Ukrainada urushning 769-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Tataristonda dronlar Yelabuga va Nijnekamskdagi korxonalarga hujum uyushtirdi. Jabrlanganlar bor.
- «RBK-Ukraina» Tataristonga dronlar hujumi — Ukraina harbiy razvedkasi amaliyoti ekanini ma’lum qilgan.
- RF qo‘shini Ukrainaning Dnipropetrovsk va Kirovograd oblastlariga kamikadze dronlar va X-59 raketalari bilan hujum uyushtirdi.
- Pyotr Verzilov Rossiya armiyasi to‘g‘risidagi «feyk» ishi bo‘yicha sakkiz yilu to‘rt oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
- Rossiyada urush boshidan buyon harbiy komissariatlarga o‘t qo‘yish va temiryo‘llarda diversiya uyushtirishda gumonlangan qariyb 440 kishi «aniqlangan».
- Zelenskiy safarbarlik yoshini 27 dan 25 yoshga tushirish to‘g‘risidagi farmonini imzoladi.
- Rossiya qo‘shini Dnipro bo‘ylab raketa zarbasi yo‘lladi. 18 kishi jarohatlangan.
Tataristonga dronlar hujumi
Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi keng ko‘lamli urush boshidan buyon ilk bor Tataristonning ikki hududida — Yelabuga va Nijnekamskda dronlar hujumi kuzatildi. Bu shaharlar Ukraina bilan chegaradan 1300 kilometr masofada joylashgan. Yelabugada «Alabuga Politex» kolleji yotoqxonasi shikastlangan. Tatariston rasmiylariga ko‘ra, 14 kishi jarohat olgan, ular orasida Qirg‘iziston, Shri-Lanka, Zimbabve, Ruanda, Kongo, Keniya, Nigeriya va Janubiy Sudan fuqarolari bor. Xabarlarga ko‘ra, yotoqxona Rossiya Ukrainaga hujum qilishda foydalanayotgan Shahed tipidagi dronlar yig‘iladigan zavoddan bir necha yuz metr masofada joylashgan. Nijnekamskda dronlar «Taneko» neftni qayta ishlash zavodi hududiga uchib kelgan — bu «Tatneft» kompaniyasi tarkibidagi korxona hisoblanadi. «RBK-Ukraina» manbalari Tataristondagi korxonalarga dronlar hujumi — Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi (GUR) amaliyoti ekanini xabar qilgan.
Chasiv Yar yaqinidagi ukrain kuchlari
Rossiya qo‘shini Donetsk oblastidagi Chasiv Yar shahriga hujum qilishga urinmoqda, ammo shaharga yaqinlashib kelishdan oldin ular ukrainlarning Bogdanovka qishlog‘idagi mudofaa chizig‘idan o‘tishi talab etiladi. Mart oyi oxiri holatiga ko‘ra, ular Bogdanovka qishlog‘ining sharqiy qismini egallagan, ammo g‘arbiy qismida ukrain harbiylari mudofaani ushlab turibdi.
Dnipro o‘qqa tutilishi
Rossiya qo‘shini 2 aprel kuni Dnipro bo‘ylab raketa zarbasi yo‘lladi. 18 kishi jarohatlangan, jumladan besh nafar bola ham, deb xabar bergan oblast ma’muriyati rahbari Sergey Lisak. To‘qqizta ko‘p kvartirali uylar hamda to‘rtta o‘quv binosi, jumladan bolalar bog‘chasi va sport kolleji, o‘nlab avtomobillar shikastlangan.
Donetsk o‘qqa tutilishi oqibatlari
O‘zini o‘zi e’lon qilgan DXR hukumati 2 aprel kuni Donetsk shahriga ukrain harbiylari tomonidan besh bor o‘qqa tutilganini ma’lum qildi. Kun davomida Kiyev, Kirov va Petrov rayonlari yo‘nalishida jami 14 ta snaryad uchirilgan, degan shaharning Rossiya tomonidan tayinlangan rahbari Aleksey Kulemzin.