Imom Buxoriyning «At-tarixus-sag‘ir» asari ilk marta o‘zbek tiliga tarjima qilindi

Jamiyat 19:06 / 20.03.2024 15875

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Buxoriyning islom olamida mashhur bo‘lgan «At-tarixus-sag‘ir» (Kichik tarix) asari ilk marta o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Bu haqda markaz direktori Shovosil Ziyodov ma’lum qildi. 

«Imom Buxoriyning «At-tarixul-kabir» (Katta tarix), «At-tarixul-avsat» (O‘rta tarix) va «At-tarixus-sag‘ir» (Kichik tarix) nomli 3 ta kitobi mavjud bo‘lib, tarjima qilingan asar hadis rivoyat qilgan mashhur sahobalar va ularning izdoshlari haqida yozilgan ilk kitoblardan biri hisoblanadi. Imom Buxoriy kitobning dastlabki nusxasini 18 yoshida yozib tugatgan va butun umri davomida to‘ldirib borgan. Uning ustozi Ishoq ibn Rohavayx uning tarix kitoblariga «har qanday kishini sehrlab qo‘yadigan asar», «aql bovar qilmas kitob» deb yuksak baho bergan», dedi Ziyodov. 

Qayd qilinishicha, asar 42 bobdan iborat bo‘lib, 2997 nafar hadis rivoyat qiluvchilar haqida ma’lumot beradi. Unda o‘quvchiga tushunish oson bo‘lishi uchun 305 ta izoh va sharh, 145 ta tushuntirish yozilgan, 150 ga yaqin geografik joy nomlari berilgan. Kitob hadis ilmi va hadis rivoyat qiluvchilar tarixi bilan shug‘ullanuvchi tadqiqotchilar uchun mo‘ljallangan qimmatli ilmiy manba hisoblanadi. 

Tarjima ishlari Misr, Turkiya va Rossiyadagi taniqli islomshunos olimlar bilan muntazam ilmiy maslahatlashuvlar asosida amalga oshirilgan. 

Kitob Xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Musulmonlar idorasining yetakchi mutaxassislari tomonidan tahrir qilinib, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ekspertizasidan o‘tkazilgan. 

Shuningdek, kitob Turkiyadagi islom tadqiqotlari markazi, Misrning Al-Azhar universiteti, Rossiyaning sharqshunoslik instituti, Buyuk Britaniyaning Oksford islom tadqiqotlari markazi, Birlashgan Arab amirliklaridagi Juma al-Majid fondiga arab, ingliz va rus tillaridagi annotatsiyasi bilan yuborilishi ta’kidlanmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: