Zelenskiy ofisi Ukrainaning Moskvadagi teraktga aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi

Jahon 02:07 / 23.03.2024 13074

Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning Moskva yaqinidagi «Krokus Siti Xoll» konsert zalidagi terrorchilik harakatiga aloqasi yo‘q.

«Keling, aniqlashtirib olaylik. Ukrainaning bu voqealarga hech qanday aloqasi yo‘q. Chunki, birinchidan, biz Rossiyaning muntazam armiyasi bilan to‘liq, keng ko‘lamli, ulkan, shiddatli urush olib boryapmiz. Va hamma narsa Ukraina uchun jang maydonida hal qilinadi. Rossiya muntazam armiyasini yo‘q qilish va shu bilan bu urushni tugatish uchun samarali harbiy harakatlar, hujumkor harakatlarni amalga oshirish muhimdir», dedi Podolyak.

O‘z navbatida, Ukraina Mudofaa vazirligi Razvedka bosh boshqarmasi vakili Andriy Yusov Moskva yaqinidagi terakt Rossiya maxsus xizmatlarining «provokatsiyasi» ekanini aytdi.

«Bu xalqaro hamjamiyat ogohlantirganidek, Putin maxsus xizmatlarining ataylab qilgan provokatsiyasi. Kremldagi zolim o‘z faoliyatini shu bilan boshlagan va uni o‘z fuqarolariga qarshi xuddi shunday jinoyatlar bilan yakunlamoqchi», dedi u.

AQSh Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi avvalroq Qo‘shma Shtatlarda Moskvadagi terakt haqida oldindan ma’lumot bo‘lmaganini aytgan edi. «Krokus Siti Xoll»dagi hujum ortida Ukraina turgan bo‘lishi mumkinmi, degan savolga javob berar ekan, Oq uy vakili hozir Ukraina yoki ukrainaliklarning terakt bilan bog‘liqligi haqida hech qanday dalil yo‘qligini aytdi.

Rossiya rasmiylari «Krokus Siti Xoll»dagi terakt uchun kim javobgar deb topilganini hozircha e’lon qilmadi.

Ko‘proq yangiliklar: