Belgiya bosh vaziri YeIni Rossiya yadro yonilg‘isidan voz kechishga chaqirdi

Jahon 11:48 / 25.03.2024 3449

Belgiya bosh vaziri Aleksandr de Krooning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Yevropaning past uglerodli energiyaga qiziqishini jonlantirish jarayonini to‘xtatish uchun Rossiya yadro yonilg‘isidan «iloji boricha tezroq» voz kechishi kerak. Bu haqda u 24 mart, yakshanba kuni Financial Times (FT) gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi. «2022 yilda Rossiya tomonidan boyitilgan uranning Yevropa Ittifoqiga yetkazib berishdagi ulushi 30 foizni tashkil etganligi sababli, shu yo‘l bilan bir qaramlikni boshqasiga almashtirish xavfi bor», - deya ta’kidladi de Kroo. 

Belgiya bosh vaziri yadroviy ta’minot zanjirlarini o‘zgartirish murakkab vazifa ekanini va shunga qaramay, uni tezda hal qilish zarurligini tan oldi: «Biz Rossiya yadro yonilg‘isidan ajralib chiqishimiz kerak, biroq ayni paytda nol tashlamalar bilan elektr energiyasi ishlab chiqarishimiz mumkinligiga ishonch hosil qilishimiz kerak». 

Belgiya 2023 yil oxirida yadroviy reaktorlarning ishlash muddatini uzaytirdi 

2023 yil dekabrida BMTning COP28 global iqlim konferensiyasida Belgiya 2025 yilda yopilishi kerak bo‘lgan ikkita yadroviy reaktorning ishlash muddatini uzaytirishga qaror qildi. Endi ular 2035 yilgacha ishlaydi, garchi de Krooning shaxsan o‘zi ular xizmat muddatini 20 yilga uzaytirish kerak deb hisoblayapti. O‘shanda 25 davlat, jumladan Kanada, Britaniya va AQSh 2050 yilgacha atom elektr stansiyalarining elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatini uch baravar oshirish majburiyatini imzoladi. 

Belgiya bosh vazirining tashabbusi 21 mart kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan yadro energetikasi bo‘yicha birinchi xalqaro sammitda 30 dan ortiq davlat rahbarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Yevropa Ittifoqining yuqori martabali rasmiysi yadroviy sammit «bo‘layotgan o‘zgarishlarni ko‘rsatishi va bu juda ajoyib» ekanligini aytdi. 

Germaniya sammitda ishtirok etmadi 

Sammitda, jumladan, Fransiya, Niderlandiya va Polsha davlat va hukumat rahbarlari, AQSh, Xitoy va Yaponiyaning yuqori martabali vakillari ishtirok etdi. Atom energiyasidan voz kechgan Germaniya anjumanda qatnashmadi. 

Sammit xalqaro ekologik tashkilot «Grinpis» tomonidan uyushtirilgan norozilik namoyishlari fonida bo‘lib o‘tdi. Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda dunyo bo‘ylab 415 ta atom elektr stansiyasi ishlamoqda. 

Ukraina Bolgariyadan ikkita yadroviy reaktor sotib olmoqchi 

Ukraina 2022 yil fevralida Rossiya tomonidan egallab olingan va shu kungacha ushlab turilgan Yevropadagi eng yirik Zaporijjya atom elektr stansiyasi (ZAES) yo‘qotilishining o‘rnini qoplash uchun Bolgariyadan ikkita yadroviy reaktor sotib olish bo‘yicha shartnomani iyun oyida imzolashga umid qilmoqda. Yangi reaktorlar Ukraina g‘arbidagi Xmelnitskiy atom elektr stansiyasida quriladi va Kiyev Bolgariyadan olib kelmoqchi bo‘lgan Rossiyada ishlab chiqarilgan uskunalar bilan jihozlanadi. Ukrainaning «Energoatom» davlat kompaniyasi ikki-uch yildan so‘ng ushbu reaktorlarning birinchisida ishga tushirish ishlarini boshlashga tayyor bo‘lishi kutilmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: