Raqobat qo‘mitasi “O‘zbekneftgaz”ning benzin shoxobchalari bilan ro‘y bergan xususiylashtirishni o‘rganmoqda

Iqtisodiyot 20:40 / 20.03.2024 21123

Raqobat qo‘mitasi O‘zbekistondagi eng yirik benzin shoxobchalari tarmog‘i – UNG Petro'ning xususiylashtirilishi bo‘yicha o‘rganish olib bormoqda. Bu haqda qo‘mita raisi o‘rinbosari Farrux Qoraboyev 20 mart kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

“Bu masalani hozir o‘rganyapmiz. Bizda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunga asosan tegishli mexanizmlar bor: bozor konsentratsiyasini nazorat qilish nuqtayi nazaridan oldindan rozilik olish masalasi bor. Lekin ayrim holatlarda istisno tariqasida, agar tegishli qarorlar asosida iqtisodiy maqsadga muvofiqlikdan kelib chiqib va boshqa sabablar bilan alohida tartib belgilangan bo‘lsa, bu mexanizm qo‘llanilmaydi.

Shuning uchun bu holatda tegishli qonunchilik hujjatlariga ta’siri nuqtayi nazaridan o‘rganyapmiz, o‘rganishlarimiz natijalariga ko‘ra qonunchilikka asosan ish ko‘ramiz”, – dedi Farrux Qoraboyev.

Raqobat qo‘mitasi bu masalani o‘z vakolatlaridan kelib chiqib o‘rganishi, masalaning obekt davlat aktivi ekani bilan bog‘liqlik jihatlariga esa Davlat aktivlarini boshqarish agentligi izoh berishi maqsadga muvofiq ekanini aytdi. Eslatib o‘tamiz, Davaktiv bu xususiylashtirish jarayoni bo‘yicha axborot bermay kelmoqda.

Ma’lumot uchun, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 26-moddasiga ko‘ra, davlat ishtirokidagi korxonalarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarning (ulushlarning) olinishiga doir bitimlar prezident qaroriga binoan amalga oshirilgan hollarda iqtisodiy konsentratsiya uchun vakolatli davlat organining oldindan roziligini olish tartibi qo‘llanilmaydi.

Gazeta.uz'ning yozishicha, UNG Petro tarmog‘iga kiruvchi 80 ga yaqin benzin shoxobchalarining umumiy narxi ular joylashgan yer narxlarini hisoblamaganda 100 mln dollardan kam turmaydi.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning e’tibor qaratishicha, “O‘zbekneftgaz” AJ affillangan shaxslarining 2023 yil 15 sentabrdagi ro‘yxatida “UNG Petro” MChJ va “Chinoz neftni qayta ishlash zavodi” MChJ bo‘lgan, lekin 2023 yil 20 dekabrdagi ro‘yxatdan bu ikki korxona o‘rin olmagan.

UNG Petro va Chinoz NQIZ xususiylashtirilgani haqida jamoatchilik mart oyida xabar topdi. Har ikki aktiv “Petroleum Technology Group” MChJ nazoratiga o‘tgan. 2023 yil 4 oktyabrda ro‘yxatga olingan ushbu korxonaning yagona ta’sischisi – sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaliz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilov hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: