Ukraina qurolli kuchlari (UQK) bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy Rossiyani Xarkivni egallashga qaratilgan yangi urinish haqida ogohlantirib, bu ruslar uchun halokatli oqibatlarga olib kelishini bildirdi. «Xarkiv ular uchun halokatli shaharga aylanadi», dedi u 29 mart, juma kuni e’lon qilingan «Ukrinform» agentligiga bergan intervyusida Rossiya qo‘shinlarining Xarkivga hujumga tayyorlanayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirib.
«Dushmanning hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi hech qanday ma’lumotni e’tibordan chetda qoldira olmaymiz, shuning uchun biz bunday imkoniyatga munosib javob berish uchun barcha choralarni ko‘rmoqdamiz. Bugungi kunda hududlar va pozitsiyalarni mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, kompleks tizim o‘rnatilmoqda. To‘siqlarni o‘rnatish va bunday harakatlar sodir bo‘lgan taqdirda qo‘shinlarimizdan foydalanishni rejalashtirganmiz», dedi Sirskiy.
Shu bilan birga, Ukraina bosh qo‘mondoni o‘zi qo‘mondonlik qilgan 2022 yilning kuzida Xarkiv viloyatini ozod qilishning avvalgi tajribasiga to‘xtalib o‘tdi. «Bizda Xarkiv viloyatida harbiy harakatlar tajribasi bor, biz dushmanni «aldashga»ga va Xarkiv viloyatining muhim qismini ozod qilishga muvaffaq bo‘ldik. Bu vaqtda Rossiya frontining keng ko‘lamli qulashi sodir bo‘ldi. Agar rossiyaliklar kelsa, Xarkiv yana ular uchun halokatli shaharga aylanadi», - deya xulosa qildi Sirskiy.
Xarkivga ehtimoliy hujum
Bir kun oldin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy CBS News telekanaliga bergan intervyusida yaqin oylarda - may yoki iyun oyining oxirida Rossiya qo‘shinlarining frontda yangi yirik hujumi kutilayotganini aytdi. U qaysi yo‘nalish haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmadi.
Avvalroq ommaviy axborot vositalarida Kremlning Ukraina bilan urushdagi navbatdagi maqsadi Xarkivga hujum ekani haqida ma’lumot paydo bo‘lgan edi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xarkiv viloyati bilan chegaradosh va Ukraina qurolli kuchlari tomonidan muntazam ravishda o‘qqa tutilayotgan Belgorod viloyati atrofida «sanitariya zonasi» yaratish zarurligini ma’lum qildi.
«Meduza»ning «Rossiya elitasi»dagi manbalari Xarkivga keng ko‘lamli hujum to‘g‘risida qaror qabul qilingani haqida ma’lumot yo‘qligi haqida gapirdi. Shu bilan birga, ular bu nazariy jihatdan yangi safarbarlik to‘lqinini talab qilishi mumkin bo‘lgan «ehtimoli yuqori ssenariy» ekanini bildirdi.