Xitoy banklari Rossiyadan yuandagi to‘lovlarni bloklashni boshladi - OAV

Jahon 22:28 / 21.03.2024 10795

Xitoyning bir qancha banklari Rossiyadan yuandagi to‘lovlarni qabul qilishni to‘xtatdi, ular bunday operatsiyalarni mijozlarga qaytarishni boshladi. Bu haqda «Izvestiya» xabar berdi.

«Pervaya Gruppa» kompaniyasi bosh direktori Aleksey Poroshin so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik mijozlar kamida sakkizta bank tomonidan bloklangan: Ping An Bank, Bank of Nengbo, Great Wall West China, Dongguan Rural Commercial, China Guangfa, Kunshan Rural Commercial, Shenzhen Rural Commercial va China Zheshang.

Ta’kidlanishicha, banklar AQSh tomonidan ikkilamchi sanksiyalar va bosimlardan qo‘rqmoqda. Ko‘pgina yirik Xitoy banklarining Qo‘shma Shtatlarda vakolatxonalari bor.

Ilgari muammolar faqat Rossiyadan Xitoy banklariga dollar o‘tkazmalari bilan bog‘liq bo‘lgan. Milliy valutadagi tranzaksiyalarda muammo bo‘lmagan, xalqaro ishtirokdagi banklar bundan mustasno: CitiBank, Standard Chartered Bank, HSBC, JP Morgan, BNP Paribas, Deutsche Bank va Mizuho Bank. Ularning aksariyati ikki yil avval yuandagi to‘lovlar bilan ishlashni to‘xtatgan edi.

Turk banklari ham Rossiya mijozlariga xizmat ko‘rsatishdan bosh tortmoqda yoki to‘lovlarni kechiktirmoqda. Yanvar oyida Rossiya bilan hisob-kitoblar yirik turk ishtirokchisi Nurol Bank tomonidan cheklangan edi. OhMySwift portali (xalqaro SWIFT pul o‘tkazmalarini tahlil qiluvchi) ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil dekabridan boshlab Rossiyadan Turkiyaga ko‘pchilik pul o‘tkazmalari rad etilyapti.

Yuandagi to‘lovlarni qabul qilishdan bosh tortish Rossiya kompaniyalari uchun hisob-kitoblarni yanada murakkablashtiradi. Ammo to‘lovlarni bir necha yo‘llar bilan davom ettirish mumkin: to‘lovlari Xitoyda hali ham qabul qilinadigan Rossiya banki orqali, kompaniyaning Xitoyda yoki boshqa «do‘stona mamlakatda» filialini ochish orqali, shuningdek, Hongkongdagi hamkorlar orqali.

Ko‘proq yangiliklar: