Xayrullo Bozorov: «Bu yilgi maqsad bitta – chempionlik!»
Superliga yangi mavsumini ketma-ket uch g‘alaba bilan boshlagan va hozirda turnir jadvali peshqadami bo‘lib turgan «Neftchi»ning muvaffaqiyatlarida Xayrullo Bozorovning hissasi katta.
Farg‘ona viloyati hokimi so‘nggi 4 yildan buyon o‘z an’analariga ega klubga katta e’tibor qaratmoqda. Bozorov tanishtiruv marosimida 2024 yilda jamoa oldiga ilk marta chempionlik vazifasi qo‘yilgani va buning uchun barcha sharoitlar yaratilganini ma’lum qildi.
«Bu yilgi maqsad bitta, bu ham bo‘lsa faqat – chempionlik! Bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko va jamoamizga ishonaman. Mavsumga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rildi, tarkib kuchaytirildi. Mavsum yakunida sizlar bilan jamoamizni quchoq ochib, chempionlik bilan tabriklash nasib qilsin», - dedi Xayrullo Bozorov futbolchilarning taqdimot marosimida.
«Chempion bo‘lish vaqti keldi» – Namangan viloyati hokimi yangi mavsum shiorini belgiladi
«Navbahor» klubining so‘nggi yillardagi muvaffaqiyatida Namangan viloyati hokimi va jamoaning birinchi raqamli ishqibozi Shavkat Abdurazzoqovning hissa katta bo‘lmoqda. Viloyat rahbari so‘nggi 3 yildan buyon jamoa oldiga chempionlik maqsadini qo‘yib kelayotgan bo‘lsa-da, Samvel Babayan murabbiyligidagi jamoa chempionlik sovrinini Namanganga olib kela olganicha yo‘q. Shunga qaramay, «Navbahor» Osiyo Chempionlar ligasidagi natijalari orqali o‘z nomini Neymar, Benzema singari mashhurlar bilan birga yangrashiga erishdi.
Taqdimot marosimida Namangan viloyat hokimi klub Osiyo Chempionlar Ligasida tarixiy natija qayd etganini ta’kidlab, «Chempion bo‘lish vaqti keldi», deya yangi mavsum shiorini belgiladi. Chempionlikni Toshkentdan Namanganga olib kelish uchun esa Odil Hamrobekov, Farrux Sayfiyev, Siyovush Haqnazariy, Ruslan Jiyanov, Giorgi Nikabadze singari nomdor o‘yinchilar taklif etilganini ma’lum qilgan.
Hokim Qashqadaryo xalqi chempionlikni kutayotganini aytdi, Ro‘ziqul Berdiyev va’da berdi
«Nasaf» jamoasining tanishtiruv marosimida viloyat hokimi Murodjon Azimov, klub bosh homiysi sanalmish «Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi» rahbariyati ishtirok etib, 2024 yilda Qashqadaryo ahli jamoadan faqat va faqat chempionlik kutayotganini ma’lum qildi.
«Qashqadaryo xalqi anchadan buyon sevimli jamoamizning O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritishni orzu qilmoqda. Joriy yilda ushbu orzuni ushalishiga bor kuchimiz bilan harakat qilishimiz kerak. Jamoamiz oldidagi maqsad va vazifalarni bajarish uchun viloyat rahbariyati har qanday yordamni ayamaydi», - deya ta’kidlagan Azimov.
Jamoa nomidan so‘zga chiqqan bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdiyev yil davomida «Nasaf»ni qo‘llab-quvvatlagan barchaga o‘z minnatdorchiligini bildirib, yangi mavsumda jamoa oldiga qo‘yilayotgan maqsad yo‘lida birlashib, viloyat ahli uzoq kutgan chempionlik uchun kurashishga va’da bergan.
«Pulni o‘zi sizni quvsin» – Jahongir Ortiqxo‘jayev «Paxtakor» o‘yinchilariga motivatsiya berdi
Viloyat hokimlari tomonidan «Neftchi», «Navbahor» va «Nasaf» oldiga faqat chempionlik vazifasi qo‘yilganiga amaldagi va ko‘p karra chempion «Paxtakor» klubining rivojlanish strategiyasini o‘zgartirgani ham ta’sir qildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
«Paxtakor» klubining prezidenti sanalmish sobiq Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev «Paxtakor» o‘yinchilari bilan mavsum oldi uchrashuvda klub yangilanayotganini ma’lum qilgan.
«Paxtakor» yangilandi. Sizlarni ko‘rib ko‘zim quvnayapti. 5-6 nafaringizni inobatga olmasa, barchangiz yoshsiz. Bunday imkoniyat har doim ham bo‘lmaydi. Futbolchining sportdagi hayoti qisqa. 2 yil qattiq mehnat qiling, pul sizni o‘zi quvsin. Men sizlar bilan hali katta loyihalarga qo‘l uraman. Endi klubning asosiy strategiyasi yoshlarni Yevropaga shu yerning o‘zidan sotish bo‘ladi. Bu esa milliy jamoamiz uchun ham foyda. Hech qachon maydonda o‘zingizni xafa qildirmang», - deya Ortiqxo‘jayevning so‘zlarini keltirgan klub matbuot xizmati.
Amaldagi chempion jamoa joriy mavsum 4-turidan keyin faqat bir o‘yinda g‘alabaga erishib, 4 ochko bilan Superligada 9-o‘rinni egallab turibdi.
Shuhratbek Abdurahmonovga «Andijon»ning 10-raqamli libosi topshirildi
Superligani yuqori kayfiyatda boshlagan «Andijon» jamoasining taqdimot marosimi ham odatdagidek muxlislar bilan gavjum va ajoyib atmosferada o‘tgan.
Bu safargi tanishtiruv marosimiga Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok eta olmagan bo‘lsa-da, hokim o‘rinbosari Komiljon Komilov so‘zga chiqib, viloyat hokimining jamoaga qaratayotgan e’tiborini alohida e’tirof etgan holda 2024 yilda ham barcha shart-sharoitlar yaratilishini ma’lum qilgan. O‘z o‘rnida «Andijon» klubi sardori Ildar Mamatkazin jamoa nomidan viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovga atalgan futbolchilarning imzosi qo‘yilgan to‘p va 10-raqamli futbolkani hokim o‘rinbosariga topshirgan.
Shuningdek, «Andijon» klubi bosh homiysi – «O‘zAvtoSanoat» AJ rahbariyati nomidan Rustam Mamajonov so‘zga chiqib, klub yangi loyihalarni ko‘zlayotgani va har jihatdan qo‘llab-quvvatlanishini bildirgan.
«Dinamo»ning taqdimot marosimi o‘tkazilmadi
«Dinamo» jamoasi har yili yangi mavsum oldidan taqdimot marosimini o‘tkazar va unda viloyat rahbariyati, homiylar, muxlislar ishtirok etardi. Samarqand jamoasi bir yillik tanaffusdan so‘ng bu yil Superligaga qaytgan bo‘lsa-da, an’anaga ko‘ra viloyat hokimi ishtirokida o‘tadigan mavsum oldi taqdimot marosimi o‘tkazilmadi. Bu debyutant jamoaning mavsumni ketma-ket uch mag‘lubiyat bilan boshlagani yoki ko‘hna shahar jamoasining hamon o‘z stadionida o‘ynamayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Viloyat hokimi «Buxoro» jamoasi oldiga Superligaga qaytish vazifasini qo‘ydi
«Buxoro» klubi ham 2023 yilda alamli tarzda Superligani tark etgan bo‘lsa-da, 2024 yil barchasini boshidan boshladi.
Pro liga yangi mavsumi oldidan «Buxoro» jamoasi taqdimot marosimida Buxoro viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Botir Zaripov va jamoa bosh homiysi – Buxoro neftni qayta ishlash zavodi direktori Akbar Fozilov ishtirok etib, klub oldiga bir yilning o‘zidayoq Superligaga qaytish vazifasi qo‘yildi. Bosh murabbiy Ulug‘bek Baqoyev e’tibor uchun viloyat hokimi va klub homiysiga minnatdorchilik bildirib, jamoa shu yilning o‘zidayoq Superligaga qaytish uchun bor kuch va imkoniyatini ishga solishini ma’lum qildi.
Shuningdek, «Qizilqum» klubi oldiga Navoiy viloyati hokimligi va jamoa bosh homiysi NKMK rahbariyati tomonidan yuqori o‘rinlarni egallash vazifasi qo‘yilgan. Termizning «Surxon» klubi oldiga jamoa xo‘jayini va homiysi Baxtiyor Fozilov va Eriell kompaniyasi tomonidan kamida o‘tgan yilgi natijani (6-o‘rin) yaxshilash maqsad etib qo‘yilgan.