18 mart kuni O‘zbekistondagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida Navro‘z bayrami tantanalari va sayli bo‘lib o‘tdi. Ushbu bayramni baland ruh va katta shodiyonalar bilan nishonlash azal-azaldan o‘zbek xalqining go‘zal va tarixiy an’analaridan biri sanaladi. Endi esa Navro‘z bayrami sayillari xalqaro oliy ta’lim muassasalarida ham keng miqyosda o‘tkazilmoqda.
Universitetda tashkil etilgan bayram saylida mahalla faollari, nuroniylar, talabalar va institutning barcha xodimlari ishtirok etishdi. Tadbir doirasida O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat instituti ijodkorlari hamda xalqimizning taniqli san’atkorlari tomonidan tashkil etilgan konsert ham bayramga o‘ziga xos ko‘tarinki ruhiyat bag‘ishladi. Bundan tashqari, sport musobaqalari ham bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etganlar sportning shaxmat, shashka va stol tennisi yo‘nalishlarida qizg‘in bahslar olib borishdi. G‘oliblar esa qimmatbaho va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Shuningdek, sayil doirasida doshqozonlarda sumalak va osh kabi o‘zbek xalqining milliy taomlari tayyorlanib, mehmonlarga tortiq qilindi.
Xulosa qilib aytganda, o‘zbek xalqining ko‘p asrlik ezgu qadriyatlarini, uning orzu-intilishlarini o‘zida mujassam etgan ushbu qutlug‘ ayyom mustaqillik yillarida mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elatlarga mansub barcha vatandoshlarimiz uchun umumxalq bayramiga aylangan. Endi esa Navro‘z bayrami chet el ilmiy dargohlarida ham katta tantanalar bilan nishonlanmoqda.
Reklama