«Kamarni yutishdan ko‘ra uni himoya qilish qiyinroq» - Isroil Madrimov bilan intervyu

Sport 19:59 / 03.04.2024 9248

— Uzoq kutilgan chempionlik kamarini qo‘lga kiritdingiz. Bu yo‘lni qanday bosib o‘tdingiz? 

— Sportchi boshlagan yo‘lida oldiga maqsad qo‘yadi. Menda ham maqsad chempionlik kamarini qo‘lga kiritish edi. 2018 yildan buyon 6 yil davomida shu yo‘lda harakat qildik va kamarni O‘zbekistonga olib keldik. 

— Chempionlik kamari, prezident sovg‘asi va harbiy unvon — qaysi biri ko‘proq hayajonli bo‘ldi? 

— Sportchilar birinchi navbatda xalqaro maydonda vatan bayrog‘ini yuqori ko‘tarishni istaydi. Shu ma’noda O‘zbekiston nomidan chempionlik kamarini qo‘lga kiritishim eng hayajonlisi bo‘ldi. Lekin prezident sovg‘asi ham men uchun kutilmagan bo‘ldi, e’tirofdan xursand bo‘ldik. Shundan so‘ng generalimiz tomonidan mayor unvoni berildi, bu ham quvonchimizga quvonch qo‘shdi. Ichki ishlar xodimi hisoblanaman. Bu tizim — katta struktura, xizmat qilishning o‘zi — bir sharaf. 

— Oldindagi rejalaringiz qanday? 

— Keyingi janglar yana ham og‘ir kechadi. Kamarni yutishdan ko‘ra uni himoya qilish qiyinroq. Himoya qilish bilan birga boshqa kamarlar uchun ham harakat qilamiz. O‘zbekistonga 4 ta kamarni ham olib kelmoqchiman. 

— Chempionlik jangingiz dastlab bekor qilindi. Aslida nima bo‘lgandi? 

— Angliya tomonidan tibbiy ko‘rik o‘tkaziladi. Kichik bir xato tufayli ham jang bo‘lmasligi mumkin, bizda ham xuddi shunday holat bo‘ldi. Tekshiruvda hammaga qo‘llanadigan atamani menga ham yozib yuborishgan ekan. Keyin qayta tekshirtirdik, xato ketgani aniqlandi. 

— Jang uchun gonorar olmadinglarmi? Raqibingiz Magomed Qurbonov shunday dedi. 

— Ikkimizning ham maqsadimiz kamar uchun jang edi, gonorar u qadar muhim emasdi. Lekin tekin ham emasdi, kam miqdorda gonorar bo‘lgan. 

O‘tgan yili sentabr oyidan tayyorgarlik boshlangan. Jang noyabrda bo‘lishi kerak edi. Keyin surilib-surilib oxiri mart oyida to‘xtaldik. Buncha ko‘p vaqt o‘tgandan keyin gonorar muhim emasdi, tezroq jang o‘tishi tarafdori edik. 

— «Ustozingiz» Murodjon Ahmadaliyevning daldasi qanchalik yordam berdi? 

— Murodjon Ahmadaliyevning murabbiyllik qobiliyati bor rostdan ham. Ko‘p sportchilar murabbiylikni eplay olmaydi, lekin Murodjonda bu jihat bor. Menga sekundantlik qilib, ancha dalda bo‘ldi. Ringda o‘zbekcha yangrayotgan ko‘rsatmalar boshqacha ta’sir qiladi. 

— Jang uchun tayyorgarlik qanday kechdi? 

— AQShda 3 mahal mashg‘ulot olib borardik, O‘zbekistonda esa 2 mahal. Aytganimdek, tayyorgarlik yarim yilga cho‘zilib ketdi. Bir jang uchun tayyorgarlik 3 oy, nari borsa, 4 oy bo‘ladi odatda. Yarim yillik mashg‘ulotlar qiynab qo‘yadi, doimiy sport formani ushlash va vaznni bir me’yorda saqlash qiyin. 

Vazn ushlab turish oson bo‘lmaydi, ayniqsa, O‘zbekistonda ekanligingizda. Amerikada diyeta ushlash qiyin bo‘lmagan, atrofdagilar ham shunday edi. O‘zbekistonda esa hamma kuchli ovqatlar yeydi, men esa qilishga majbur bo‘lardim. Bu ruhan oson emas. Yoningizdagilar osh yeyayotganda, qiynalasiz. 

— Bokschining ruhiy holati qanchalik muhim? 

— Jangga ta’sir qiladi. Shu sabab birinchi navbatda ruhiy holatga e’tibor beriladi. Imkon qadar xotirjam muhit yaratamiz, yomon xabarlardan tiyilamiz, har bir narsa ta’sir qilishi mumkin.

— Boksga qanday kirib kelgansiz? 

— Birinchi ustozlarim — Jabborov Quvondik, Kuryazov Bahrom, Ibodullayev Ruslan. Ota-onam ham sportga qiziqishgan. Otam bokschi bo‘lolmagani sabab meni sportga yo‘naltirib, imkoniyat yaratib bergan. Qishloqda o‘sganman, lekin ota-onam ishga ko‘mib tashlamasdan, sport bilan shug‘ullanishimga sharoit qilib berishgan. 

— Boks siz uchun nima? 

— Boks men uchun oilamga yaxshi sharoit yaratib berish vositasi, desam ham bo‘ladi. 

— Faoliyatingizdagi eng noqulay raqib kim bo‘lgan? 

— Uolker. AQShda 12 raund jang qilganmiz. Ochkolar hisobiga g‘alaba qozonganman. 

— Boksdan ketish haqida o‘ylaganmisiz? 

— Afsuslanish bo‘lmagan. Lekin har bir sportchida bo‘lgani qiyinchiliklar o‘tgan. Mag‘lubiyat hammada bo‘ladi, chunki yutqazmagan sportchi g‘oliblik hissini bilishi qiyin. Kattalar sportiga o‘tgan vaqtimda Osiyo chempionatida birinchi jangdayoq yengilganman, og‘riqli bo‘lgan. Ortidan O‘zbekiston chempionatida ham mag‘lubiyatga uchraganman. Faoliyatimdagi eng stressli paytlar edi. Sportni davom ettirishga xohish pasaygan, boksdan ketish xayollari ham bo‘lgan o‘shanda. Lekin murabbiylarim, ota-onam to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishgan va vaziyatdan chiqib ketganman. Murabbiyimiz To‘lqin Qilichev bir hafta o‘tib, boshqa musobaqaga yuborgan. U yerda yuqori vazn toifasida qatnashganman va natijalar yaxshi bo‘lgan. Ko‘p kutmasdan musobaqaga yuborishgani stressdan chiqishimga sabab bo‘lgan. 

— Hobbiyingiz nima? 

— Sportchilar odatda oilasidan uzoqda bo‘ladi, shu sabab boksdan tashqarida ko‘proq oilam bilan vaqt o‘tkazishni istayman. Yoki do‘stlar bilan futbol o‘ynaymiz. 

— Bokschi bo‘lmaganingizda qaysi kasbni tanlardingiz? 

— Bu savolga javob berish qiyin, chunki yoshlikdan sportga qiziqish bo‘lgan, shu sabab boshqa kasb haqida o‘ylab ko‘rmaganman. 

Boksdan tashqari futbol o‘ynashni yaxshi ko‘raman. O‘zi umuman, futbolni ko‘pchilik yaxshi ko‘radi butun dunyoda, shu jumladan, biz ham. 

— Faoliyatini davom ettirayotgan dunyoning va O‘zbekistonning eng yaxshi 3 futbolchisi kim? 

— Ronaldu, Messi va Holand.

O‘zbekistondan Masharipov, Shomurodov va Fayzullayev. 

— Shogirdlaringiz bormi? 

— Shogird olishim va boks maktabim bor-yo‘qligi borada savollar ko‘p beriladi. Hozircha yo‘q, chunki sportchimiz, boshqa tomonlarga chalg‘iy olmaymiz. Qachonki sportchilik faoliyatimni tugatsam, shunda bu borada o‘zimni sinab ko‘rishim mumkin. 

— Necha yoshgacha jang qilmoqchisiz? 

— Sog‘liqqa bog‘liq. Sportchiga, umuman, insonga birinchi navbatda sog‘liq muhim, albatta. Sportchining faoliyatini vaqtida tugatishi ham uning qay darajada professional ekanini ko‘rsatadi. Pasayishni sezsam, faoliyatimni to‘xtatishga harakat qilaman. Sportda jarohatlar ham bo‘ladi. Bu ko‘payib ketsa, sog‘liqqa ziyon. Iloji bo‘lsa, 4 ta kamarni qo‘lga kiritganimdan keyin faoliyatimni tugataman. 

— Parij Olimpiadasida o‘zbek bokschilaridan qanday natija kutyapsiz? 

— Katta natijalar kutyapmiz. Chunki jamoamiz tarkibida tajribali sportchilar yig‘ilgan — Hasanboy Do‘stmatov, Abdumalik Halokov, Ruslan Abdullayev, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev kabilar. 80 kgda yangi sportchimiz To‘rabek Habibullayev, 92 kgda JCh sovrindori Lazizbek Mullajonov, og‘ir vaznda Bahodir Jalolov ham bor. Tarkib juda kuchli. Yaxshi natijalar bo‘ladi, deb o‘ylayman. 

— Yosh sportchilarga qanday maslahatlar berasiz? 

— Faqat mehnat qilishlari kerak, shunda natija bo‘ladi. Mag‘lubiyatlarda va turli qiyin vaziyatlarda sportni tashlab ketmaslik kerak. Ko‘pchilik yoshlar biladiki, harakat qilgan natijaga erishadi. Chunki oxirgi yillarda boks bo‘yicha chempionlarimiz ko‘paydi, raqobat kuchli, har yili yangi chempionlar chiqyapti. Xullas, mehnat qilishsa bo‘lgani. Jahon arenalarida ortida vatan turganini his etib chiqishsin. 

Hasan Yusupov suhbatlashdi,
Tasvirchi va montaj ustasi — Nimozjon Toshpo‘latov

Ko‘proq yangiliklar: