Energetika vazirligi rahbariyatida kadrlar o‘zgardi. Prezident Shavkat Mirziyoyev qarori bilan energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Isroilovich Ahmadxo‘jayev Atom energetikasini rivojlantirish agentligi direktori («O‘zatom») etib tayinlandi.
U endi energetika vazirining birinchi o‘rinbosari – Atom energetikasini rivojlantirish agentligi direktori hisoblanadi.
Azim Ahmadxo‘jayev 1979 yilda tug‘ilgan, 2002 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. 2011 yildan Milliy bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari, raisning birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan, 2016 yil may oyidan 2017 yil martigacha «Asaka» bankini boshqargan.
2017–2018 yillarda Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan. 2018 yil fevralidan avgustigacha O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri bo‘lgan. Jizzax viloyati hokimiga o‘rinbosar bo‘lib ketishidan oldin Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi raqamli iqtisodiyot va blokcheynni rivojlantirishga mas’ul lavozimda ishlagan.
2019–2021 yillarda Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan, 2021 yil avgust oyida energetika vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.
Atom energetikasini rivojlantirish agentligiga 2023 yil avgustidan buyon Bahrom Mansurov rahbarlik qilib kelgandi, u boshqa ishga o‘tishi sababli o‘z lavozimini tark etgan.
Baxtiyor Rustamovich Mamatkarimov energetika vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. U bungacha Andijon tumani hokimi, «O‘ztransgaz» boshqaruvi raisining moliya va marketing bo‘yicha o‘rinbosari, shuningdek, «O‘zlitineftgaz» rahbarining iqtisodiyot va moliya bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
Azizxo‘ja Ochilovich Qobilov energetika vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi. Bungacha u tog‘-kon sanoati va geologiya vaziriga maslahatchi va o‘rinbosar bo‘lib ishlagan, undan avval Prezident administratsiyasi xodimi bo‘lgan.