden (45+1, 62, 69) — Duran (20). 
«Manchester Siti» – Ortega, Lyuis, Ruben Diash, Akanji, Gvardiol, Grilish, Bernardu Silva (Kovachich, 75), Rodri (Mateush Nunesh, 75), Foden (Bobb, 80), Doku (Serxio Gomes, 80), Alvares.
«Aston Villa» – Olsen, Konsa, Diyego Karlos, Langle, Din, Duglas Luis (Chembers, 64), Zaniolo (Kellimen, 77), Iroegbunam (Tilemans, 63), Diabi (Beyli, 63), Rojyers, Duran (Moreno, 71).
Ogohlantirishlar: Grilish (32), Duglas Luis (38), Chembers (90+4).

«Manchester Siti» qatorasiga uchinchi tur o‘yinida qiynaldi, ammo to‘rtinchi o‘rinda kelayotgan hamda birinchi davrada «shaharliklar»ni mag‘lub etgan (1:0) «Aston Villa»ga qarshi o‘yin yengil kechishi kutilmayotgandi ham (jamoaning oldingi ikki o‘yini ham kuchli to‘rtlik vakillari «Liverpul» va «Arsenal»ga qarshi kechib, 1:1 hamda 0:0 qarshi kechgandi). O‘yin mezbonlar uchun oson boshlandi — Dokuning uzatmasidan keyin markaziy forvard pozitsiyasida paydo bo‘lgan Rodri hisobni ochdi. Ispaniyalik tayanch yarimhimoyachisi uchun bu mavsumdagi sakkizinchi gol va u samaradorlik bo‘yicha o‘z rekordini o‘rnatdi.

Ammo birminghemliklar o‘z tarkibidagi yoshlar hisobiga javob qaytara olishdi. Rodjyers bilan «devor» uslubida o‘ynagan Dyuran yaqin burchakni aniq nishonga oldi.

Balki jarohat tufayli o‘ynay olmayotgan Ederson bunday vaziyatda qutqargan bo‘lardi. Ammo Fodenning birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda jarima zarbasidan urgan goli borasida ham shunday fikrni aytish mumkin. Ulsen o‘zi turgan tomonga kelgan zarbani o‘tkazib yubordi. Ushbu darvozabon ikkinchi bo‘limda ham Emiliano Martines qutqarishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarda o‘zini ko‘rsata olmadi.

Fodenni esa shu kuni to‘xtatib bo‘lmadi. Het-trik qayd etgan Fil top-5 ligalarda kamida 20 gol urgan va 10 dan oshiq golli uzatma muallifiga aylangan beshinchi futbolchiga aylandi. Bu kompaniyada yana uch nafar angliyalik futbolchi bor — Keyn, Bellinghem va Uotkins. Ulardan oxirgisidan Unai Emeri bu o‘yinda foydalana olmadi, u va diskvalifikatsiyaga uchragan Makginning yo‘qligi bilindi. Ularni almashtirish qiyin, Hosep Gvardiola esa Foden bunday formadaligida Holandni zaxira o‘rindig‘ida qoldira oladi. «Siti» ham chempionlik poygasida kurashni davom ettiradi.

32-turda chempionlik poygasidagi uch jamoa ham safarda o‘ynaydi. «Siti» – «Kristal Pelas»ga qarshi, «Arsenal» va «Liverpul»da nisbatan qiyinroq raqiblar – «Brayton» va «Manchester Yunayted».

Germaniya: Leverkuzenning yangi rekordi

«Bayyer» — «Fortuna» 4:0
Gollar:
Frimpong (7), Adli (20), Virts (35, 60 penalti).
«Bayyer» – Kovarj, Frimpong, Ta, Tapsoba, Stanishich, Grimaldo (Inkapie, 71), Jaka (Kossunu, 78), Andrix, Virts (Hofmann, 65), Adli (Tella, 65), Shik (Bonifase, 66).
«Fortuna» – Kastenmayyer, Tsimmermann (Vermey, 85), Hoffmann (Kuarshi, 46), Zibert, Oberdorf, Youhannesson, Engelhardt, Klaus (Zobottka, 46), Iyoa (Yasshembski, 76), Tsolis, Mustafa (Nemets, 65).
Ogohlantirish: Tsolis (37).

Seshanba kuni uchinchi divizionning o‘rtamiyona vakili «Saarbryuken» klubining kubokdagi ertagi yakunlangandi. Ushbu jamoa «Bavariya» (2:1), «Ayntraxt» (2:0) va Menhengladbahning «Borussiya» klublarini (2:1) turnirdan chiqarib yuborgandi, ammo ikkinchi bundesligani tark etish yoqasida turgan «Kayzerslautern»ga qarshi chora topa olmadi (0:2). Bir kun keyin esa «Bayyer» kutilganidek ikkinchi finalchiga aylandi.

«Fortuna»ning tor-mor etilishi o‘ng qanot himoyachisi Frimpongning mavsumdagi 12-goli bilan boshlandi. Ushbu niderlandiyalik hozirda oldingi ikki mavsumda urgan gollari soniga teng gol urib ulgurdi, ammo haligacha yulduz sifatida qaralmayapti. Buni milliy jamoada nafaqat Dyumfris, balki Tezedan keyingi o‘rindagi zaxira varianti hisoblanishidan ham ko‘rish mumkin. Shu kunlarda «Real»ga yaqin bo‘lgan insayderlardan biri madridliklar Frimpongni kuzatayotgani haqida xabar tarqatdi, ammo skautlar ushbu lateralning hujumdagi faolligini qadrlash bilan birga, himoyadagi harakatlarini shubha ostiga olmoqda.

Bu jamoada Virsning harakatlari ham alohida mavzu. «Aspirinchilar»ning asosiy yetakchi futbolchisi navbatdagi benefisini o‘tkazib, Adliga assistentlik qildi hamda o‘zi ikkita gol urdi. Bonifasening zaxiradan maydonga tushishi ham e’tiborga molik voqea bo‘ldi. Nigeriyalik mergan Afrika kubogi arafasidagi yig‘inda jarohat olgandi va shu oqshom dekabrdan buyon ilk bor maydonga tushdi. «Bayyer»ning mavsumning birinchi qismidagi muvaffaqiyatlarida uning hissasi katta bo‘lgandi. Leverkuzenliklar Bonifasening ham sa’y-harakatlari evaziga mavsumdagi 35-g‘alabasiga erishib, klub rekordini takrorladi. Buning uchun 40 o‘yin yetarli bo‘ldi, 22 yil oldingi natijaga erishish uchun esa 60 o‘yin o‘tkazishga to‘g‘ri kelgandi.

Fransiya: Mbappe Mandandaga qarshi

«PSJ» — «Renn» 1:0
Gol:
Mbappe (40). 
Aniq ijro etilmagan penalti: Mbappe (37).
«PSJ» – Donnarumma, Hakimi, Markinos (Danilu Pereyra, 75), Ernandes, Mendesh (Shkrinyar, 75), Li Kan In (Kolo-Muani, 84), Fabian Ruis, Vitinya, Zair-Emeri (Ugarte, 76), Dembele (Asensio, 76), Mbappe.
«Renn» – Mandanda, Due (Seydu, 56), Teate, Omari, Tryuffer, Burijo, Santamariya (Le Fe, 75), Blas (Terre, 56), Due (Rider, 82), Guiri (Sala, 82), Kalimuendo.
Ogohlantirishlar: Dembele (69), Seydu (81).

«PSJ» Fransiya Kubogi finaliga chiqib, u yerda «Lion» bilan o‘ynaydigan bo‘ldi, «Renn»ga qarshi o‘yin esa Mbappe hamda tajribali Mandanda dueliga aylandi. Avvaliga 39 yoshli darvozabon hujumchining xavfli zarbasidan keyin to‘pni to‘sin tomon yo‘naltirdi. Keyin esa Kilian ijrosidagi penaltini ham qaytardi. Ammo parijliklar sardori rikoshet orqali uni baribir dog‘da qoldirdi. Bu  esa «PSJ»rekord darajada yigirmanchi finalga chiqishiga imkon berdi, bu orqali jamoa azaliy raqibi «Marsel»ni ortda qoldirdi.

Kun statistikasi

  • «Utreht» yarimhimoyachisi Toornstra XXI asrda Niderlandiya chempionatida uzoq masofadan kamida 25 ta gol urgan 5-futbolchi bo‘ldi.
  • «Manchester Siti» «Aston Villa»ni o‘z maydonida qatorasiga 14 o‘yinda mag‘lub etdi.
  • «Manchester Siti» yarimhimoyachisi Rodri klub safidagi mag‘lubiyatsiz seriyasi 63 o‘yin va 423 kunni tashkil etmoqda.
Ko‘proq yangiliklar: