G‘azoda g‘arblik ko‘ngillilar Isroil aviazarbasi qurboniga aylandi. TsAHAL «fojiali hodisa»ni tekshirmoqda

Jahon 20:51 / 02.04.2024 12842

Zarba vaqtida safida Avstraliya, Britaniya va Polsha fuqarolari, shuningdek AQSh va Kanada fuqaroligiga ega bo‘lgan falastinliklar WCK logotipi o‘rnatilgan ikkita zirhli avtomobilda va yana bir transport vositasida G‘azo sektori bo‘ylab harakatlanayotgandi.

Guruh o‘z harakatlarini Isroil mudofaa armiyasi bilan muvofiqlashtirganiga qaramay, karvon Dayr-al-Balah shahridagi omborxonaga G‘azoga dengiz orqali yetkazilgan 100 tonnadan ortiq oziq-ovqatni tashlab chiqayotganida o‘qqa tutilgan, deyiladi WCK xabarida.

«Bu nafaqat WCK tashkilotiga, balki yegulik urush quroli sifatida foydalanilayotgan eng og‘ir sharoitlarda qolgan gumanitar tashkilotlarga hujumdir», — degan World Central Kitchen ijrochi direktori Erin Gor.

WCK asoschisi Xose Andres uning hamkasblari «TsAHAL aviazarbasi oqibatida» halok bo‘lganini ma’lum qilgan. U WCK tashkilotiga 2010 yilda asos solib, vayronkor zilziladan keyin Haitiga oshpazlar va oziq-ovqat yuborgandi. Andres tvitterdagi sahifasida «g‘amdan ado bo‘lgani» haqida yozib, Isroil hukumatini «kimligiga qarab o‘tirmasdan o‘ldirish»ni bas qilishga chaqirgan.

Isroil mudofaa armiyasi (TsAHAL) mazkur «fojiali hodisa»tafsilotlariga oydinlik kiritish uchun eng yuqori darajada sinchkovlik bilan tekshiruv o‘tkazilayotganini bildirgan.

«TsAHAL insonparvarlik yordamlari xavfsiz yetkazib berilishini ta’minlash uchun katta sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda hamda G‘azo aholisi oziq-ovqat va insonparvarlik yordamlari bilan ta’minlanishida WCK bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda», — deyiladi bayonotda.

HAMAS tomonidan nazorat qilinadigan G‘azo sektori hukumati gumanitar missiya xodimlari o‘ldirilishida Isroilni ayblagan. Harakat ushbu hujum xalqaro gumanitar missiyalar xodimlarini qo‘rqitib qo‘yishga qaratilganini ma’lum qilgan. Zarba aynan qayerdan va qanday yo‘llanganini mustaqil tekshirib bo‘lmaydi.

G‘azo sektorida BBC uchun ishlovchi jurnalist aviazarba berilgan joyda gumanitar tashkilot xodimlari bo‘lgan uch kishi hamda falastinlik haydovchining jasadlarini ko‘rgan. Ijtimoiy tarmoqlarda halok bo‘lganlarning pasportlari suratlari tarqalgan. Keyinroq WCK bayonotida o‘z a’zosi bo‘lgan yetti kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Falastindagi shifokorlardan biri ma’lum qilishicha, World Central Kitchen’ning G‘azo sektorida minglab odamlarni yegulik bilan ta’minlab kelgan xodimlari WCK logotipi aks etgan zirhli nimchalarda bo‘lganini ma’lum qilgan.

«Biz — World Central Kitchen va butun dunyo — bugun TsAHALning maqsadli hujumi tufayli ajoyib odamlarni yo‘qotganimizdan yuragim ezilmoqda», — degan Gor. WCK rahbari tashkilot ushbu mintaqadagi faoliyatini zudlik bilan to‘xtatishini qo‘shimcha qilgan.

World Central Kitchen urush davrida G‘azoda faoliyat olib borayotgan asosiy gumanitar tashkilotlardan biri edi. Harbiy harakatlar boshlanganidan buyon WCK 32 million porsiyadan ortiq yegulik tarqatgan.

Xalqaro tashkilotlar baholariga ko‘ra,  G‘azo sektorining 300 ming aholisi yaqin vaqtlar ichida ochlikka duchor bo‘lishi mumkin.

Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze gumanitar tashkilot xodimi bo‘lgan 44 yoshli Lalzavmi «Zomi» Frankkom G‘azoda aviazarba qurboni bo‘lganini tasdiqlagan. U o‘z hukumati aybdorlarni javobgarlikka tortish talabi bilan Isroil hukumatiga aloqaga chiqqanini xabar qilgan.

«Bu hech qachon ro‘y bermasligi kerak bo‘lgan fojia, bunday bo‘lishiga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi va Avstraliya aybdorlar tegishli jazosini olishi uchun harakat qiladi», — degan Avstraliya bosh vaziri matbuot anjumanida.

Albaneze tinch aholi vakillari hamda gumanitar tashkilotlar xodimlari muhofazaga muhtojligini ta’kidlab, G‘azo sektorida doimiy o‘t ochishni to‘xtatishga hamda insonparvarlik yordami hajmini oshirishga chaqirgan.

Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Edriyen Uotson AQSh gumanitar tashkilot xodimlari o‘limiga olib kelgan zarbadan chuqur tashvishda ekanini ma’lum qilgan. «Biz Isroilni ro‘y bergan hodisani zudlik bilan tekshirishga chaqiramiz», — degan Uotson.

Ko‘proq yangiliklar: