Putin o‘z rekordini yangiladi: uning salkam 90 foiz ovoz olgani nimani bildiradi?

Jahon 21:57 / 19.03.2024 17109

Putindan keyingi o‘rinlarda Kommunistik partiya lideri Nikolay Xaritonov 4,30 foiz, “Yangi odamlar” partiyasi nomzodi Vladislav Davankov 3,83 foiz, LDPR partiyasi nomzodi Leonid Slutskiy 3,21 foiz ovoz olgani aytildi.

Rossiya tarixida birinchi marta saylovlar uch kun davom etdi, 15 martda boshlanib, 17 mart kuni tugadi. Qolaversa, birinchi marta masofadan turib elektron ovoz berish tashkillashtirildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, rossiyaliklarning uchdan biri 15 mart kuni ovoz berishgan. Bunga ularning ish joylarida tashkillashtirilgan ovoz berish jarayoni sababchi bo‘lgan. Ya’ni ish joylaridagi rahbarlar o‘z xodimlarining saylov boshlangan kunning o‘zida va “to‘g‘ri” ovoz berishga yo‘naltirishgan.

Haliga qadar hech bir Rossiya prezidenti 87 foiz ovoz olmagan edi. Putin RF rahbarligiga ilk marta 2000 yilda saylangan, o‘shanda 53 foiz ovoz olgan edi. 2004 yilda 71 foiz, 2012 yilda 63 foiz, 2018 yilgi saylovda esa 76 foiz ovoz olgani qayd etilgan. Shu tariqa, 2024 yilda u Rossiyaning va o‘zining shaxsiy rekordini yangiladi.

Bunday ovozlar miqdori Rossiya siyosiy tizimining qaysi yo‘ldan ketayotganini anglatadi?

Dunyoda saylovlar va undagi ovozlar miqdoriga qarab, saylov bo‘layotgan davlatning siyosiy tizimi qanday va qaysi tomonga qarab ketayotganini bildiruvchi qarashlar shakllanib bo‘lgan. Demokratik siyosiy tizimlarda, eng obro‘li va xalq ishonchidagi siyosatchilar ham birinchi turda juda borsa 50-60 foiz ovoz olishlari mumkin. Ba’zan ikkinchi tur ham bo‘ladi. Agar siyosatchi 60-75 foiz ovoz olsa, demak, bu siyosiy tizimda hali siyosiy plyuralizm va siyosiy raqobat ancha zaif ekanini bildiradi. Agar siyosatchi 90 foiz atrofida yoki undan yuqori ovoz to‘play olsa, bu siyosiy monopoliya borligini anglatadi, va tizim demokratik deyilishi imkonsiz bo‘ladi.

Saylovlarning asosiy ma’nosi juda oddiy – emin-erkin odamlar, erkin jamiyat o‘zi istagancha siyosiy partiyalar tuza oladi va saylovlarda o‘zi istagan siyosiy kuchlarga bemalol ovoz beradi. Saylovlar erkin, kuchli raqobat ostida, tanqidiy ruhda o‘tadi. Saylov jarayonida, barcha nomzodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va ularga teng axborot resurslari kafolatlangan bo‘ladi. Faqat shunday sharoitlardagina odamlar erkin, ongli va to‘g‘ri tanlov qilishlari mumkin. Har qanday boshqa holatlarda, saylovlar erkin va xolis bo‘lmaydi.

Saylovlar legitimligini buzishning ikkita yirik usuli bor. Birinchisi –ovozlarni soxtalashtirish. Bunda odamlar agar “A” nomzodga ovoz bergan bo‘lsa, tashkilotchilar, yashirincha shaklda “B” nomzod uchun ovozlarni saylov qutisiga tashlashadi. Bu – qo‘pol va sodda soxtalashtirish.

Lekin ikkinchi usul ancha murakkab. Bu – saylovchilarni, xalqni surunkali va tizimli manipulyatsiya qilish hisoblanadi. Bunda noto‘g‘ri qarashlar, qo‘rquv va manipulyatsiya saylov kunidan ancha oldin insonlarning ongiga quyib qo‘yilgan bo‘ladi. Ya’ni propaganda qilingan bo‘ladi.

Putin hokimiyatga kelgach, Rossiya axborot mashinasi yangi yo‘nalishda ishlay boshladi. Shu yo‘nalishning hosilasi sifatida keyingi ikki o‘n yillikda mutlaq aksariyat rossiyaliklar o‘zlarini “aldangan”, “mahrum qilingan”, “yutqazgan” millat va xalq sifatida biladi.

Rossiya propagandasi rus odamidan qalbi jarohatlangan, g‘arbga va umuman tashqi dunyoga nafrat va ishonchsizlik bilan qaraydigan insonni shakllantirib ulgurdi.

Bugun rossiyaliklar uchun Putin – g‘arb bilan tirashish timsoli.

Rossiyaliklar xayolida, g‘arb Rossiya davlatini va hatto oilalarni parchalash uchun harakat qilmoqda. G‘arb bilan yagona kurasha oladigan siyosatchi esa, Putin.

Rossiya propagandasi shu qadar kuchli ishlaydiki, bugun o‘rta statistik rossiyalik uchun, nafaqat amerikalik yoki ingliz dushman, balki pravoslav gruzin va slavyan ukrainalik ham katta dushman hisoblanadi.

Propaganda Rossiyada shunday jamiyat shakllantirdiki, Putindan qo‘rqish, va ayni paytda, unga ishonish, 65-70 foiz bo‘lib qolaveradi.

Xo‘sh, salkam 90 foizlik ovoz bilan boshlanayotgan yangi olti yillik, Rossiya uchun, possovet hududi uchun, nimani anglatadi? Shu paytga qadar Rossiya siyosiy tizimi avtoritar deb ko‘rilar edi. 2022 yil fevralida Ukrainaga bostirib kirgach, Rossiya jamiyati ikkiga bo‘lindi. Kreml pozitsiyasiga qo‘shilmagan, boshqacha fikrlaydiganlar bilan keyingi ikki yilda keng ko‘lamli kurash olib borildi. Bugun Rossiyaning ichida ochiq muxolif yoki tanqidiy fikrli shaxslar, OAV qolmadi hisob. Barchasi xorijga chiqib ketdi.

Rossiyada avtoritarizmning qattiq yoki ashaddiy davri boshlandi. Bu qattiq avtoritarizm, tabiiy ravishda, possovet hududiga, jumladan Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita va bilvosita salbiy ta’sir qiladi. Moskvadagi qattiq avtoritar kayfiyat, Markaziy Osiyo hokimiyatlari uchun ham yashirin tahdid bo‘lsa, boshqa tomondan aholimizning qarashlarini ham zaharlashtirishda davom etadi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Ko‘proq yangiliklar: