Nega terrorizm siyosatning instrumenti bo‘lib qoldi?

Jahon 16:24 / 30.03.2024 16785

Sobiq sovet ittifoqi qulab, dunyoda bir qutblilik yuzaga kelgan paytdan boshlab, diversiya deb atab kelingan hurujlar o‘rnini teraktlar egalladi. So‘nggi o‘n yilliklarda vaqti-vaqti bilan ro‘y berib turgan qonli xunrezliklar u yoki bu siyosiy qarorlarni legitimlashtirish vositalaridan biriga aylanib qoldi.

“Terrorizm”, “terrorchilik akti”, “terakt” kabi atamalar asosan keyingi uch o‘n yillikda, ya’ni sobiq SSSR qulaganidan keyin ishlatila boshladi. Unga qadar ham terrorchilik amaliyotlari bo‘lgan, lekin dunyoda sovuq urush kechayotgan o‘sha davrda, tomonlar asosan “diversiya” degan atamani ishlatishar edi. “Terrorizm” atamasi deyarli ishlatilmas edi.

Diversiya – lotin tilidan olingan bo‘lib, “og‘ishtirish”, “chalg‘itish” degan ma’nolarni beradi. Ta’rifga ko‘ra, opponent tarafning imkoniyatlarini yoki rejalarini izdan chiqarish, chalg‘itish, manipulyatsiya qilish uchun amalga oshiriladigan maxsus amaliyotga aytiladi. Sovuq urush davrida, dunyoda ikki qutb va uning tarafdorlari bo‘lgani uchun har qanday terakt narigi tomonning diversiyasi sifatida ko‘rilgan.

Biroq, bipolyar tizim tugagach, dunyo tartiboti o‘zgardi, g‘arb timsolida markazlashdi va yaqin o‘tmishda “diversiya” deb ataladigan ishlarga, ma’naviy va emotsional so‘z – “terror” degan atama qo‘llanila boshladi.

Ular orasidagi asosiy farqlardan biri – “diversiya”da ziddiyatdagi tomonlar ko‘pligi va ularning kuchlar nisbati yaqinroq ekani tan olinadi, “terror” atamasi bilan esa konstruktiv ko‘pchilik va destruktiv kamchilikka ishora qilinadi.

Teraktlar – siyosiy o‘zgarishlar vositasi

Keyingi o‘n yilliklarda, terrorchilik amaliyoti – dunyo siyosati va davlatlarning ichki va tashqi siyosatini eng kuchli o‘zgartiradigan vositalardan biriga aylandi. 1999 yil 16 fevral portlashlari, AQShdagi 2001 yil 11 sentabr voqealari, 2004 yil martidagi Ispaniya terakti, Rossiyaning o‘zidagi ko‘plab teraktlar shular jumlasidan.

Teraktlar – katta siyosiy vosita sifatida ko‘riladi. O‘zgarishlarni shartlaydi va legitimlashtiradi. Chunki teraktlar kutilmaganda yuz beradi, eng zaif qatlamni nishonga oladi, begunoh insonlar qurbon bo‘ladi. Natijada keng jamoatchilikni katta shokka soladi.

Mana shu emotsional fonda siyosiy qarorlarga asos yaratiladi. Yangi siyosiy konsensus paydo bo‘ladi: “kelinglar, o‘lim jazosini tiklaymiz”, “kelinglar, migrantlarni kiritmaymiz”, “kelinglar, mana shu din yoki millat vakillarini ta’qib qilamiz”...

Teraktlar, davlat va jamiyatdagi jabr-zulm darajasini oshiradi. Hattoki demokratik davlatlar ham, katta teraktlardan keyin, avtoritarizmga og‘ishadi. Chunki, teraktlardan keyin jamiyatda nafrat indeksi juda yuqorilaydi, va bu nafrat, odatda, “boshqalar”, “ular” tomon yo‘naltiriladi. Va shu fonda, davlat o‘zining ichki yoki tashqi opponentlari bilan kurash, urush ochadi, va yangi siyosiy kursni legitimlashtirib oladi.

Teraktlar avtoritar davlatlarda yashirincha yoki oshkora muxolifat foydasiga ishlashi mumkin. Yoki, legitimligi so‘nib borayotgan hukumatlar, ijtimoiy fikrni boshqa o‘zanga burish maqsadida, teraktlardan foydalanishi mumkin. Yoki, AQSh misolida teraktlar Afg‘oniston va Iroqqa bostirib kirishni asoslaganini kuzatish mumkin.

Teraktlar ba’zan urushlardan ham ko‘ra kuchliroq vositaga aylandi. Urushlar qimmat turadi, cho‘zilib ketadi, odamlar hatto kunora katta vayrongarchiliklar bo‘lishiga ham o‘rganib qoladi, lekin teraktlar unday emas, har safar odamlarni dahshatga soladi. Keyingi 8-10 yilda teraktlar soni va salmog‘i kamaygandek edi, lekin bu siyosiy instrument yana sahnaga qaytmoqda.

Kremlning teraktga munosabati

Rossiya keyingi 15-20 yilda yangi geomafkuraviy qutb shakllantirdi. Unga ko‘ra, Rossiyaning eng asosiy opponenti – g‘arb (AQSh) va uning tarafdorlari. 22 martda Moskvada yuz bergan terakt IShID tomonidan uyushtirilgani Rossiyada shakllangan kartinaga unchalik to‘g‘ri kelmadi va Kreml mana shu shakllantirilgan geomafkuradan kelib chiqib, o‘z versiyasini tuzmoqda.

Moskvada terakt bo‘lgach, Kreml tashabbusni o‘z qo‘lga oldi va reallikni o‘z geomafkurasiga ko‘ra talqin qilmoqda, ssenariyni boshqa o‘zanga burmoqda, o‘zgartirmoqda. Avvalo, 22 mart teraktlarini asli tojikistonlik fuqarolar uyushtirganiga shubha bildiruvchi fikrlar juda ko‘p bo‘lmoqda. Qolaversa, hech qanday inkor etib bo‘lmas asoslar, dalillar keltirmagan holda, rasmiy Moskva bu teraktlarni Ukraina, AQSh, Angliya bilan rasman bog‘ladi. Bu versiya – Rossiyada shakllangan geomafkuraviy kartinaga mos keladi, lekin, hozircha bu versiyani isbotlaydigan dalillar taqdim qilingani yo‘q.

Shuningdek, oxirgi paytlarda ancha faolligi susayib qolgan IShID, kutilmaganda, shu qadar dahshatli terakt amalga oshira oladimi, bunga qanaqa motiv bor edi, nega Rossiya xavfsizlik tizimi buning oldini ololmadi degan savollarga javob hozircha yo‘q.

Moskvadagi terakt atrofida shubha va gumonlar, jiddiy savollar to‘planib bormoqda. Bu teraktlarning oqibati esa, himoyasiz migrantlarga, jumladan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga ham salbiy bo‘lmoqda.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Ko‘proq yangiliklar: