Prezident Yangi Toshkent shahrida bir qancha obektlar qurilishini boshlab berdi 

O‘zbekiston 23:04 / 03.04.2024 11626

3 aprel kuni Yangi Toshkent shahrida ilk inshootlar qurilishini boshlash marosimi bo‘ldi. Tadbirda prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, bu tarixiy voqea ekanini ta’kidladi. 

– Bugun «Yangi O‘zbekiston» universiteti va Toshkent davlat pedagogika universitetining kampuslari, Milliy kutubxona, Milliy teatr, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi, ijod maktabi hamda Milliy maqom markaziga tamal toshi qo‘yamiz. Yangi shahar qurilishi ilm-fan, ma’naviyat maskanlaridan boshlanayotgani bejiz emas. Bular ma’rifatli jamiyat barpo etish g‘oyamizning asosi va namunasi bo‘ladi, – dedi davlat rahbari. 

Qayd qilinishicha, birinchilar qatorida Toshkent davlat pedagogika universitetining yangi kampusi barpo etiladi. U 20 ming talabaga mo‘ljallangan o‘quv binolari, 5 ming o‘rinli yotoqxona, 300 o‘rinli bog‘cha, 616 o‘rinli maktab, 588 o‘rinli akademik litsey, zamonaviy sport kompleksi, madaniyat saroyi, amfiteatr va boshqa obektlarni o‘z ichiga oladi. Yuqori reytingli xorij oliygohlari tajribasi asosida «bog‘cha – maktab – universitet» yaxlitligidagi innovatsion pedagogik klaster tashkil etiladi. 

«Yangi O‘zbekiston» universiteti yurtimizdagi eng nufuzli oliygoh bo‘lib, unda muhandislik, boshqaruv, axborot texnologiyalari, agrotexnologiyalar, gumanitar va tabiiy fanlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. 

Shaharda mazkur universitet uchun ham zamonaviy kampus quriladi. Xususan, bu yerda 10 ming talabaga mo‘ljallangan o‘quv binolari, 1 ming 150 o‘rinli oshxona, kutubxona va ixcham muzey, sport majmuasi, olimpiya suzish havzasi barpo etiladi. Shuningdek, talabalar uchun 2 ming o‘rinli yotoqxona, professor-o‘qituvchilarga 286 o‘rinli turar joy qurib beriladi. 

Navbatdagi loyiha – O‘zbekiston Milliy kutubxonasi uchun yangi majmua. Bu yerda kutubxona fondida saqlanayotgan 10 milliondan ortiq adabiyotlarni munosib saqlash va bir paytning o‘zida 1 ming 420 nafar kitobxonga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Uning mumiy maydoni 30 ming metr kvadratni tashkil qiladi. 

Teatr san’ati xalq ma’naviyati, yoshlar tarbiyasi bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois Yangi Toshkentda xalqaro talablar asosida Milliy teatrning muhtasham binosi barpo etiladi. Unda san’atkorlar uchun ham, tomoshabinlar uchun ham har jihatdan qulay sharoitlar yaratiladi. Kelgusida u yurtimizdagi barcha teatrlar uchun o‘ziga xos ijodiy laboratoriya vazifasini bajaradi. 

Shaharda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy tadqiqot markazi, ijod maktabi, Adabiyot muzeyi va Milliy maqom markazini jamlagan o‘ziga xos ma’naviyat majmuasi ham qad rostlaydi. 

Davlat rahbari bu majmualarning imkoniyatlari va ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi. 

– Bugun poydevori qo‘yilayotgan maskanlar ko‘p yillar xalqimiz ma’naviyatini boyitish, yoshlarimizni har tomonlama yetuk va barkamol insonlar etib tarbiyalashga xizmat qiladi. Yangi Toshkent shahrining nafaqat yurtimiz, balki mintaqamizda ham chinakam ilm-ma’rifat va madaniyat markaziga aylanishiga katta hissa qo‘shadi, deb ishonaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Prezident ramziy tugmani bosib, binolar qurilishini boshlab berdi.

Ko‘proq yangiliklar: