“Reach Impex” MChJ Adliya vazirligiga McDonald’s tovar belgisini O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza bilan murojaat qilgan.
Vazirlikning intellektual mulk portaliga ko‘ra, ikkita ariza 11 mart kuni ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
“Reach Impex” MChJ 2022 yil 19 aprelda ro‘yxatga olingan. Faoliyat yo‘nalishi sifatida ixtisoslashmagan ulgurji savdo ko‘rsatilgan. Ustav fondi – 211 mln so‘m.
Jamiyat ta’sischilari – Usmonov Bahodir Burhonovich (60 foiz) va Abdujabborov Abror Ahrolovich (40 foiz). Abdujabborov ayni paytda kompaniya rahbari ham hisoblanadi.
Usmonov Bahodir Burhonovichning familiyasi va ismi-sharifi kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning tug‘ilgan akasi yoki ukasining familiyasi va ismi-sharifi bilan bir xil.
Reach Impex O‘zbekistonda “Kroshka-kartoshka” (Rossiyadagi fastfud tarmog‘i) savdo belgisiga ham egalik qiladi.
Ma’lumot uchun, McDonald’s jahondagi eng yirik fastfud tarmog‘i bo‘lib, kundalik 69 milliondan ortiq mijozlarga 100 ta davlatda 40 mingdan ortiq filiallar orqali xizmat ko‘rsatadi.
Kompaniya faoliyati 1940 yilda ilk restoranning ochilishi bilan boshlangan. Biroq korporatsiya 1955 yilni o‘zining “tug‘ilgan yili” deb hisoblaydi: aynan o‘sha yili tadbirkor Rey Kron ilk franchayzing restoranini ochgan va McDonald’s'ni tarmoqqa aylantirgan.
Avvalroq, 2021 yilning iyul oyi oxirida Burger King restoranlar tarmog‘i ham O‘zbekiston bozoriga kirayotgani haqidagi ma’lumotlar tarqalgandi. Unda Toshkentda “Burgerhouse” MChJ kompaniyasi ro‘yxatga olingani, uning ustav fondi 1 mlrd so‘mga teng ekani, shuningdek, xodimlarni ishga olish boshlangani xabar qilingandi. Ammo 2021 yil oxiriga qadar ish boshlashi ko‘zda tutilgan restoranlar o‘z faoliyatini boshlamadi.