Moskvadagi terakt: 11 kishi qo‘lga olindi

Jahon 13:33 / 23.03.2024 47251

RF prezident matbuot xizmati  Crocus City Hall’da teraktga bevosita aloqador 4 terrorchi qo‘lga olingani haqida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, teraktda gumonlanib, jami 11 kishi qo‘lga olingan — ulardan 4 nafari bevositda  Crocus City Hall’dagi hujumda ishtirok etgan, deyiladi bayonotda.

Rossiya Davlat dumasi deputati Aleksandr Xinshteyn teraktda gumonlanayotganlar qochgan Renault avtomobili Bryansk viloyatining Xatsun qishlog‘i hududidan topilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, gumondorlarning biri mashina bilan birga qo‘lga olingan, yana biri esa o‘rmon hududida ushlangan.

Xinshteynga ko‘ra, Renault salonidan “PM” to‘pponachasi, “AKM” avtomatining o‘qdoni va Tojikiston fuqarolarining pasporti topilgan.

Mahalliy OAV bungacha teraktda gumonlanayotganlar Tojikiston fuqarolari ekani haqida yozdi. Tojikiston TIV esa respublika fuqarolarining teraktga aloqadorligi haqida Rossiya tomonidan rasmiy xabar olmagani haqida bayonot berib, ommaviy axborot vositalarini rasmiy manbalarga tayanishga chaqirdi.

Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni damda terakt qurbonlari soni 93 kishiga yetgan. Moskva meri Sergey Sobyanin teraktdan jabr ko‘rganlarga 500 mingdan 3 mln rublgacha moddiy ko‘mak berilishini ma’lum qildi.

Ko‘proq yangiliklar: