Borrel Rossiya aktivlaridan daromadni Kiyev uchun qurol-yarog‘ga sarflashni taklif qildi

Jahon 15:40 / 20.03.2024 3303

Rossiyaning Yevropa Ittifoqida muzlatilgan aktivlaridan olingan daromad 90 foizi Yevropa tinchlik jamg‘armasi (EPF) orqali Ukraina uchun qurol sotib olishga sarflanishi kerak. 19 mart, seshanba kuni Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel ma’lum qilishicha, u 20 mart kuni – 21-22 mart kunlari bo‘lib o‘tadigan YeI sammiti oldidan ittifoqqa a’zo mamlakatlarga shunday taklif bilan chiqadi. 

Borrelning so‘zlariga ko‘ra, bunday chora Ukrainaga har yili taxminan 3 milliard yevro ajratish imkonini beradi. Yevropa diplomatiyasi rahbari aniqlik kiritishicha, Rossiya aktivlaridan tushgan daromadning qolgan 10 foizi Ukraina mudofaa sanoati salohiyatini oshirish uchun foydalanish maqsadida YeI budjetiga o‘tkazilishi mumkin. 

YeIdan Ukrainaga yangi harbiy yordam 

Bir kun avval, 18 mart kuni Bryussel YeI tashqi ishlar kengashi qaroriga muvofiq, Yevropa Ittifoqi Ukrainaga harbiy yordam uchun yana 5 milliard yevro ajratishini ma’lum qilgan edi. 

Yevropa tinchlik jamg‘armasining moliyaviy chegarasi joriy narxlarda 5 milliard yevroga oshiriladi, bu mablag‘lar maxsus yaratilgan Ukrainaga yordam jamg‘armasiga (Ukraine Assistance Fund, UAF) kiritiladi, deya tushuntirdi Bryussel. Ta’kidlanishicha, yangi jamg‘arma Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va Norvegiya mudofaa sanoatidan qo‘shma xaridlarni ko‘paytirishga qaratilgan. 

Yevropa tinchlik jamg‘armasi Rossiyaning Ukrainaga to‘liq miqyosli harbiy hujumi boshlanishidan oldin tuzilgan va uning hajmi 2021 yildan 2027 yilgacha bo‘lgan davrda atigi 5 milliard yevroni tashkil etgan. Urush boshlanganidan keyin jamg‘arma hajmi 12 milliard yevroga oshirildi, uning mablag‘lari 5,6 milliardi Ukrainaga yordam berishga yo‘naltirildi. Hozir EPF hajmi 17 milliard yevroga yetdi.

Ko‘proq yangiliklar: