Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga qaraganda, Toshkentdagi ayrim gaz to‘ldirish shoxobchalarida 1 apreldan metan gaz narxi oshishi haqida e’lonlar paydo bo‘lgan. E’londa 1 metr kub gaz narxi 3800 so‘m bo‘lishi ma’lum qilingan.
Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 15 sentabrdagi 475-sonli qarorida tabiiy gazni sotishda uning eng baland chakana narxi kelgusi 6 oyda bir kub metr uchun 3250 so‘mdan oshib ketmasligi bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilishi belgilangan edi. 1 apreldan boshlab ushbu muddat tugaydi.
Energetika vazirligi matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, vazirlik va uning tasarrufidagi tashkilotlar tadbirkorlarning narxni oshirish yoki oshirmaslik haqidagi qaroriga aralasha olmaydi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalaridagi narxlar davlat tomonidan tartibga solinmaydi va narxni tadbirkorlar mustaqil belgilaydi.