Rossiyadagi eng yirik majmua «Crocus City Hall» kimniki va Tramp bilan qanday aloqalarga ega?

Jahon 03:14 / 23.03.2024 40275

Moskva oblastida joylashgan, 60 dan ziyod inson o‘limi va 140 ga yaqin odamning yarador bo‘lishiga sabab bo‘lgan terrorchilik akti sodir etilgan «Crocus City Hall» kimga tegishli?

Aras Agalarov. Foto: thebell.io

«Crocus City Hall» — rossiyalik biznesmen Aras Agalarovning Crocus Group kompaniyasining eng asosiy aktivlaridan biri. Crocus Group Rossiyaning eng yirik qurilish kompaniyasi hisoblanadi.

Aras Agalarovga bir necha bor o‘ta murakkab obektlarni qurish ishonib topshirilgan. Jumladan Rossiyada o‘tgan JCh-2018 stadionlarining qurilishi ham. Masalan, 2012 yilda ATES sammiti uchun Vladivostokdagi Russkiy orolida Uzoq Sharq federal universiteti binosini ham u qurgan. Moskvadagi markaziy halqa avtomobil yo‘lining uchastkalaridan birini ham Crocus Group qurgan.

Unga «Vostochniy» kosmodromi qurilishini qutqarib qolish ham taklif qilingan, biroq Agalarov u yerda faqat bir nechta obekt, jumladan aeroport, «Angara» raketa tashuvchisini yig‘ish va tekshiruvdan o‘tkazish majmuasini qurib berishga rozi bo‘lgan.

“Crocus City” Rossiyadagi eng yirik savdo-ko‘ngilochar majmuasi hisoblanadi. Foto: Wikipedia

«Mening hukumatda tanish-bilishlarim yo‘q, — degan edi Agalarov 2019 yili bergan intervyularidan birida. — Men o‘zi juda qaysar va urushqoq odamman. Biror yig‘ilishga kirib kelsam, odamlar «u hamma bilan urushaveradi, lekin qo‘lidan nimadir keladi», deyishardi. O‘zining tanish-bilishlari va aloqalarini berkitadigan insonlar ham bor. Yashirincha kelishuvlar qilishadi, pudratlarni qo‘lga kiritishadi. Mening barcha aloqalarim mutlaqo rasmiy, ochiq kontaktlarga egaman. Meni doim hamma joyga taklif qilishadi, bu haqiqat. Lekin men hech kim bilan avvaldan kelishmayman, ko‘proq pul ishlab olish uchun yirik va yog‘li shartnomalarni so‘ramayman. Shunchaki, biz tez va sifatli qura olishimizni hamma ko‘rib turibdi».

«Crocus City» — Aras Agalarovning eng yirik aktivi va Rossiyadagi eng yirik savdo-ko‘rgazma majmuasi hisoblanadi. Uning tarkibiga «Crocus Expo» ko‘rgazma maydonchasi, «Crocus City Hall» konsert zali va «Crocus Cuty Mall» savdo markazi kiradi.

2013 yilda Moskvaga qilgan tashrifi chog‘ida Donald Tramp uch kun «Crocus»da mehmon bo‘lgan. AQShning bo‘lajak prezidenti o‘shanda Aras Agalarov bilan Moskvada «Trump Tower» qurish bo‘yicha muzokaralar olib borgan. Alaloqibat loyiha amalga oshmagan, biroq 2016 yilga kelib mana shu aloqa tufayli Agalarovlarni AQShdagi mojaroli saylovlarga aralashuvda gumon qilishgan.

Aras Agalarov va uning o‘g‘li Emin – Donald Tramp bilan. Foto: Foto: Vyacheslav Prokofev / TASS

Ayni paytda Aras Agalarov o‘g‘li Emin bilan terakt sodir etilgan joyda hozir bo‘lib turibdi. «Konsert zali rahbariyati va xavfsizlik xizmati bilan shoshilinch yig‘ilish o‘tkazilmoqda», — deyiladi kompaniya matbuot xizmati xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: