«Man Siti» «Arsenal»ga qarshi, Klopp De Dzerbini imtihondan o‘tkazadi, Germaniyada «Der Klasiker». Hafta o‘yinlari anonsi

Sport 16:06 / 30.03.2024 9808

BAVARIYa – BORUSSIYa DORTMUND (30 mart, 22:30)

«Agar poyezdga kech qolsang, necha soatga ulgurmaganing muhim emas» iborasi futbolga juda mos, ayniqsa, ushbu mavsumdagi «Bavariya»ga. Myunxenliklar Yevropada eng ko‘p tanqid qilinayotgan top-klublardan biri bo‘lib turibdi, hatto bu bosimga murabbiy ham dosh bera olmay, yozda jamoani tark etishini bildirdi. Aslida qarasak, jamoa Chempionlar Ligasi chorakfinaliga chiqdi. Bundesligada-chi? Bir qiziq fakt, hozirda «Bavariya» 78 imkoniyatdan 60 ochko to‘plagan, ya’ni umumiy ochkoning 77 foizini. Bu ko‘rsatkichdan pastroq natija bilan «Bavariya» oxirgi uch yilda mamlakat chempioni bo‘ldi, hozir esa peshqadamdan 10 ochko orqada. Ya’ni bu safar poyezd biroz tezroq yurayotgani, Bundesligadagi holat aslida «Bavariya»ning muvaffaqiyatsizligidan ham ko‘ra, «Bayyer»ning haddan tashqari yaxshi natija qayd etayotgani bilan bog‘lash to‘g‘riroq bo‘lar?

Nima bo‘lgandayam, «Bavariya»ning ushbu turdagi «Borussiya»ga qarshi o‘yini ahamiyatli, axir Der-Klassiker, birinchidan, ikkinchidan esa «Bavariya» har qanday holatda ham tempni tushirmasdan o‘z ochkolarini yig‘ishda davom etishi kerak. Kim biladi, balkim so‘nggi turda o‘tgan mavsumdagi kabi yo‘q joydan sovg‘a tushib qolar? O‘yin «Borussiya» uchun ham juda muhim. Dortmundliklar 50 ochko bilan hozirda 4-o‘rinda borishmoqda, ammo beshinchi pog‘onadagi «Leypsig»da 49 ochko bor. Nemislar yakunda Chempionlar Ligasiga 5 yo‘llanmani ham qo‘lga kiritishlari mumkin, ammo bu hali aniq emas, yo‘llanma uchun kurashda kuchli to‘rtlikka kirish eng xavfsizi. Keyingi turda «Borussiya» o‘z maydonida uchinchi o‘rinda borayotgan «Shtutgart»ni qabul qiladi. Mana shu ikki o‘yinda imkon qadar ochko yo‘qotmaslik Terzich shogirdlariga mavsumning so‘nggi qismida ishonchli to‘p surishga sharoit taqdim etadi. «Borussiya»ni o‘n kundan keyin Chempionlar Ligasi chorak finalida «Atletiko» bilan o‘yin ham kutib turganini unutmaslik kerak.

O‘zaro o‘yinlarga qaralsa, Bundesliga doirasida «Borussiya» raqibi ustidan oxirgi marta 2018 yilda, barcha musobaqalarni inobatda olsak, 2019 yilda mag‘lubiyatga uchratgan. Keyin bo‘lib o‘tgan 11 uchrashuvning 10 tasida myunxenliklarning qo‘li baland keldi, jumladan, birinchi davrada Dortmundda bo‘lgan o‘yinda mehmonlar 4:0 hisobida g‘alaba qozongan edi.

Jarohatlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, mezbonlarga Sarr, Pavlovich, Gerreyru, Boyye, hamda Noyyerlar yordam bera olishmaydi. «Borussiya» safida Kobel va Allerda jarohat bor. Shuningdek, «Bavariya»ning sobiq yarimhimoyachisi Marsel Zabitser «Verder» bilan o‘yinda qizil kartochka olgandi. U ham diskvalifikatsiya tufayli sobiq jamoasiga qarshi maydonga tusha olmaydi.  

LIVeRPUL – BRAYTON (31 mart, 18:00)

Shu kunlarda «Bayyer» bosh murabbiyi Xabi Alonsoning Leverkuzenda qolishi sababli «Liverpul» o‘z e’tiborini boshqa murabbiylarga qaratishi haqida ishonchli manbalardan xabarlar chiqdi. Hozirda «Sporting»ni boshqarayotgan Ruben Amorim hamda «Brayton» ustozi Roberto de Dzerbi asosiy da’vogar sifatida tilga olinishmoqda, tabiiyki, mana shu fonda de Dzerbining «Enfild»dagi imtihoni juda qiziqarli bo‘ladi.

Bu nafaqat de Dzerbi, balki «Liverpul» uchun ham imtihon, zero barcha musobaqalarda 4 o‘yindan beri, aniqrog‘i, italiyalik murabbiy «Brayton» boshqaruviga kelganidan buyon Klopp hali biror marta ham raqibini yenga olgani yo‘q. O‘tgan mavsumda «Brayton» o‘z maydonida 3:0 hisobida yutib, «Enfild»da 3:3 o‘ynagan, ushbu mavsum birinchi davrasidagi o‘yinda esa 2:2 hisobi qayd etilgandi. Shuningdek, «Brayton» o‘tgan yili «Liverpul»ni Angliya kubogi musobaqasidan ham chiqarib yuborganini eslasangiz kerak. Xullas, Yurgen Klopp va Roberto de Dzerbi o‘rtasidagi navbatdagi o‘ziga xos duel bo‘lib o‘tadi.

Turnir jadvali nuqtai nazaridan ham mezbonlar uchun o‘ta ahamiyatli palla. Ushbu turda chempionlik poygasidagi asosiy raqiblar o‘zaro kuch sinashishini e’tiborga olsak, «Liverpul»da ushbu turdan so‘ng yaqqol peshqadam bo‘lib olish imkoniyati bor. Agar Klopp shogirdlari birinchi o‘ringa chiqib olishsa, uyog‘iga o‘zaro uchrashuvlar yo‘q, bor kuchini tashlab chempionlik sari odimlashi mumkin. «Arsenal» va «Manchester Siti»dan farqli ravishda «Liverpul» Chempionlar Ligasida yo‘qligini ham ta’kidlash kerak.

Milliy jamoalar bilan bog‘liq tanaffusdan so‘ng, futbolchilarning holati haqida aniq ma’lumotlarni olish qiyin. Futbolchilar milliy jamoalardagi yig‘inlardan turli sport formasida qaytib kelishlari, umuman bunday tanaffusdan keyin, yig‘inlarga ko‘proq a’zosini yuborgan top-klublarga biroz noqulay bo‘lishini ham inobatga olish kerak. Misol uchun, Shimoliy Irlandiyaga qarshi o‘yinda Endryu Roberson jarohatlandi va bir muddat sheriklariga yordam bera olmaydi. Jota, Alisson, Trent kabi futbolchilarning qaytishi mana shu oyga belgilangan, ammo «Brayton» bilan o‘yinda tayyor bo‘lishlari dargumon. Ammo kichik jarohat tufayli milliy jamoalar chaqiruvidan qutulib qolgan Darvin Nunez va Ketrin Jonslar to‘liq tiklanib, maydonga tushishga tayyor ekani haqida xabarlar bor. Mehmonlar safida esa Solli March, Mitoma, Jyezus kabi asosiy tarkib futbolchilari sheriklariga yordam bera olishmaydi. Shuningdek, Jyeyms Milner ham sobiq jamoasiga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuboradi.

MANCheSTeR SITI – ARSeNAL (31 mart, 20:30)

Hozirda uchinchi o‘rinda borayotgan bo‘lsa-da, mutaxassislar tomonidan «Manchester Siti»ning chempionlik poygasida favorit ekanini aytayotganlar hali ham ko‘p. Tabiiyki, bunga Pep Gvardiola jamoasining tarkibi, avvalgi mavsumlarda aynan shunday holatlardan g‘olib sifatida chiqqani sabab qilinadi, ammo yana shuni aytish kerakki, «shaharliklar»ga so‘nggi mavsumlarda yordam berib kelgan mana shu faktorlar ushbu mavsumda yetarlicha ishlamayotgandek.

Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yili «Manchester Siti» «Arsenal»dan ancha ortda borgan bo‘lsa-da, yakunda quvib o‘ta olgan, bunga ayniqsa, o‘zaro uchrashuvlardagi ikki g‘alaba katta yordam bergan. Negadir, bu mavsumda «Manchester Siti»ning top-o‘yinlardagi natijalari qoniqarli bo‘lmayapti. Misol uchun, bugungi top-5 jamoalarga qarshi o‘yinlarda Pep Gvardiola shogirdlari hali biror marta ham g‘alaba qozona olishgani yo‘q. «Liverpul» bilan ikki durang, «Tottenhem» bilan ham yo‘qotish, «Arsenal» va «Aston Villa»ga qarshi safar o‘yinlarida mag‘lubiyat. Agar bu safar «Arsenal» mag‘lub etilmasa, «Siti» mana shu uchlikda eng yomon holatga tushib qolishini ham, eng ishongan mutaxassislar ham raqiblarga ko‘proq ustunlikni taqdim etishini ham yaxshi bilasiz. Pep Gvardiolaga yordam berib kelgan yana bir ustunlik – tarkibning salohiyati borasida ham muammolar yetarli. O‘tgan yozda Gundo‘g‘an, Mahrez kabi tajribali futbolchilar jamoani tark etishdi, ularning o‘rniga kelgan Nunes jarohat oldi, Doku mavsum boshida hammani lol qoldirgan bo‘lsa-da, unga qarshi o‘ynashni o‘rganib olishdi. Grilish yaxshi formada emas, De Bryuyne qatorasiga bir necha uchrashuv yuqori darajada o‘ynashga jismoniy tomondan eplay olmayapti.

Mana shu muammolar fonida «Arsenal»ning ayniqsa, yangi yildan beri ancha kuchaygani sezilib turibdi. «Arsenal» 2024 yildagi APL doirasidagi barcha 9 o‘yinni o‘z foydasiga hal qildi. To‘g‘ri, taqvim borasida ham londonliklarda qulaylik bor edi, ammo raqiblar ichida «Nyukasl», «Liverpul», «Vest Hem» kabi yuqori o‘rinlardagi jamoalar bo‘lgani va bu uchrashuvlar «Arsenal»ning yaqqol ustunligida o‘tganini ham ta’kidlash kerak. Ya’ni Portugaliyadagi YeChL o‘yinidan tashqari biror uchrashuv bo‘lmadiki, «Arsenal»ning raqibi hech bo‘lmasa tengma teng kurasha olgan bo‘lsin. Demak, o‘yin «Etihad»da bo‘lsa-da, balkim oxirgi o‘n yilliklarni olganda ham birinchi marta «Arsenal»ni «Manchester Siti»ga nisbatan favorit demasak-da, imkoniyatlarni teng baholashimiz mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi.

Yuqorida «Manchester Siti» tarkibi bo‘yicha to‘xtalib o‘tildi, buning ustiga, milliy jamoalar yig‘inlarida jamoaning birdaniga ikki futbolchisi jarohat tufayli uchrashuvni erta tark etishga majbur bo‘ldi. Avvaliga Kayl Uoker, keyin esa Jon Stounz Angliya milliy jamoasidagi ishtirokini yakuniga yetkaza olmadi. Buning ustiga yana bir markaziy himoyachi Manuel Akanjining ham jismoniy holati so‘roq ostida qolmoqda. Kevin de Bryuyne ham, Akanji ham umumiy guruh mashg‘ulotlari qatnashgan bo‘lishsa-da, ilk daqiqalardan maydonga tusha olishlari borasida aniq fikr aytish qiyin. Mezbonlar safida himoyachilarda muammolar bo‘lsa, «Arsenal» Martinelli va Sakaning yordamidan to‘liq foydalana olmasligi mumkin. Har ikki futbolchi ham tanaffusdan oldin kichik jarohat tufayli milliy jamoaga chaqirilishmagan va bugungi kunda qay darajada tayyor ekani ma’lum emas.

ReAL MADRID – ATLeTIK (31 mart, 23:55)

«Atletik» Ispaniyada yuqori divizionni tark etmagan uch jamoadan biri sanaladi va shuning uchun, bilbaoliklarning «Real» va «Barselona»ga qarshi o‘yinlari ham «Klasiko» maqomini olgan. Ushbu mavsumda Valverde shogirdlari ancha munosib harakat qilib, ham Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun, ham Qirollik kubogi uchun kurashni davom ettirayotgani katta natija. «Atletik» kelasi yakshanba kuni kubok finalida «Malorka»ga qarshi o‘ynaydi – ushbu musobaqagi oxirgi beshta finalini boy bergan jamoa 40 yillik tanaffusdan so‘ng kubokni boshi uzra ko‘tarish imkoniyatiga ega. La Liga frontida esa jamoa hozirda hatto «Atletiko»ni ham ortda qoldirib, 4-o‘ringa joylashib olgan. Buning ustiga «Atletik» ayniqsa, so‘nggi yillarda «Bernabeu»da munosib qarshilik ko‘rsati olmoqda. Madridda o‘tgan oxirgi 6 uchrashuvning yarmida mehmonlar mag‘lubiyatga uchramaslikning uddasidan chiqishgan. Xususan o‘tgan mavsumdagi o‘yinda ham faqat Benzemaning penaltidan hisobni tenglashtirishi mezbonlarni mag‘lubiyatdan qutqarib qolgandi. Umuman olganda ham «Atletik» ushbu mavsumda safar o‘yinlarida ko‘p jamoalar uchun noqulay bo‘lib kelmoqda – o‘tgan 14 safar uchrashuvida jamoa atigi 12 ta gol o‘tkazgani ham yaqqol isbot. «Atletik» o‘tkazilgan 29 o‘yinning 15 tasida o‘z darvozasini daxlsiz saqlay olgan – bu ham Ispaniya chempionatida eng yaxshi ko‘rsatkich.

«Real» esa Ispaniya chempionatida nihoyat «Jirona»dan yetarlicha masofaga uzoqlashib olgan bo‘lsa-da, bosim avvalgidan ortdi ham, zero endi ta’qibchi qachondir pasayishi kutilgan «Jirona» emas, «Barselona» bo‘lib qoldi. O‘rtada 8 ochkolik farq bo‘lsa-da, «Barselona» nihoyat yaxshi sport formasiga kirib olib, 10 uchrashuvdan buyon yutqazmayotgani, buning ustiga, Chempionlar Ligasidagi o‘yinlar ham halaqit berishini inobatga olsak, kurash hali tugamaganga o‘xshaydi. Aprel oyi oxirida «El Klasiko» ham kutib turibdi, tabiiyki, o‘sha o‘yin oldidan bosimni ko‘paytirib olmaslik uchun «Real» hech bo‘lmasa bugungi 8 ochkolik farqni saqlab turishi, buning uchun esa keyingi turlarda yuz foizlik natija ko‘rsatishi lozim bo‘ladi.  

Yo‘qotishlar borasida «Real»ning holatiga xavas qilib bo‘lmaydi. Kurtua, Alaba, Militaolarning yo‘qligiga o‘rganib bo‘lgandik hamki, tarkibdagi eng universal futbolchi Eduardo Kamavinga ham kamida ikki haftaga safdan chiqdi. U «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinlarni ham o‘tkazib yuborishi mumkin. Shuningdek, Vinisius «Osasuna»ga qarshi o‘yinda ikki gol urganidan tashqari, hakam tomonidan ogohlantirilgan ham edi. Bu esa diskvalifikatsiyaga olib keladigan so‘nggi kartochka bo‘lib chiqdi. Kim biladi, balkim aynan «Barselona»ga qarshi o‘yin oldidan «tozalanib olish» uchun ham ataylab qilingandir?

Mehmonlar safida esa asosiy tarkib futbolchilari ichida Paredes, de Galarretta va Berchichelarda jarohat bor. Shuningdek, zaxiradan yordam berishi mumkin bo‘lgan Ander Erreraning ham tiklanib ulgurmagani ehtimoli yuqori.

BOShQA O‘YINLAR

30 mart. NAPOLI – Atalanta (16:30), NYuKASL – Vest Hem (17:30), BAYYeR – Xoffenxaym (19:30), CheLSI – Byornli (20:00), TOTTeNHEM – Luton (20:00), Latsio – YuVeNTUS (22:00), ASTON VILLA – Vulverhempton (22:30), Fiorentina – MILAN (31 marta o‘tar kechasi, 00:45), BARSeLONA – Las Palmas (31 martga o‘tar kechasi, 01:00), Brentford – MYu (31 martga o‘tar kechasi, 01:00)

31 mart. JIRONA – Betis (19:15), ShTUTGART – Haydenxeym (20:30), Marsel – PSJ (23:45).

Ko‘proq yangiliklar: