“O‘zbekchani o‘zbeklardan ham yaxshi gapirarkansiz deyishadi” – o‘zbek oilasi asrab olgan ukrain qizi

Jamiyat 15:51 / 16.03.2024 29744

Vasilisa Naypak 24 yoshda. U Farg‘onadagi bolalar uyida katta bo‘lgan. Otasi ukrain, onasi rus bo‘lgan bu qiz hozir Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti magistratura bosqichida o‘qiydi. “Poyezdda yoki samolyotdami yoki umuman pasportimdan ukrain ekanimni bilib qolganlar o‘zbek tilida, hatto shevada gapirayotganimni ko‘rib hayron qolishadi”, – deydi Vasilisa.

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

Publikatsiya ot Kun.uz (@kun.uz)

Vasilisa Naypak 2000 yil Farg‘onada tug‘ilgan. Ota-onasi chaqaloqligida vafot etgach, Vasilisa Farg‘onadagi 8-sonli mehribonlik uyida katta bo‘lgan. O‘zbek tilini ham shu yerda o‘rgangan.

Hujjatimdan bilamanki, tug‘ilganimdan to 7 yoshimgacha mehribonlik uyida tarbiyalandim. Onam og‘ir kasallik bilan vafot etgan, oilam bilan qancha vaqt yashaganimni eslolmayapman”, – deydi u.

Vasilisa o‘zbek maqomlarini dutorda ijro etadi. Bu iste’dodi ortidan xalqaro tanlovlarda ishtirok etib keladi. U o‘zbek tilini yaxshi bilgani o‘zbek maqomlariga qiziqishini yana ham orttirganini aytadi.

Mehribonlik uyimizga 11-sonli bolalar musiqa maktabi yaqin edi. Shu yerga qatnab, maqomga mehrim tushib qoldi”, – deydi u.

Vasilisa musiqa maktabida rus tilida o‘qigan. U o‘zbek va rus tillarini birgalikda o‘rgangan. Keyinchalik Farg‘onadagi musiqa kollejida o‘qiy boshlaydi. Kollejda o‘qib yurgan vaqtlari uning hayotida juda katta burilish bo‘ladi. Vasilisaning kollejda ishlaydigan ustozi Qahramonjon Umarov qizi sifatida qabul qilishini aytib, unga oilasi bilan birga yashashni taklif qiladi.

Kollejda o‘qib yurgan vaqtlarimda ta’til berilib qolsa, hamma uyiga ketsa, men qayerga ketishni bilmasdim. Tez-tez kasal bo‘lib qolardim. Shunday paytlarda dadam uylariga taklif qilardi, ularnikida ko‘p qolardim. Bunday hol takrorlanib-takrorlanib, ular meni o‘z qizlaridek ko‘rishlarini, oila a’zolari sifatida qabul qilmoqchi ekanliklarini aytdi. Bu hayotimdagi eng katta mukofot bo‘lsa kerak. Chunki 16 yoshimgacha ota-ona, oila bilan yashash qanday ekanini bilmasdim, yuragimning bir chetida oila qanday ekan, oilada yashasam qanday bo‘lardi, degan o‘kinch doim bo‘lgan”, – deydi Vasilisa.

Vasilisaning yangi oilasida 2 nafar opasi bor va u 3-farzand bo‘lib oilaga qo‘shilgan. U o‘zbek urf-odatlari, qadriyatlarini va tarbiyani shu oiladan o‘rganganini aytadi.

Dadam meni ham san’atda, ham oilada juda ko‘p qo‘llab-quvvatlaydi. Olgan yutuqlarimda avvalo dadam, keyin meni mehribonlik uyida tarbiya qilgan opalarimdan boshlab, kollej va institutda o‘qitgan ustozlarimning o‘rni katta”, – deydi Naypak.

Yangi oilasi Vasilisaga juda ma’qul bo‘ladi, ular ham qizni o‘z farzandlari kabi qabul qilishadi. Xuddi shu orada Naypakning hayotida ikkinchi quvonchli voqea yuz beradi. U 2016 yilda Nihol mukofotini qo‘lga kiritadi va Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutining bakalavriat bosqichiga grant asosida o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. 2022 yilda esa Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasiga aylanadi va shu institutning magistratura bosqichiga ham grant asosida o‘qish imkoniga ega bo‘ladi. Hozir u magistraturaning 2-bosqichida o‘qiyapti va bir paytning o‘zida Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabida o‘quvchilarga saboq berib kelyapti.

Vasilisaning tashqi ko‘rinishi o‘zbeklarga o‘xshamagani uchun ko‘pchilik uning o‘zbek tilida ravon gapirishini ko‘rib hayratlanadi va u bunday hayratlarga ko‘p duch kelishini aytadi. “Poyezdda yoki samolyotdami yoki umuman pasportimni tekshirishayotganda ukrain ekanimni bilib qolganlar o‘zbek tilida hatto shevada gapirayotganimni ko‘rib hayron qolishadi. O‘zbekchani o‘zbeklardan ham yaxshi gapirarkansiz, o‘zbek tilini bunday gapirishni qanday o‘rgangansiz deb qoyil qolishadi”, – deydi u.

Vasilisa ukrain tilida gapira olishni juda xohlashini va bu tilni o‘rganishni boshlaganini aytadi. “Inson qayerda yashashidan qat’i nazar, avvalo yashayotgan joyining tiliga hurmat ko‘rsatib, o‘sha tilni o‘rganishi va albatta, o‘z millati tilini ham unutib qo‘ymasligi kerak. Men ham ukrain tilini o‘rganishni davom ettiryapman”, – deydi u.

Zuhra Abduhalimova, Kun.uz 

Ko‘proq yangiliklar: