Bu haqda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev tegishli qarorni imzoladi.
Joriy yilda Bo‘ka, Yangiyo‘l, Yuqori Chirchiq va Zangiota tumanlari eksportbop ekinlar yetishtirishga ixtisoslashtiriladi hamda mazkur tumanlarga 10 nafardan eksportyorlar biriktiriladi.
2024 yil yakuniga qadar meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlarda meva-sabzavotlarni shok usulida muzlatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshiriladi. Barcha shahar va tumanlarda aholi tomorqa yer maydonlarida bahorgi, takroriy va to‘qsonbosti usulida ekinlar ekish orqali 3 marotaba hosil olishni nazarda tutuvchi qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan.
Bundan tashqari, kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida ishlab chiqarishga oid loyihalar bilan bir qatorda mahsulot yetishtirish bilan bog‘liq loyihalarga (qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish bundan mustasno) 100 million so‘mgacha garovsiz kreditlar ajratiladi. Muzlatgichli omborxona, tayyor holda issiqxona, qadoqlash, quritish va qayta ishlash sexlari aholiga 12 oyga bo‘lib to‘lash sharti bilan lizingga berilishi belgilandi.