Moskvadagi terakt: G‘arb bu haqda ikki hafta oldin ogohlantirgan edi

Jahon 01:04 / 23.03.2024 32105

7 mart kuni yettita g‘arb davlatlari maxsus xizmatlari Rossiyada odamlar ko‘p to‘planadigan joylarda terrorchilik aktlari uyushtirilishi mumkinligidan ogohlantirgan edi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Federal xavfsizlik xizmati hay’at yig‘ilishida chiqish qilib, bu xabarlarni «ochiqcha shantaj» deb atab, rossiyaliklarni qo‘rqitishga urinish deb baholagan edi.

Oq uy «Crocus City Hall»dagi terrorchilik aktini «dahshatli hujum» deb atagan. Biroq bu teraktga tayyorgarlik ko‘rilgani haqida axborotga ega bo‘lmaganini ta’kidlagan. Shuningdek, Oq uy Ukraina davlati yoki ukrainaliklar Moskvadagi teraktga aloqadorligi borasida biror belgi ko‘rmayotgani haqida bayonot bergan.

Bu bayonot Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarovaning keskin reaksiya bildirishiga sabab bo‘lgan.

«Oq uy Moskvadagi teraktga ukrainlarning aloqasi borligiga biror belgi ko‘rmayotganini ta’kidladi.

Qanday asosga ko‘ra Vashingtondagi rasmiy shaxslar fojia o‘zining avj pallasiga chiqqanida kimningdir aloqador emasligi to‘g‘risida xulosa chiqarishmoqda? Agar AQShda bu borada ishonchli ma’lumotlar bo‘lsa, ularni zudlik bilan Rossiya tomoniga uzatishi kerak.

Agar bunday ma’lumotlar bo‘lmasa, Oq uy kimgadir indulgensiya berishga haqli emas.

Rossiya rahbariyati ta’kidlaganidek, barcha aloqador shaxslarni tegishli organlar aniqlashtiradi», — deb yozgan Mariya Zaxarova.

Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev agar teraktni Ukraina tomoni uyushtirgan bo‘lsa, qonga qon bilan javob berilishi kerakligini yozdi:

«Teraktda qurbon bo‘lganlarning oilalariga chuqur hamdardlik, ularning yaqinlariga ruhiy kuch-quvvat bildiramiz.

Terrorchilar faqat javob terrorini tushunishadi. Hech qanday sud va surishtiruvlar kuch ishlatish va qotilliklarga qarshi terrorchilarni total qatl etish va ularning oilalariga repressiya uyushtirishning o‘rnini bosa olmaydi. Bu jahon tajribasi.

Agar bu terrorchilar Kiyev rejimiga aloqadorligi aniqlansa, ularga va ularning g‘oyaviy ilhomlantiruvchilariga boshqacha munosabatda bo‘lish imkonsiz. Ularning barchasi topilib, terrorchilar sifatida shafqatsizlik bilan yo‘q qilinishi kerak. Jumladan, bunday qattollikni uyushtirgan davlatning rasmiy shaxslari bilan qo‘shib.

Qonga — qon», deb yozgan Medvedev.

Ukraina tomoni Moskvadagi teraktga aloqador emasligi haqida bayonot berdi. Ukraina prezidenti maslahatchisi Mixaylo Podolyak «Crocus City Hall»da ro‘y bergan terrorchilik aktiga Ukrainaning aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.

Ukraina prezidentining ofisi rahbari Andriy Yermakning matbuot kotibi sodir bo‘lgan voqealarda «Rossiya maxsus xizmatlarining qo‘li» ko‘rinayotganini ta’kidlagan. Ukraina Bosh razvedka boshqarmasining harbiy razvedka vakili Andriy Yusov teraktni «Putin rejimining provokatsiyasi» deb atagan.

Bu orada Moskva shahri meri Sergey Sobyaninning qaroriga ko‘ra, dam olish kunlari Moskva shahrida rejalashtirilgan barcha sport, madaniyat va boshqa ommaviy tadbirlar bekor qilindi.

Rossiyaning boshqa hududlarida ham birin-ketin shanba va yakshanba kunlariga mo‘ljallangan ommaviy tadbirlar bekor qilinmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: