Hozirgi vaqtda yer yuzasining 70 foizi suv bilan qoplangan. Shundan 97,5 foizi sho‘r, faqat 2,5 foizi chuchuk suv hisoblanadi. Iste’molga yaroqli suvlarning juda katta qismi muzlik holatida bo‘lgani uchun ularning faqat 1 foizi ichishga yaroqli hisoblanadi.
So‘nggi yillarda chuchuk suv resurslari muammosi keskinlashib bormoqda. Oxirgi 50 yilda dunyoda suv bilan bog‘liq 507 ta nizo yuz bergan. Shundan 21 tasi qurolli mojarolarga (harbiy harakatlarga) aylanib ketgan.
Suv – sayyoramizdagi eng oddiy va odatiy suyuqlik. Biroq bir vaqtning o‘zida suvda juda ko‘p sir-sinoatlar yashirin. Olimlar hali ham suvni o‘rganishda davom etmoqda va u haqda yanada qiziqarli ma’lumotlarni topmoqda.
Suv bu – odam organizmidagi asosiy erituvchidir. Uning yordamida barcha foydali moddalar tashiladi, shuningdek, u organizmdan chiqindilarni va zararli moddalarni chiqarib tashlaydi. Suvli eritmalarimizda barcha kimyoviy reaksiyalar sodir bo‘ladi.
Suvning sifati, uning kimyoviy va bakteriologik tarkibi, aholining sog‘lik holati va kasallik darajasi o‘rtasidagi bog‘liqlik allaqachon qayd etilgan.
O‘rtacha kishi umr bo‘yi suv iste’mol qilib, o‘z organizmidan 80 kilogrammdan 100 kilogrammgacha kimyoviy chiqindilarni o‘tkazadi. Shu uchun ichimlik suvining sifatli bo‘lishi inson salomatligi uchun juda muhim.
Suvning ajoyib xususiyatlari haqida
Ekologik toza ichimlik suvi – inson uchun eng muhim oziq-ovqat mahsuloti hisoblanadi. Inson o‘rtacha umrida 35 tonna suv ichadi. Ana shu suv tozalansa, undan 420 stakan tuzlar va boshqa ifloslantiruvchi moddalar chiqishi mumkin.
Agar u tozalanmasa ana shu “suv chiqindilari” bizning organizmimizda qoladi. Ular inson tomirida, barcha ichki a’zolarda, to‘qimalar va hujayra membranalariga joylashadi. Oqibatda, ularning normal ishlashiga to‘sqinlik qiladi.
Suvsizlangan kasal organizmda “ifloslanish” jarayoni yanada kuchayadi. Shu sababli aynan kasallik paytida organizmni toza suv bilan ta’minlash muhim, bu bemorning tezroq tuzalishiga yordam beradi.
Turli mutaxassislar har kuni 6-8 stakan toza suv ichishni tavsiya qilishadi. Lekin ko‘pchilik buncha suv ichmaydi. Ichimlik suvi va ovqat tayyorlash uchun ishlatiladigan suv imkon qadar toza bo‘lishi juda muhim.
Sifatli ichimlik suvi sog‘liqni mustahkamlaydi va ko‘plab kasalliklar paydo bo‘lishining oldini oladi. Shu oziqlanish mutaxassislari faqatgina ekologik toza ichimlik suvini iste’mol qilishni qat’iyan tavsiya etishadi, shunda suv sifatiga ishonch hosil qilasiz.
Inson tanasi suvni tozalash uchun filtr emas, balki shaxsning har tomonlama rivojlanishi uchun vosita hisoblanadi.
Biz har kuni suv bilan muloqot qilamiz – uni ichamiz, ovqat tayyorlaymiz, yuvinamiz, idishlarni yuvamiz. Ammo aksariyatimiz suv haqida hech narsa bilmaymiz.
Yer yuzidagi faqat 1,1 foiz suv zaxirasi ichimlik uchun yaroqlidir. Katta qismi muzliklarda mavjud. Suv yorug‘likni so‘rib oladi va tarqatadi. Shuning uchun okean ko‘k rangda ko‘rinadi.
Dunyoda suvning 70 foizdan ortig‘i qishloq xo‘jaligida, 22 foizi sanoat uchun ishlatiladi.
JSST hisobotlariga ko‘ra, barcha ma’lum kasalliklarning 80 foizi suv sifati pastligi tufayli yuzaga keladi.
Farovon mamlakatlarda bir kishi sutka davomida o‘rtacha 100 litrdan ortiq suv sarflaydi. O‘rta asrlarda Yevropa aholisi kuniga o‘rtacha 5 litr suv bilan kifoyalangan.
Ba’zi tadqiqotchilar suv xotiraga ega ekanini da’vo qilishadi. Biroq rasmiy fan uning bu “xususiyatini” tan olmaydi.
Ma’lumot uchun, dunyo bo‘ylab 1 mlrd inson toza ichimlik suvi iste’mol qilish imkoniyatiga ega emas. Quyida suv haqidagi 15 ta eng qiziqarli ma’lumotni taqdim etamiz.
1. Yer yuzidagi eng toza suv Finlandiyada
YuNeSKO ma’lumotlariga ko‘ra, sayyoramizda eng toza suv Finlandiyada. Bu borada o‘tkazilgan tadqiqotlarda 122 mamlakatning tabiiy toza suvi o‘rganib chiqilgan va unda Finlandiyadagi suv eng tozaligi ma’lum bo‘lgan.
2. Sovuq suvdan ko‘ra issiq suv tez muzlaydi
Qaysi suv tezroq muzga aylanadi: issiq yoki sovuqmi? Mantiqan olganda, albatta, sovuq tez muzlaydi. Chunki issiq suv avval sovib, keyin muzlashi kerak, sovuq suvning esa sovishga hojati yo‘q. Ammo tajribalar shuni ko‘rsatdiki, aynan issiq suv tezroq muzga aylanadi.
Issiq suv sovuq suvdan tezroq muzlashining hali aniq javobi yo‘q. Balkim bu sovitishdagi farq, bug‘lanish, muz hosil bo‘lishi yoki suyuq gazlarning issiq va sovuq suvga ta’siri bilan bog‘liqdir.
3. Suvning ortiqcha sovitishi
Maktabda o‘tilgan fizika darsidan yaxshi bilamizki suv 0 darajada muzlaydi, 100 darajada yaxshi qaynaydi. Ammo juda toza – hech qanday aralashmasiz suvning ortiqcha sovitish xususiyati mavjud. Bunday suvlar hatto muzlash nuqtasidan past daraja sovuq bo‘lganda ham shunday suv suyuq holatda qoladi. Ammo umumiy qoida o‘zgarmaydi va suv sovuqda muzlaydi, issiqda qaynaydi.
4. Suvning uchdan ortiq holati
Maktab darsliklaridan ma’lumki, suvning uchta holati bor: suyuq, qattiq va gaz. Ammo olimlar suvning suyuq holda besh xil va muzlangan holda o‘n to‘rt xil holatini ajrata olishadi. Suv bu – tabiiy sharoitda uchta, muz, bug‘ va suyuqlik holida osonlikcha topiladigan yagona modda hisoblanadi.
5. Suv shisha bo‘la oladi
Agar muzlagan toza suvni yanada sovitishda davom etadigan bo‘lsak nima bo‘ladi? Suv bilan mo‘jizaviy o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Tselsiy bo‘yicha –120 daraja sovuqda suv juda cho‘ziluvchan bo‘ladi. -135 darajadan past haroratlarda u “shisha” suvga aylanadi. “Shisha” suvda xuddi oynadagiday qattiq modda, ya’ni kristalli tuzilish bo‘lmaydi.
6. Suv bu – hayot
Suv hayot asosi hisoblanadi. Barcha jonli hayvonlar va o‘simlik mavjudotlari suvdan iborat. Jumladan, hayvonlar – 75 foiz, baliqlar – 75 foiz, meduzalar – 99 foiz, kartoshka – 76 foiz, olma – 85 foiz, pomidor – 90 foiz, bodring – 95 foiz, tarvuz – 96 foiz suvdan iborat.
Hatto inson tanasining ham o‘rtacha 50-80 foizi suvdan iborat. Bu ko‘rsatkich odam embrionida 95 foiz, yangi tug‘ilgan chaqaloq tanasida 86 foiz, bolalarda 70-80 foiz, o‘rta yoshlilarda 60-70 foiz va keksa odamlar tanasida 50 foizgacha suv borligini ko‘rsatadi.
Demak keksayib borishi bilan insonning tanasidagi suv miqdori kamayib boradi. Oqibatda organizmda chiqindilar to‘planadi va tanada suv ulushining kamayishi bilan kasalliklarga chalinish va qarish jarayoni tezlashadi.
7. Suv – kasalliklarning yuqish vositasi
Suv faqat hayot beribgina qolmay, uni olishi ham mumkin. Dunyodagi barcha kasalliklarning 85 foizi suv orqali yuqadi. Har yili 25 mln inson ushbu kasalliklar tufayli vafot etadi.
8. Suv ichmagan inson o‘ladi
Agar inson o‘z tanasining 2 foiz suvini yo‘qotsa, u kuchli chanqash his qiladi. Yo‘qotilgan suvning miqdori 10 foizgacha oshsa, unda holsizlanish va alahsirash boshlanadi. Yo‘qotish 12 foizga yetsa, bemor vrach yordamisiz tiklanmaydi. Tanadagi suv miqdori 20 foiz yo‘qotilganda inson vafot etadi.
9. Eng ko‘p toza suv – muzliklarda bo‘ladi
Dunyodagi ichishga yaroqli suvlarning bir qismi muzliklardan iborat. Muzliklar Yer yuzidagi ko‘llar va daryolardagi suvlardan farqli ravishda juda toza hisoblanadi. Chunki atrof-muhit ifloslanishi, chang zarralari baland tog‘larda joylashgan muzliklargacha yetib bormaydi.
10. Suv eng yaxshi parhez vositasi
Kishi tanadagi suv miqdorini ushlab turishda turli gazlangan ichimliklar va sharbatlardan voz kechib, faqat toza suv iste’mol qilishga o‘tsa kaloriya keskin kamayadi va ortiqcha vazndan tez xalos bo‘lish mumkin.
Bundan tashqari, faqat toza suv iste’mol qilish sog‘liq uchun ham juda foydali. Chunki ayrim kasalliklar gazlangan ichimliklar, sharbatlar va qahvani ko‘p iste’mol qilish ortidan kelib chiqadi.
11. Yurak sog‘lomligi uchun suv juda foydali
Faqat toza suv iste’mol qilib yurish yurak xurujining ehtimolini kamaytirishga yordam beradi. Tadqiqotlar davomida olimlar kuniga taxminan olti stakan suv ichadigan odamlar, faqat ikki stakan ichadiganlarga qaraganda yurak xurujiga kamroq uchrashini aniqlashgan.
12. Inson umri davomida o‘rtacha 35 tonna suv iste’mol qiladi
Inson suv ichmasa uzoq yashay olmaydi. Inson uchun eng muhim ehtiyoj kislorod (toza havo) bo‘lsa, ikkinchisi suv hisoblanadi. Inson yeguliksiz qolsa, taxminan olti hafta yashashi mumkin. Lekin suvsiz besh-yetti kun yashay oladi xolos. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra inson umri davomida taxminan 35 tonna suv ichadi.
13. Eng qimmat suv
Suv bepul bo‘lishi yoki juda qimmat narxda sotilishi ham mumkin. Dunyodagi eng qimmat suv Los-Anjyelesda sotiladi. “Swarovski” yorlig‘i bilan ishlab chiqariladigan bu suv yuqori ishqorli va kislotali (ph ta’mli) hisoblanadi. Bunday suvning 1 litri 90 dollar narxlandi.
14. Yonuvchi suv
Dunyoda yonuvchi suv ham mavjud. Bunday suvlar yer ostida metan aralashgan holda bo‘ladi. Masalan, Ozarboyjonda ana shunday suv bor. Bu suvga olov yaqinlashtirilsa, darhol alanga oladi. Italiyaning Sitsiliya orolida zaharli suv ham bor. Mutaxassislar tekshirib ko‘rishganda ko‘lning tubida kislota manbalari bo‘lib, ular yer osti havzasidagi suvni zaharlab turadi.
15. Suvda oqsil bor
Dengiz suvi – oziqlantiruvchi moddalar bilan boyigan suv hisoblanadi. 1 santimetr kub suvda 1,5 g oqsil va boshqa moddalar mavjud. Olimlar Atlantika okeani suvlarida oqsil ko‘proq ekanini aytishgan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.