Muammoli masalalar bilan tashkilot eshigini qoqqan fuqarolar uchun qabulxona tashkil etilib, zamonaviy talablar asosida jihozlandi. Jamiyat tizimidagi har bir boshqarmada murojaatlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha mas’ul xodim belgilandi.
Ularning murojaatlar bilan ishlashdagi qonunchilikka oid yangiliklar to‘g‘risidagi bilimlarini boyitish maqsadida muntazam ravishda mas’ullar ishtirokida seminarlar o‘tkazish an’anaga aylandi.
Umuman olganda, jarayon rasmiyatchilikdan xoli etildi, endilikda biror masalada tashkilotga murojaat qilgan fuqaro bilan o‘sha kunning o‘zida muloqot tashkil etiladi, muammo yo‘nalish bo‘yicha mas’ullar nazoratiga olinadi.
Ayni faoliyatning natijasi o‘laroq joriy yilning birinchi kvartalida “O‘ztransgaz” AJga 700 ga yaqin murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning 100 dan ortig‘i qanoatlantirildi, 400 dan ortiq murojaat yuzasidan tushuntirish berilgan. Hududlardagi yurtdoshlarimizni o‘ylantirayotgan masalalarni joyida o‘rganish, hududiy idoralarga nisbatan talabchanlikni oshirish maqsadida tizim tashkilotlarida sayyor qabullar o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan.
Joriy yilning birinchi choragi davomida joylarda 5 marta ishonchli vakil ishtirokida sayyor qabul tashkil etildi. Endilikda fuqarolarga qulaylik yaratish, muammolarga zudlik bilan yechim topish, shuningdek vaqt va resurslarni iqtisod qilish maqsadida video-konferens-aloqa formatida ham fuqarolar bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish ishlari olib borilmoqda.