G‘azoda an’anaviy Ramazon futbol turnirlari o‘tkaziladi. Bu yilgi turnirlar oldingilaridan farq qiladi. 5 kishilik jamoalardan iborat futbol turniri falastinlik qochoqlar lageriga urush vaqtida qanday quvonch olib kelayotgani haqida bolalar Al-Jazeera nashriga gapirib berdi.
Moat Raja Alloh 6 yillik tajribaga ega 19 yoshli futbolchi. G‘azodagi Ramazon futbol turnirlarining eng yaxshi o‘yinchilaridan biri sifatida tanilgan bu yigit hozirgacha 12 ta kubok va boshqa mukofotlarni qo‘lga kiritgan. Bu yil Raja ham Ramazon futbol turnirini G‘azo sektorining markazida joylashgan Dayr al-Balahdagi As-Salah futbol klubidagi qochqinlar lagerida o‘tkazyapti. U va oilasi ham boshqalar kabi Isroilning G‘azoga urushi paytida qochqinlar lageriga ko‘chirilgan. Raja oilasi uchun iftorlikka tovuq sotib olish va Isroil hujumlaridan vayron bo‘lgan uyi ustida iftorlik qilishni orzu qiladi. “Ramazon turnirlari endi avvalgidek emas. O‘yinchilarda o‘tgan yillardagi raqobat, ishtiyoq va bayram muhiti yetishmayapti”, – dedi Raja Alloh.
1000 dan ortiq odam urush sabab besh oy avval futbol o‘yinlari va mashg‘ulotlar to‘xtab qolgan “As-Salah” futbol klubidan boshpana topgan. Klub ko‘chirilgan oilalarni ozroq bo‘lsa ham chalg‘itish uchun Ramazon oyida kichik futbol musobaqasini o‘tkazib turibdi. “Bu turnirni tashkil qilish orqali biz o‘zimizni ovuntiryapmiz, dunyoga G‘azoda hayot bor demoqchimiz. Eng yaxshi o‘yin ko‘rsatgan 2 ta jamoaga mukofot sifatida pul yoki oziq-ovqat yordam paketi beramiz. Bu unchalik ham to‘g‘ri emas, lekin shu ularga quvonch keltirishi mumkin”, – degan klubning sport ishlari bo‘yicha direktori Nabil Abu-Asr.
Oldingi Ramazon turnirlari kabi bo‘lmasa ham bu futbol turnirlari oilalarga bir lahzalik quvonch bera olyapti. O‘g‘li gol urganda onalar xursand bo‘lishadi, kichik bolalar ularga chetdan turib muxlislik qiladi. Yalangoyoq yoki yirtilgan etik kiygan bolalar palma daraxtlari bilan o‘ralgan ko‘chalar yoki yashash hududlari bilan o‘ralgan kichik futbol kortlarida o‘z mahoratlarini ko‘rsatishadi. Odamlarning qiy-chuvlari atrofda yurgan Isroil dronlari ovozini bosib ketadi. O‘yin tugagach yana urush haqiqati davom etaveradi.
“Real Madrid”ning 12 yoshli muxlisi Karam Al-Hvayri futbolni urushdan oldingi hayotini eslatib turuvchi mashg‘ulot deb biladi. “Men shu futbol maydonida taskin topaman. Men o‘ldirilishimni bilaman, shuning uchun bolaligimning oxirgi daqiqalarini yashashni xohlayman. Biz endi bolalar emasmiz”, – degan u.
Karam kichik bo‘lishiga qaramay, urushning dahshatini his qilib turibdi va G‘azodagi bolalar boshidan kechirgan voqealarga hech kim dosh berolmasligini biladi.
Turnirlaring yana bir qatnashchisi 16 yoshli o‘yinchi Halil Al-Kafarneh bu yerga oktyabrda kelgan. U 10 kishilik oilasi bilan Shimoliy G‘azoda joylashgan Bayt Hanunda yashagan va urush boshlanishi bilan lagerda yashashadi.
“As-Salah” futbol klubidagi lager ularga 3 oydan beri boshpana bo‘lib kelyapti. Cheklangan oziq-ovqat va suv bilan yashash qiyin kechyapti. Al-Kafarneh 10 yildan beri futbol bilan shug‘ullanadi. Urush uning tayyorgarligi va mahoratini o‘ldirib borayotganini aytadi. “Men zo‘rg‘a koptok tepyapman. Yuqori sinf o‘quvchisiman va hozir o‘qishim kerak bo‘lgan vaqt. Lekin o‘qishni davom ettira olmayman. Uyimiz kulga aylangan. U yerda hech nima qolmagan”, – deydi u.
Umidli futbolchi G‘azoning eng ko‘zga ko‘ringan klublaridan biri “Ittihod Al-Shujaiyya”da o‘ynashni xohlagan edi. Urush uning orzularini yo‘q qilib yubordi, chunki “Ittihod Ash-Shujayya” klubi ham hujumlar ostida kultepaga aylandi. G‘azoda 90 dan ortiq falastinlik futbolchi, jumladan, afsonaviy hujumchi Muhammad Barakat ham urushda halok bo‘ldi. G‘azoning eng mashhur stadionlaridan Al-Yarmuk stadioni va G‘azo sport klubi ham isroilliklar tomonidan vayron qilingan yoki egallab olingan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti G‘azo sektorini “minglab bolalar qabristoni” deb atadi. BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICeF) ma’lumotlariga ko‘ra, 7 oktyabrdan beri Isroil hujumlari 13 ming bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan. Minglab odamlar esa vayronalar ostida bedarak yo‘qolgan, ularning ko‘pi halok bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Omon qolganlarning aksari esa jarohat olgan va oziq-ovqat tanqisligidan aziyat chekyapti.
Yetti yoshli Nadin Iso va uning oilasi yanvar oyida “As-Salah” futbol klubiga ko‘chib o‘tdi. Oilaning G‘azo janubidagi Rafah shahridagi uylariga Isroil kuchlari tomonidan bosqin uyushtirilgan. Nadin va oilasi urush boshlanganidan beri konserva yeyish bilan jon saqlayapti va o‘zining sevimli taomlarini sog‘inganini aytgan. Shunday og‘ir sharoitda ham Nadinning maqsadlari o‘lmagan. “Hamshira va hujumchi bo‘lishni orzu qilaman. Men boshqa mamlakatda tug‘ilganimda, boshqa bolalar kabi o‘yin va o‘qishga imkonim bo‘lar edi”, – degan u.