CNN: Hakerlar Rossiya jazoni ijro etish xizmatidan mahbuslar haqidagi ma’lumotni o‘g‘irladi

Jahon 13:40 / 02.04.2024 3732

«Kremlga qarshi» hakerlar guruhi Federal jazoni ijro etish xizmati kompyuter tizimini buzib, Rossiya koloniyalaridagi yuz minglab mahbuslar haqidagi ma’lumotlarni qo‘lga kiritdi, deb xabar berdi CNN 1 aprel, dushanba kuni kiberhujum ishtirokchilari ma’lumotlariga tayanib.

CNN bilan suhbatda hakerlardan biri Rossiya koloniyalaridagi 800 mingga yaqin mahbuslar, shu jumladan siyosatchi Aleksey Navalniy vafot etgan Xarpdagi IK-3 haqidagi ma’lumotlar bazasini yuklab olishga muvaffaq bo‘lganini aytdi. Ma’lumotlar bazasida mahbuslar va ular yaqinlarining telefon raqamlari, elektron pochta manzillari mavjud, deya aniqlik kiritadi CNN. Telekanalning tasodifiy tekshiruvi ma’lumotlar bazasi haqiqatga mos kelishini ko‘rsatdi. 

Hakerlar «FSIN» pudratchilarining veb-saytlarini ham buzib kirgan, ulardan birida Navalniy va uning rafiqasi Yuliyaning surati joylashtirilgan. Mahbuslar uchun onlayn-do‘konda hakerlar barcha tovarlar narxini bir rublgacha pasaytirib qo‘ydi. 

Navalniyning o‘limi uchun qasos sifatida buzib kirish

«FSIN» tizimini buzib kirish Navalniyning o‘limidan bir necha kun o‘tgach sodir bo‘ldi. Hakerlar siyosatchining o‘limi uchun shu yo‘l bilan qasos olmoqchi ekanini aytdi va o‘z murojaatini «FSIN» pudratchisi saytlaridan birida chop etdi. «Biz - bugungi Rossiyani tark etgan aytichilarmiz. Biz o‘z vatanimizni sevamiz va u rejimdan ozod bo‘lganda qaytamiz. Va bu yo‘lda oxirigacha boramiz. Yashasin, ozod Rossiya. Aleksey Navalniy xotirasi uchun», - deb yozgan hakerlar saytda.

CNN nashriga javoban, Federal jazoni ijro etish xizmatiga yaqin bo‘lgan TASS manbasi departament tizimlari va ma’lumotlar bazasini buzish faktlari qayd etilmaganini aytdi. CNN Federal jazoni ijro etish xizmatini buzib kirgan hakerlar guruhi nomini keltirmadi. Uning ishtirokchilari telekanal bilan suhbatda turli davlatlardan, jumladan, Rossiya va Ukrainadan ekanini da’vo qilmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: