Buxoroda avtobus haydovchilari qoidalarni buzishda davom etyapti

O‘zbekiston 16:45 / 31.03.2024 16592

Buxoroda ikki nafar avtobus haydovchisi qoidalarni qo‘pol tarzda buzib, svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan. Holat boshqa mashinalardagi kuzatuv kameralariga yozib qolingan. Bu haqda viloyat IIB YHXB xabar bermoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda AZIA STAR rusumli 01 540 VGA hamda Isuzu rusumli 80 206 ABA davlat raqam belgili avtobuslarning haydovchilari Buxoro shahrida svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangani qayd etilgan tasvirlar tarqaldi.

Tasvirlarda har ikkala avtobus svetoforning qizil chirog‘ida boshqa transport vositalari to‘xtab turgan paytda o‘tib ketgani ko‘rinadi. Shuningdek, ularning biri piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan odamni urib yuborishiga bir baxya qolgan.

Videotasvirlar yuzasidan Buxoro viloyati IIB JXX YHXB xodimlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilib, qoidalarni chetlab o‘tgan haydovchilarga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rilgan.

Qoidabuzarlikka befarq bo‘lmagan jamoatchilik nazorati vakillariga minnatdorchilik bildiramiz. Barcha haydovchilardan, ayniqsa, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi haydovchilardan yo‘llarda qoidalarga rioya etgan holda harakatlanishlarini so‘raymiz”, deyiladi xabarda.

Avvalroq, 2024 yil 18 mart kuni soat 10:30 atrofida Buxoro viloyati Kogon tumanida tartibga solingan chorrahada avtobus va yuk avtomobili o‘zaro to‘qnashgandi.

Oqibatda bir o‘quvchi hodisa joyida, yana biri shifoxonada vafot etgan, 25 nafar o‘quvchiga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgandi.

Hodisa tafsilotlariga ko‘ra, avtobus 5-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi o‘quvchilarini Buxoro shahridagi drama teatriga olib borayotgan bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda hodisa tafsiloti tasvirlangan video paydo bo‘ldi. Unda avtobus haydovchisi svetofor ishlamayotgan chorrahaga ikkinchi darajali yo‘ldan juda katta tezlikda harakatlanib kelib, yuk mashinasiga urilganini ko‘rish mumkin.

P.S: Aftidan, Buxoroda sodir bo‘lgan o‘sha fojiali hodisadan avtobus haydovchilari yetarli xulosa chiqarmagan ko‘rinadi. Aks holda haydovchilar o‘zlarining va boshqalarning hayotiga xavf solib bunday holda harakatlanmasdi.

Ko‘proq yangiliklar: