Moskvadagi terakt: voqealar xronologiyasi

Jahon 04:42 / 23.03.2024 47189

22 mart kuni terrorchilar Moskva oblastida joylashgan «Crocus City Hall» majmuasining konsert zaliga hujum qilishdi. Ular Moskva vaqti bilan soat 20:00 lar atrofida «Piknik» guruhining konsertiga yig‘ilgan 6 mingdan ziyod tomoshabin bo‘lgan zalga bostirib kirib, o‘qotar quroldan tomoshabinlarga qarata o‘t ocha boshlashgan.

Foto: Sergey Vedyashkin / «Moskva» agentligi

Rossiyaning eng yirik savdo va ko‘ngilochar markazida ro‘y bergan dahshatli terrorchilik akti xronologiyasi va eng asosiy xabarlar bilan yana bir bor tanishtirib o‘tamiz.

  • Eng kamida 5 nafar terrorchi binoga ikki tomondan — avtoturargoh va bosh kirish eshigidan bostirib kirishgan. Ular aniqlashtirib o‘tirmasdan, «Piknik» guruhining konsertiga kelgan tomoshabinlarga qarata o‘t ochishgan.

  • O‘nlab nuqtalarda o‘t ochilgan. Voqea guvohlari kamida ikkita portlash ovozini eshitishgan. Ularning so‘nggisi Moskva vaqti bilan soat 21:30 atrofida ro‘y bergan.

  • Hujum qilgan terrorchilar nafaqat konsert zalida, shuningdek foyeda hamda unga kirish joyida ham o‘t ochishgan. Hujum qilganlarning ikki nafarida ryukzak bo‘lgan. Ularda portlovchi moddalar bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

  • Dastlabki hisoblarga ko‘ra, 62 kishi halok bo‘lgan. Moskva oblasti sog‘liqni saqlash vazirligi terakt davomida turli darajada tan jarohati olgan 146 nafar jabrlanuvchining ro‘yxatini e’lon qildi. Ulardan 115 nafari kasalxonalarga joylashtirilgan. Shundan 5 nafari voyaga yetmagan bolalar. 60 nafar yoshi katta jabrlanuvchilar va bir nafar yosh bolaning ahvoli og‘ir. Yana to‘qqiz kishining ahvoli o‘ta kritik ekani ma’lum qilindi.

  • Odamlarning katta qismi konsert zalini o‘zlari qochib chiqib tark etishga muvaffaq bo‘lishgan. Ular binodan chiqish uchun uning oynavand fasadi derazalarini ham sindirishgan. Moskva oblasti Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, odamlar binoning yerto‘la qismidan chiqarib olingan, shuningdek, uning tomidan kranlar yordamida tushirilgan.

  • Jangarilar konsert zaliga o‘t qo‘yishgan. Yong‘in tezda bino bo‘ylab tarqala boshlagan. Olov qariyb 13 ming metr kvadrat maydonni qoplab olgan. Binoning oynavand fasadi va tomi qulab tushgan. Yong‘inni o‘chirishga vertolyotlar ham jalb qilingan. 5 soatlik urinishlardan so‘ng olov qurshab olingan.

  • «Crocus City Hall»ning hojatxonasida 10 dan ziyod insonning jasadi topilgan. Otishma chog‘ida tomoshabinlarning bir qismi hojatxonaga yashiringandi. Ular 112 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, qutqarishlarini so‘rashgan. Hojatxonaga yong‘in tutuni kirib, ular nafas olishga qiynalib vafot etishgan.

  • Voqea joyida 50 dan ziyod tibbiy tez yordam brigadasi ishlagan. 23 mart soat 8:30 dan boshlab jabrlanuvchilar uchun qon va uning tarkibiy qismlari qabul qilina boshlashi e’lon qilingan.

    Foto: Vedomosti

Terakt tufayli Moskva shahar transport tizimi va aeroportlarida xavfsizlik kuchaytirilgan. Rossiya bo‘ylab ommaviy tadbirlar bekor qilingan.

  • Rossiya Milliy gvardiyasi terrorchilarni qidirish davom etayotganini bildirdi. Terrorchilar voqea joyini oq tusli «Renault Symbol» sedanida tark etgani gumon qilinmoqda.

  • Moskvada «Yandex.Taxi» yo‘lovchilarga «Crocus City Hall» joylashgan hududdagi barcha tashuvlarni tekin qildi. Haydovchilarga yo‘lkira haqi to‘liq kompaniya hisobidan to‘lab berilishi, hududdan chiqib ketish uchun avval to‘langan pullar ham ikki kun ichida yo‘lovchilarga to‘liq qaytarib berilishi e’lon qilindi.

  • Moskva shahri meri Sergey Sobyaninning qaroriga ko‘ra, dam olish kunlari Moskva shahrida rejalashtirilgan barcha sport, madaniyat va boshqa ommaviy tadbirlar bekor qilindi. Rossiyaning boshqa hududlarida ham shanba va yakshanba kunlariga mo‘ljallangan ommaviy tadbirlar ham birin-ketin bekor qilinmoqda.

  • Rossiya fan va oliy ta’lim vazirligi yaqin kunlar uchun oliygohlardagi barcha ta’lim jarayoni bekor qilinishini tavsiya qildi.

  • Rossiya restoratorlari va otelyyerlari federatsiyasi prezidenti Igor Buxarov umumiy ovqatlanish joylarida xavfsizlik choralari kuchaytirilishini ta’kidladi.

    Foto: Vedomosti

Xalqaro hamjamiyat «Crocus City Hall»dagi teraktni keskin qoralamoqda. Hozircha biror tashkilot terakt uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan. Teraktni IShID uyushtirgan deyilgan xabarlar keyinchalik rasmiylar tomonidan rad etilgan. CNN va Reuters kabi obro‘li nashrlar esa IShIDga aloqador Amaq agentligiga tayanib, Moskvadagi terakt uchun aynan IShID mas’uliyatni gardaniga olganini yozdi.

  • Ko‘plab davlatlar «Crocus City Hall»dagi teraktni qoralab, qurbonlar uchun hamdardlik bildirdi. Ular orasida AQSh, Germaniya, Avstriya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Polsha, Gretsiya, Turkiya, Belarus, O‘zbekiston, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Pokiston, Eron, Saudiya Arabistoni, Qatar, Misr, Kuba, Falastin, Venesuela va Armaniston kabi davlatlar bor.

  • O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev fojia oqibatida o‘nlab begunoh insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ta’ziya yo‘lladi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi sodir etilgan teraktni keskin qoraladi.

  • O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Moskva viloyatidagi «Crocus City Hall» konsert zalida ro‘y bergan portlash va otishmada jabrlangan O‘zbekiston fuqarolari haqida ma’lumot kelib tushmaganini ma’lum qildi.

Ko‘proq yangiliklar: