Shavkat Mirziyoyev dastlab Yangi Namangan tumanidagi “Gavhar grup” korxonasini borib ko‘rdi.
Ta’kidlanishicha, mazkur korxona yiliga 1 ming 200 kilogramm zargarlik buyumlarini sanoat usulida ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxonaga Turkiya, Italiya, AQSh va Germaniyadan zamonaviy uskunalar keltirilib, 2022 yilda ishga tushirilgan. Korxonada 100 dan ortiq kishining bandligi ta’minlangan. Shu yerning o‘zida yoshlarga hunar ham o‘rgatiladi.
“Gavhar grup” 10 ming xil dizayndagi zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirgan. Chet ellar bilan hamkorlikda qo‘l soatlarining tilla korpusini tayyorlash yo‘lga quyilgan. 2023 yilda 270 kilogramm mahsulot ishlab chiqarilgan.
Davlat rahbari korxonada ishlayotgan zargarlar bilan suhbatlashdi.
“Mamlakatimizda yiliga 100 tonna oltin qazib olyapmiz. Uni zargar tadbirkorlarga bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishga ruxsat berilgan. Ochig‘i, bunday imkoniyatlar hech qaysi davlatda yo‘q. Lekin yurtimizda oltinning atigi 6 foizi qayta ishlanyapti. Oltin qazib olinmaydigan mamlakatlar bizdan ko‘p eksport qilyapti. Bu sohada biroz kechikdik. Shuning uchun ishlab chiqarishga qo‘shimcha sharoitlar yaratyapmiz. Bu hali boshlanishi. Sohani hali yana rivojlantiramiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident korxonada turkiyalik ishbilarmonlar bilan tajriba almashish, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish masalalari bo‘yicha muloqot qildi.
Shuningdek, “Mexmash” mas’uliyati cheklangan jamiyati mahsulotlarini ham ko‘zdan kechirildi. Mazkur korxona yiliga 20 ming tonna burama mix va 18 ming tonna rulonli qog‘oz ishlab chiqarish, 6 million dollarlik eksport quvvatiga ega. 700 kishi ish bilan ta’minlangan.
Shavkat Mirziyoyev bozor talabidan kelib chiqib, avtomobil sanoatida qo‘llanadigan mahkamlash mahsulotlari hajmini va eksportini oshirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish rejalari yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.