Uchuvchilarning mashg‘ulot bazasidagi Putin va Ukraina sharqidagi tankchilar. Urush suratlari

Jahon 19:36 / 29.03.2024 13829

Ukrainadagi urushning 764-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • Sevastopol atrofida Rossiyaning Su-35 qiruvchisi quladi.
  • Reuters agentligi yozishicha, neftni qayta ishlash zavodlariga dronlar hujumi fonida Rossiya Belarusdan benzin xarid qilish hajmini oshirgan.
  • RF qo‘shini Ukrainaga dronlar va raketalar bilan hujum qildi. Zaporijjyada ikki kishi yaralangan.
  • «Komsomolsk» guruhi konsert faoliyatini to‘xtatdi. Musiqachilar «taqiqlangan artistlar» ro‘yxatida bo‘lgan va anneksiya qilingan Melitopolda chiqish qilgandi.
  • Tergov qo‘mitasi «Krokus»dagi terrorchilarning «ukrain millatchilari» bilan aloqasi aniqlanganini ma’lum qildi.
  • «Rossiyalik mulozimlar yaxshigina go‘ng sotuvchilarga o‘xshayapti». Oq uy Moskvaning Ukraina «Krokus» teraktiga aloqadorligi haqidagi bayonotlarini «propaganda» deb atadi.
  • The New York Times AQSh o‘z manbalarini oshkor qilishdan xavotirlanib, terakt tayyorlanayotgani haqida o‘zida mavjud bo‘lgan barcha razvedka ma’lumotlarini Rossiyaga taqdim etmagani haqida xabar berdi.

Uglegorskdagi vayrongarchilik

Donetsk oblastining Uglegorsk shahri qariyb 10 yildirki o‘zini o‘zi e’lon qilgan DXR tarkibida. RF qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlangach, urushga qadar yetti ming kishi yashagan Uglegorsk muntazam ravishda zarbalarga uchrab kelmoqda. DXR rasmiylari ukrain qo‘shini shahar bo‘ylab o‘t ochishi haqida xabar beradi, Rossiya Tergov qo‘mitasi otishmalar yuzasidan jinoiy ishlar ochadi, Ukraina tomoni esa odatda Uglegorsk va Rossiya Donetsk oblastida bosib olgan boshqa shaharlar bo‘ylab zarbalarni izohsiz qoldiradi.

Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA

Vladimir Putin RF mudofaa vazirligi uchuvchilarining mashg‘ulot bazasida

RF prezidenti Vladimir Putin mudofaa vazirligining Tver oblastidagi jangovar foydalanish va uchuvchilarni qayta tayyorlash markaziga tashrif buyurdi. Unga Mi-28 va Mi-8 vertolyotlari namoyish etilgan, shuningdek u Mi-26 pilotlari trenajyorida shug‘ullangan.

«Prezidentga hamrohlik qilgan harbiy»lardan biri TASS muxbiri bilan suhbatda aytishicha, Putinga u qachondir odamlar bilan uchrashuvda vertolyot boshqarish bo‘yicha tajribasini bo‘lishib, bu o‘ta qiyin jarayon ekanini aytganini eslatgan. «Men sinab ko‘rganman, bir marta harakat qilganman. U [vertolyot] shunchaki… Uni ushlab turolmaysiz», — degan bu haqda Putin. Mashg‘ulotda qorong‘i sharoitda uchish imitatsiya qilingan.
Mixail Metsel / AFP / Scanpix / LETA
Zarbdor vertolyotlar boshqarilmaydigan raketalar bloki (ulardan biri fotoda aks etgan) bilan jihozlangan, ammo so‘nggi oylarda ular asosan boshqariladigan raketalar — «Xrizantema-V»/«Vixr» rusumli tankka qarshi boshqariluvchi raketa (PTRK) hamda ko‘p maqsadli yengil boshqariluvchi raketa (LMUR)dan foydalanmoqda. Putinga modernizatsiya qilingan raketa namoyish etilib, u «tankka urilganida o‘q-dorilarni portlatmasdan turib ham uning minorasini uzib yuborishi» aytilgan.
Sergey Karpuxin / AFP / Scanpix / LETA
Putin tashrif doirasida harbiy uchuvchilar bilan ham muloqot qildi. RF prezidenti boshqa gaplar qatorida Rossiya hech qanday tajovuzkor niyatlarga ega emasligini aytgan. «Agar u yerda davlat to‘ntarishi amalga oshirilmaganida, keyin Donbassda harbiy harakatlar boshlashmaganida, biz Ukrainada ham hech qachon hech narsa qilmagan bo‘lardik», — degan u. Putin shuningdek «Rossiyaning tarixiy hududlarida yashaydigan ruslarni himoya qilish» to‘g‘risidagi tezisini takrorlab, Rossiya Ukrainadan keyin Yevropaga hujum qilmoqchiligi haqidagi gaplarni «quruq safsata» va «hadiksirash» deb atagan hamda Ukrainaga F-16 qiruvchilari berilishi «jang maydonidagi vaziyatni o‘zgartira olmasligi»ni ta’kidlagan.
Mixail Metsel / AFP / Scanpix / LETA

Ukraina qiruvchi samolyoti Donetsk oblastidagi jangovar parvoz chog‘ida 

Ukrainalik harbiylar g‘arblik ittifoqchilardan F-16 qiruvchi samolyotlarini kutmoqda va ulardan foydalanishni o‘rganmoqda, hozircha esa sovetlar davriga mansub aviatexnikalardan, jumladan 1970-yillar oxirida ishlab chiqarilgan MiG-29dan foydalanmoqda
Roman Pilipey / AFP / Scanpix / LETA

Ukrainalik tankchilar otryadi hayoti

 

Ukraina QK quruqlik kuchlarining qirol Daniil nomidagi 24-alohida mexanizatsiyalashgan brigadasining doimiy joylashuv manzili Lviv oblastida. 2014 yildan buyon uning jangchilari Ukraina sharqida jang qilib keladi va qariyb 160 askaridan ayrilgan.
Yakiv Liashenko / EPA / Scanpix / LETA

 

Rossiyaning Ukrainaga bosqini vaqtida 24-brigada jangchilari Popasnaya va Lisichansk mudofaasida, shuningdek Xerson oblastidagi qarshi hujumda qatnashgan. 2024 yil mart oyi holatiga ko‘ra, brigada Rossiya qo‘shini yurish qilishga urinayotgan Donetsk oblastida bo‘lib turibdi
Yakiv Liashenko / EPA / Scanpix / LETA
24-alohida mexanizatsiyalashgan brigada bilan birgalikda frontning bu uchastkasida Ukraina QK alohida desant-shturm brigadasi ham jang qilmoqda.
Yakiv Liashenko / EPA / Scanpix / LETA
Yakiv Liashenko / EPA / Scanpix / LETA
Ko‘proq yangiliklar: