G‘azoga dengiz orqali insonparvarlik yordamining ilk partiyasi yetkazildi

Jahon 09:50 / 17.03.2024 10730

Oziq-ovqat quruqlik va havo orqali ham yetkazib berilmoqda, ammo G‘azo sektoridagi hozirgi talabni qondirish uchun buning o‘zi yetarli bo‘lmayapti.

Dengiz missiyasi Amerikaning World Central Kitchen (WCK) xayriya tashkiloti orqali amalga oshirildi, asosiy moliyaviy donor — Birlashgan Arab Amirliklari, ispanlarning xayriya tashkiloti esa kema taqdim etgan.

Insonparvarlik yordamining ilk partiyasi orqali guruch, un, loviya, konservalangan sabzavotlar hamda konservalangan oqsilli mahsulotlar olib kelingan.

Ayni vaqtda WCK butun aholisi ochlikka mahkum bo‘lgan G‘azo uchun yordamning ikkinchi partiyasini tayyorlamoqda.

World Central Kitchen asoschisi, taniqli shef-oshpaz Xose Andres Twitter sahifasida sohilga tushirilgan oziq-ovqatlar 12 ta yuk mashinasiga ortilganini ma’lum qilgan.

Anklavda port yo‘q, shu tufayli yuklarni qabul qilish uchun vaqtinchalik prichal tashkil qilingan — uning qurilishida vayron bo‘lgan binolarning qoldiqlaridan foydalanilgan.

Yordam ortilgan yuk mashinalari qayerga yo‘l olinishi va sektor bo‘ylab qanday taqsimlanishi hozircha aniq emas.

Agar ushbu dengiz missiyasi muvaffaqiyatli deb tan olinsa, insonparvarlik yuklari ortilgan boshqa kemalar ham G‘azoga yo‘l oladi. Ular to‘g‘ridan to‘g‘ri anklavga yetib borish uchun yaqinda ochilgan dengiz yo‘lagidan foydalanadi.

Insonparvarlik yuklari tushirilishi uchun vaqtincha prichal. Foto: Reuters

Yuklar Kiprda Isroil xodimlarini ham o‘z ichiga olgan jamoa tomonidan xavfsizlik tekshiruvidan o‘tkaziladi, bu yuk tushirish vaqtida shunday tekshiruvga bo‘lgan zaruratni bekor qiladi va yordam yetkazib berilishidagi kechikishlarni kamaytiradi.

Avvalroq AQSh G‘azo sohilida dengiz orqali yetkazib berish hajmini oshirish maqsadida suzib yuruvchi dok qurmoqchi ekani ma’lum qilingandi. Oq uyga ko‘ra, bu orqali G‘azoga kuniga ikki million porsiya yemak yetkazib berilishi ta’minlanishi mumkin. Ammo hozircha borti dok qurilishi uchun jihozlangan harbiy kema anklavgacha yetib bormagan.

Yordamni dengiz orqali yuborishga qanday zarurat bor?

HAMASning 7 oktyabr kungi hujumidan keyin Isroil G‘azoda harbiy amaliyot boshlagan va anklav tashqi dunyodan butkul uzilib qolgan.

Urushning besh oyi davomida G‘azoning o‘zida ishlab chiqarish jiddiy zararlangan: fermalar, novvoyxonalar va fabrikalar vayron bo‘lgan yoki faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan.

Foto: Getty Images

Gumanitar tashkilotlar G‘azoning ikki millionlik aholisiga oziq-ovqat yetkazib berish va taqsimlashda muammolarga duch keldi.

Anklav hududiga yordam yetkazishning eng tez va samarali usuli — quruqlik yo‘llaridir. Ammo gumanitar tashkilotlar Isroil tomonidan qo‘yilgan cheklovlar tufayli G‘azoga zarur yordamlarning faqat bir qismi yetib borayotganini ma’lum qilishgan.

Jahon oziq-ovqat dasturi o‘z karvoni o‘qqa tutilib, talon-toroj qilinganidan keyin quruqlik orqali yuklar yetkazib berishni to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Havodan yordam yetkazib berish esa o‘tgan haftada o‘lim holatlariga olib keldi: parashyuti ochilmay qolgan yuklar odamlar ustiga qulashi oqibatida besh kishi halok bo‘lgan. Gumanitar tashkilotlar bungacha ham yuklarni G‘azoga samolyotlardan tashlash uslubini qimmatga tushishi va samarador emasligi tufayli tanqid qilishgandi.

BMT agar zarur choralar ko‘rilmasa, G‘azo sektorida ocharchilik yuzaga kelishi «deyarli muqarrar»ligi haqida ogohlantirgan.

Yevroittifoq diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel avvalroq Isroilni ochlikdan urush quroli sifatida foydalanishda ayblagandi.

Isroil G‘azo sektoriga oziq-ovqat yetkazib berishdagi muammolarga javobgarligini qat’iyan rad etadi. Hukumat janubdagi ikkita nazorat-o‘tkazish punkti orqali yordam yetkazib berishga ruxsat berilganini qayd etadi.

G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar juma kuni ham davom ettirildi, Isroil HAMASning sulh haqidagi oldingi taklifini rad etgandi.

G‘azoda urush 2023 yil 7 oktyabrida HAMAS a’zolari Isroil janubiga hujum qilib, 1200 ga yaqin kishini o‘ldirib, 253 kishini garovga olishi ortidan boshlangandi. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, shundan buyon anklavda 31 400 dan ortiq kishi halok bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: