«Oldidan chiqqan hammani otib o‘ldirishdi» – Moskvadagi terakt guvohlari nimalar deyishmoqda?

Jahon 04:24 / 23.03.2024 52175

Moskva markazidagi «Krokus Siti Holl» konsert zalida Rossiya oxirgi 10 yilligidagi eng dahshatli terakt sodir etildi. Qurollangan odamlar zalga bemalol kirib odamlarni avtomatda otib tashladi. U yerda nima bo‘layotgandi o‘zi? Bu dahshatdan omon chiqqanlar nima demoqda?

Terakt «Piknik» guruhi konserti boshlanishidan 10 daqiqa avval boshlandi. Qurollangan terrorchilar sipo kamfulyajda, zamonaviy qurollarda deyarli qarshiliksiz olomon ichiga kirib borgan va to‘g‘ri kelgan odamni otib tashlagan.

«Men hollda turgandim, avtomat ovozi eshitilganda hamma chiqish eshigiga yopirildi va tiqilinch yuzaga keldi. Odamlar ust kiyimini olishni ham o‘ylamay o‘zini tashqariga urdi. Ko‘chaga chiqqanimda yana avtomat ovozi eshitildi. Hozir «Krokus»ni politsiya o‘rab olgan», deydi Svetlana ismli guvoh.

Aleksandr ismli guvohning aytishicha, otishma Moskva vaqti bilan soat 19:45 da boshlangan. Avvaliga odamlar nima bo‘layotganini tushunmagan, keyin qurollangan odamlar o‘rindiqlarga ko‘tarilgach, hamma o‘zini metro tomondagi chiqish eshigiga urgan.

«Bir xonaga kirdik, odamlar uning derazalarini sindirib tashqariga chiqqandi. Tashqarida kiyinishga ham ulgurmagan odamlar yo‘lovchi avtobusini to‘xtatib, ularni olib ketishni so‘ragan. Haydovchi esa ikki bekatdan keyin marshruti tugashini aytib odamlarni olib ketmagan», deydi Aleksandr.

Foto: AGN «Moskva»

«Ostorojno, novosti» kanali bilan suhbatlashgan yana bir manbaning aytishicha, odamlar otishma boshlangach, avval tepaga, keyin pastga qochgan.

«Polga yotib olgandik, keyin hamma tepaga intilayotganini ko‘rdik-da, biz ham ular ortidan ketdik. Tepaga chiqib cho‘kkalab yotganimizda esa endi odamlar pastga tushayotganini ko‘rdik. Keyin eskalator orqali pastga intildik.

Kimdir parkovkaga o‘tadigan derazani sindirdi va hamma o‘zini o‘sha yerga urdi. Parkovkada bitta taksini ko‘rdik va o‘zimiz tanimagan odamlar bilan birga amallab omon qoldik», deydi u.

«Odamlar tirik qolish uchun yerga yotib olishdi. 15-20 daqiqa shunday yotishdi, ko‘plar omon qoldi», deydi boshqa bir guvoh.

«Konsert boshlanishi arafasida otishma boshlandi. Boshida nima bo‘layotganini tushunmadik, keyin men otishma, qochamiz deb baqirdim-da, sahnaga yugurdim. U yerda kolonkaning orqasiga bekindim. Keyin odamlar sahna orqali qochish uchun men tomonga ko‘tarilishdi. Shu tariqa avtoturargohga qochib chiqdik. 5 daqiqa ichida qochib ulgurdik, omadimiz keldi deya olaman», degan boshqa bir guvoh.

ReN TV bilan suhbatlashgan guvohlar ikkinchi qavatda qolib ketganini aytgan. Ular yong‘in sabab bloklanib qolishgan.

Foto: RIA Novosti

«Zalga qurollangan odamlar kirib keldi. Ular birdan tomoshabinlarni o‘qqa tutishdi. Ko‘ziga ko‘ringan odamni otib o‘ldirishdi. Ular Molotov kokteyli ham yoqishdi. Yong‘in zinapoyasidan chiqmoqchi bo‘ldik, ammo u yopiq edi. 400-500 kishi tiqilib qoldik. Keyin ko‘pchilik birinchi to‘lqinda markaziy eshikdan chiqib ketdik», degan omon qolgan erkak.

Bu orada terrorchilar ichida bo‘lgani taxmin qilinayotgan «Reno» mashinasining ham daragi chiqdi. Ulovning sobiq egasi uni bir hafta avval sotgani, tarmoqda mashinasining suratini ko‘rib shokka tushganini aytgan.

«Bu mening mashinam edi. Suratlarni ko‘rib hayron qoldim. Xotinimning akasiga qo‘ng‘iroq qilib tusha olmayapman. U mashina o‘rtog‘iga kerak ekanini aytgandi. Qaynim kechqurun qo‘ng‘iroq qilib, bugun mashinani hisobdan chiqara olish olmasligimni so‘radi», deydi mashinaning sobiq egasi.

Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, terakt qurbonlari soni 62 nafarga yetgan.

Ko‘proq yangiliklar: