Qirg‘iziston o‘z fuqarolariga Rossiyaga bormay turishni tavsiya qildi

Jahon 17:36 / 25.03.2024 12383

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Moskva yaqinidagi “Krokus siti holl” majmuasida ro‘y bergan teraktdan keyin butun Rossiya bo‘ylab xavfsizlik choralari kuchaytirilgani munosabati bilan qirg‘izistonliklarga murojaat bilan chiqdi.

“Rossiya Federatsiyasiga kirish uchun favqulodda muhim sabablari bo‘lmagan fuqarolarga qo‘shimcha xavfsizlik choralari va davlat chegarasidan o‘tkazishning kuchaytirilgan rejimi bekor qilingunga qadar ushbu mamlakatga borishdan tiyilish tavsiya etiladi”, – deyiladi vazirlik murojaatida.

Shuningdek, Rossiyaga avvalgi safari vaqtida ikki yoki undan ko‘proq marta ma’muriy javobgarlikka tortilgan qirg‘izistonliklar ham RF chegarasidan o‘tkazilmasligi ehtimoli sabab Rossiyaga bormay turishi tavsiya qilingan.

Rossiyaga borishni reja qilib qo‘ygan fuqarolar RF Ichki ishlar vazirligi sayti orqali mamlakatga kirishiga cheklov qo‘yilmaganini avvaldan tekshirib olishi maqsadga muvofiqligi ta’kidlangan.

Shuningdek, Rossiyada bo‘lib turgan Qirg‘iziston fuqarolaridan odamlar ko‘p to‘planadigan joylarga bormaslik, o‘zi bilan doimiy ravishda shaxsini tasdiqlovchi va mamlakatda qonuniy asosda bo‘lib turganini hujjatlarni olib yurish so‘ralmoqda.

Qirg‘iziston, shuningdek, Rossiyadagi o‘z fuqarolarini RF huquq-tartibot idoralari xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunishga ham chaqirgan.

Ko‘proq yangiliklar: