Venesueladagi prezidentlik saylovi: muxolifatdan yangi nomzod ma’lum qilindi

Jahon 13:16 / 25.03.2024 4526

Vente Venezuela muxolifat harakati professor Korina Yorisni Venesueladagi prezidentlik saylovlariga nomzod sifatida ko‘rsatdi. Harakat rahbari Mariya Korina Machado bu haqda 23 mart kuni nomzodlarni ro‘yxatga olish muddati tugashiga bir necha kun qolganida ma’lum qildi. «U mening to‘liq ishonchim va qo‘llab-quvvatlashimga ega», dedi Machado. 

Yoris saylovlarda g‘alaba qozonsa, birinchi navbatda siyosiy mahbuslarni ozod etishini aytgan. Ilgari muxolifat nomzodi sifatida tanlangan Vente Venezuela yetakchisiga yanvar oyida Oliy sud tomonidan 15 yilga davlat lavozimlarida ishlash taqiqlangan edi. Aksariyat taniqli muxolifat siyosatchilari sud qarori bilan o‘z nomzodlarini ko‘rsata olmayapti. 

Maduro muxolifat bilan kelishuvlarni buzganlikda ayblanmoqda 

Machado Venesuela rahbari Nikolas Maduroni Barbados muxolifat kelishuvlarini buzganlikda aybladi. Bitimlar 2023 yilda tuzilgan va xalqaro kuzatuvchilar ishtirokida erkin va oshkora saylovlarni o‘tkazishni nazarda tutgan. Kelishuvlar natijasida Qo‘shma Shtatlar Karakasga qo‘yilgan ayrim sanksiyalarni vaqtincha bekor qildi. 

Bolivar respublikasida prezidentlik saylovlari 28 iyul kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Hukmron Venesuela Yagona sotsialistik partiyasi Maduroni o‘z nomzodi sifatida ko‘rsatgan. Siyosatchi 2013 yildan buyon Janubiy Amerika davlatini boshqarib keladi. Muxolifat 2018 yilgi saylovlarni boykot qildi, shundan so‘ng Maduro o‘zini davlat rahbari deb e’lon qilgandi. 

Maduroning iste’fosini talab qilgan namoyishlar 

2019 yil yanvar oyida o‘sha paytda Venesuela Milliy assambleyasi (parlamenti) raisi bo‘lib ishlagan Xuan Guaydo qasamyod keltirib, o‘zini mamlakatning muvaqqat prezidenti deb e’lon qildi. Uni Maduroning iste’fosini talab qilib, mamlakat ko‘chalariga chiqqan o‘n minglab odamlar qo‘llab-quvvatladi. Germaniya, AQSh va 50 dan ortiq boshqa davlatlar Guaydoni Janubiy Amerika davlatining vaqtinchalik prezidenti sifatida tan oldi. Rossiya Maduroni qo‘llab-quvvatladi.

2022 yil oxirida Venesuela parlamenti Guaydo hukumatini tarqatib yuborish uchun ovoz berdi. 2023 yil aprelida siyosatchi Maduro hukumati tomonidan ta’qib qilinish tahdidi tufayli AQShga ketishini e’lon qildi. 

Ko‘proq yangiliklar: