Moskvadagi teraktdan keyin, “Adolatli Rossiya – Haqiqat uchun” partiyasi raisi Sergey Mironov Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza rejimini joriy qilish kerakligini aytib chiqdi. Kun.uz suhbatlashgan siyosiy tahlilchilar bu og‘zaki ritorikadan boshqa narsa emasligi, Rossiya iqtisodiyotining migrantlarga bog‘liqligi uzoq istiqbolda ham faqat oshib borishini ta’kidladi.
— Rossiya ichki siyosatidagi muammolarni migrantlar bilan bog‘lash qanchalik asosli?
Alouddin Komilov, Progressiv islohotlar mazkazi eksperti: — Rossiya ichki siyosatiga nazar tashlash kerak. Ukraina urushi fonida Rossiyadagi millatchi, ultramillatchilarning ahamiyati, noroziligi ortib boryapti va og‘ir vaziyatlarni migrantlar bilan bog‘lashga harakat qilyapti. Bu esa o‘zining ta’sirini ko‘rsatyapti.
Muxtor Nazirov, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori: — Rossiyadagi ijtimoiy, siyosiy jarayonlarga qarasak. O‘tgan haftadagi teraktning yuzi migrantlar bo‘ldi, hamma joyda: OAVda, propaganda ma’lumotlarida migrantlar ko‘p tilga olindi. Migrantlar masalasi qaror qabul qiluvchilar doirasida emas, ko‘proq parlament muhokamalarida, jamoatchilikka ta’siri bor shaxslar tomonidan tilga olinyapti va migrantlarga nisbatan bosimlar ortib borayotganini ham ko‘rish mumkin.
Bu jarayonlar tashqaridan qaraganda maqsadliga ham o‘xshaydi. Boshqa tomondan bu masala jamoatchilikni chalg‘itish uchun ham bo‘lishi mumkin. Viza bilan bog‘liq masalalar ko‘tarilgani bilan amaliy holatga o‘tgani yo‘q bu, avvaldan bor bunday chaqiriqlar.
Kamoliddin Rabbimov, siyosiy tahlilchi: — Dunyo davlatlarining, Rossiyaning keyingi 15-20 yildagi tajribasiga qarasak, har safar kuchli ijtimoiy, iqtisodiy yoki siyosiy inqiroz bo‘lganida tashqi tahdid xavfi omili bilan jamiyatni birlashtirishni kuzatish mumkin. Misol uchun, 2017 yilda ham teraktlar bo‘lgandi, 2000-yillardagi teraktlarda esa Kavkazdagi separatizm, musulmon xalqlarining o‘zligiga qarshi turishimiz kerak, degan masala qo‘yilgandi jamiyat oldiga.
Rossiya o‘zini imperiya sifatida biladi, yaqinda Medvedevning yoshlar bilan uchrashuvidagi fikrlarida ham buni ko‘rdik. Lekin Rossiyaning o‘zida millatchilik, shovinizm kuchli. Teraktdan keyin Rossiyada yangi konsolidatsiya kuzatilyapti, asosiy tahdid sifatida etnik tojik bo‘lgan shaxslarga sud bo‘lmasidan oldin qiynoqlar qilinyapti va buni ochiqchasiga ko‘rsatyapti. Dunyo davlatlarida bunday bo‘lmaydi, bo‘lsa ham, yashiriladi. Rossiya esa yashirmayapti, tarqatyapti ham. Tabiiy ravishda jamiyatda ham migrantlarga nisbatan nafrat shakllanyapti.
— Vizalar joriy etilishi MO davlatlarining Rossiya bilan iqtisodiy va diplomatik munosabatlariga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Alouddin Komilov: — Sanksiyalar sabab Rossiya iqtisodiyoti og‘ir ahvolda turibdi. Bunday vaziyatda Rossiya Markaziy Osiyodan boruvchi arzon mehnat muhojirlaridan voz kecholmaydi, deb o‘ylayman. Agar shunday qilsa, katta iqtisodiy zararlarga olib keladi. Putin bayonotida ham millatlarga urg‘u bermadi. Lekin uning hukumatiga ham millatchilar tomonidan ma’lum darajada bosim bor, bunday holatda hukumat oldida katta tanlov turadi. Millatchilarning o‘zini qattiq nazorat qilmoqchi bo‘lsa, battar birlashib Kremlning o‘ziga xavf bo‘lishi mumkin, shuning uchun Ukraina urushi fonida millatchilarning bosimini ma’lum bir darajada qabul qiladi. Lekin viza tizimi bo‘lishiga asos yo‘q deb o‘ylayman.
Muxtor Nazirov: — Rossiyada millatchi, o‘ng kayfiyatdagi guruhlar ko‘p emas u darajada. Rossiya hukumati kerak paytda ularni tiyib turoladi, chegaradan o‘tgan payt shunday qilganini ko‘p ko‘rganmiz. Lekin viza tizimi joriy qilinishi bo‘lmasa kerak deb o‘ylayman. Chunki Rossiya ham, Markaziy Osiyo davlatlari ham bundan manfaatdor. Shunday qilsa ham, ularning o‘rnini qanday to‘ldiradi, mahalliy aholi ular qilayotgan ishni qilishadimi, degan masalalar bor. Migrantlar faqat qurilish sohasida emas, turli sohalarda mehnat qiladi, shuning uchun ularning o‘rnini to‘ldirish imkonsiz. Bunday masalalar xalqni tinchlantirish uchun ritorik tarzda aytilgan bo‘lishi mumkin.
Rossiyaning milliy manfaatlariga ham to‘g‘ri kelmaydi. Chunki G‘arb bilan raqobat sharoitida iqtisodiy tang holatlarga tushyapti va Markaziy Osiyo davlatlari, migrantlar hisobiga kompensatsiya bo‘lyapti ko‘p narsalar. Agar bu tarafni ham cheklasa, Rossiyaning ta’siri ham yo‘qoladi, ikki tomon davlatlari ham manfaatdor bo‘lmaydi.
— MO davlatlarining Rossiya ta’siridan chiqish uchun bir imkoniyat sifatida qabul qilsak-chi?
Kamoliddin Rabbimov: — Rossiya demografik jihatdan so‘nayotgan davlat deyiladi. Putin hokimiyatga kelgach, demokrafik qisqarishning oldini olish uchun bir qancha loyihalar amalga oshirilmoqda. Lekin shunday bo‘lsa-da, yillik qisqarish 400-500 mingni tashkil etmoqda, Putin hokimiyatga kelganda 750-800 ming edi.
Ikkinchi tomondan Rossiyada ishchi kuchiga juda katta ehtiyoj bor. Rossiya rasmiylarining ma’lum qilishicha, 1 yilda Rossiyaga 1 mln ishchi kuchi yetishmaydi va bu borgan sari oshib boradi. Rossiyaning g‘arbiy qismida 130 mln aholi bor, Uraldan sharqda esa 20-30 mln, bu juda katta bo‘shliq degani. Hukumat bu bo‘shliqni yaxshi his qiladi.
Rossiyaga o‘z fuqarolarini ishlatish ancha qimmatga tushadi: ko‘proq ish haqi so‘raydi, pensiyaga chiqishi kerak, ijtimoiy himoya, sug‘urta va boshqa xarajatlar bor. Ba’zi ishlarda esa rossiyaliklar ishlamaydi ham. Bundan buyog‘iga ham migrantlarga ehtiyoj oshib borishi mumkin, lekin pasaymaydi. Rossiyada possovet hududi davlatlari fuqarolariga Rossiya fuqaroligini olish oson, vatandosh sifatida ko‘rish prinsipi bor qonunchilikda. Borgan sari possovet hududiga nisbatan demografik ehtiyoji oshib boraveradi Rossiyaning.
Mironovning viza kiritish taklifi birinchi marta bo‘layotgani yo‘q, bu narsa uning partiyasi dasturiga kirgan, lekin Rossiya rasmiy hukumati bu narsani aytmaydi. Markaziy Osiyoga nisbatan viza tizimini joriy qilish Rossiyaning possovet hududidagi ta’sirini ham yo‘qotadi.
Muxtor Nazirov: — Migrantlar katta soliq ham to‘laydi, hozirgi iqtisodiy tanglik paytida ko‘plab sohalarni yopyapti ham. Migrantlar ishlamasa, kommunal xizmatlar ishlmaydi, Moskva ko‘chalari chiqindiga to‘lib ketadi, bozorlar, xizmat ko‘rsatish sohalari to‘xtab qoladi. Shu sabab bu bayonotlarda asos yo‘q deb o‘ylayman.
Alouddin Komilov: — Migrantlar uchun boshqa davlatlarga borish varianti ham bor. Markazimiz Rossiyadan kelgan migrantlarimizni boshqa davlatlarga yuborish borasida ham ishlayapti. Filippin tajribasini o‘rganib chiqdik. U yerda yiliga 950 ming hamshira tayyorlanib, 450 mingi chet elga yuborilar ekan, shundan 150 mingi AQShga yuboriladi. Katta iqtisodiy foyda olib keladi davlatga. Filippinda migrantlari rivojlangan davlatlarga yuborish institutsionallashgan, davlat dasturi bor, shu bo‘yicha ishlar olib boriladi. Ikkinchidan, ta’lim tizimida mehnat bozori talabiga ko‘ra kadrlar yetishtirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
— Filippin kabi “migrant yetkazib beruvchi” boshqa davlatlarning tajribasi qanday?
Alouddin Komilov: — Filippin vaqtida AQSh koloniyasi bo‘lgan, shu sabab u yerda ingliz tilini bilish darajasi juda yaxshi. Bundan tashqari, u yerda anglosakson davlatlarining ta’lim tizimi joriy qilingan. Migrantlar tayyorlash bilan birga axloqiy me’yorlar ham o‘rgatiladi. Hamshiralar tayyorlash, ularning litsenziya olishi davlat tomonidan nazorat qilinib, shaffoflik ta’minlangan.
Masalan, Koreyada ham noqonuniy mehnat qilayotgan migrantlar bor, hukumat ham bundan manfaatdor qaysidir ma’noda. Lekin bunday migrantlar soni oshib ketganda deport qilinib turiladi, reydlar o‘tkazilib. Noqonuniy migrantlarga ijtimoiy himoya va boshqa kafolatlar bo‘lmaydi, bu esa iqtisodiyotga, ayniqsa tadbirkorlarga foyda bo‘ladi.
Muxtor Nazirov: — Tayvan tajribasini o‘rganganman. Bu davlat iqtisodiyotning bir sohasiga ixtisoslashgan. Ular o‘zining kuchli tomonini aniqlab olib, shu sohaga maqsadli ravishda tayyorgarlik ko‘rgan. O‘zbekistonda bu jarayon ketyapti. Yangi avlod mehnat muhojirlarimiz faqat qurilish va shu kabi ishlarda emas, balki turli sohalarda ishlayapti. Ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, tibbiy xizmat ko‘rsatish kabi sohalarga ham kirib borilyapti. Ko‘p rivojlangan davlatlarda bunday xizmatlar migrantlar tomonidan amalga oshiriladi, shu sabab bunga ham e’tibor qaratish kerak. Sohalar va geografik nuqtai nazardan kengaytirish lozim doirani. Shunda migrantlar masalasi siyosiy bosim vositasi bo‘lib qolmaydi.
Kamoliddin Rabbimov: — Ma’lumotlarga yeo‘ra, Rossiyada 1,5-2 mlnlik mehnat muhojirlarimiz bor. Bu katta raqamlar, biror davlat bu darajada ko‘p migrantlarni birdan qabul qilolmaydi. Bunday katta o‘zgarishlar tezda bo‘lmaydi, hozir tashkilotlarimiz migrantlarimizni Kanada, Janubiy Koreya va boshqa davlatlarga yuborish ustida ishlayapti. Lekin Rossiyadan uzilish osonlikcha bo‘lmaydi. 21-asrda eng katta defitsitlardan biri ishchi kuchi bo‘ladi, ma’lum muddatdan so‘ng demografik o‘sish bo‘lmaydi endi. Masalan, asr so‘ngida Xitoy aholisining 2 barobar qisqarishi prognoz qilinadi. Yaponiyada ham, Rossiyada ham va boshqa davlatlarda ham qisqarish bo‘ladi. Shu fonda O‘zbekiston davlatchiligi malakali xizmat ko‘rsatuvchi sektorini shakllantirish kerak bo‘ladi, bu haqida gapirilyapti hukumat tomonidan.
Bugungi Rossiya bilan muammolar davlat bilan emas, Kremldagi siyosiy tuzum bilan. Keyinchalik vaziyat yaxshilanishi mumkin. So‘nggi bir yarim asrdagi Rossiya bilan bog‘liqligimiz saqlanib qolaveradi deb o‘ylayman, agar Rossiya tomonidan katta bir provokatsiyalar bo‘lmasa.
Alouddin Komilov: — Urush fonida Rossiya jamiyatida ham katta transformatsiya ketyapti. Bunday vaziyatda millatchilarning ta’siri ortib boradi deb o‘ylayman. Kremlda hokimiyat o‘zgaradi, lekin yanada millatchi bo‘lgan kuchlar kelishi mumkin, chunki ularning bosimi ham oshib boryapti. Shu sabab biz bunday vaziyatda yaqin, o‘rta va uzoq muddatli chora-tadbirlar ko‘rishimiz kerak bo‘ladi. Umuman, ta’lim tizimi bilan ham kompleks choralar bo‘lishi, yo‘naltirish ishlari bo‘lishi kerak.
Tarixdan ma’lumki, bitta davlatga bog‘lanib qolish katta siyosiy bosimlar olib kelgan, ichki va tashqi siyosatga ta’sir ko‘rsatishga urinishlar bo‘lgan.
Muxtor Nazirov: — Kelajakda Rossiya hokimiyatiga millatchi kuchlar kelsa ham, hokimiyatga kelgach, ularning ritorikasi o‘zgaradi, davlat va jamiyat manfaatlaridan kelib chiqib qaror qilishiga to‘g‘ri keladi. Qo‘shni davlatlarda ham migrantlarni boshqa davlatlarga yo‘naltirish ishlari boshlangan. Lekin faqat hukumat tomonidan migrantlarni yo‘naltirish, ya’ni jarayonni markazlashtirish bo‘lsa, ancha sekinlashadi deb o‘ylayman. Migratsiya jarayonini ham hukumat boshlamagan o‘z vaqtida, odamlarning o‘zi ketgan. Hozir ham turli davlatlarda mehnat muhojirlarimiz bor. Migratsiya jarayonini markazlashtirmagan holda olib borish maqsadga muvofiq bo‘ladi deb hisoblayman.
Alouddin Komilov: — Yuqoridagi fikrlarga qo‘shilaman. Kompleks dastur deyilganda faqat davlat tomonidan bo‘lishini nazarda tutmadim, turli tashkilotlarga ham erkinlik berilishi, bozor tamoyillari asosida amalga oshirilishi kerak. Faqatgina davlat tomonidan bo‘ladigan bo‘lsa, natija tushib ketib, sekinlashishi mumkin, byurokratik to‘siqlar yuzaga kelishi mumkin. Turli tashkilotlarga, o‘zlari yo‘l topayotgan fuqarolarga ham sharoit yaratish lozim.
Muxtor Nazirov: — Urbanizatsiya jarayoni ham mehnat migratsiyasining geografiyasi kengayishiga olib keladi deb o‘ylayman. Urbanizatsiya oshgach, ta’lim olish, til o‘rganish imkoniyatlari ko‘payadi va albatta, boshqa davlatlarga ham migratsiya qilish imkoniyati oshadi.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.