Markaziy bank o‘zining 2024 yil 14 martdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish bo‘yicha qaror qabul qildi.
“Markaziy bank boshqaruvi iqtisodiyotda talab va taklif mutanosibligiga erishish bo‘yicha noaniqliklar va inflatsiyani oshiruvchi kutilmalarning saqlanib qolayotganligini inobatga olib hamda inflatsiyaning 5 foizlik targetigacha pasaytirish uchun zarur pul-kredit sharoitlarini ta’minlash maqsadida asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi”, – deyiladi regulyator press relizida.
Umumiy inflatsiya yil boshidan pasayib, fevral oyida 8,3 foizni tashkil etgan. Biroq so‘nggi oylarda yuqori talab va bir qator tartibga solinadigan narx va tariflarning oshishi fonida xizmatlar inflatsiyasi tezlashishi kuzatilgan. Bundan tashqari, aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari deyarli o‘zgarishsiz, yuqoriligicha qolgan.
2024 yil oxirigacha inflatsiya 8−9 foizlik prognoz diapazoni doirasida shakllanishi kutilmoqda. Prognoz davrida tartibga solinadigan narxlar o‘zgarishi va ularning inflyatsion kutilmalarga ta’siri bo‘yicha noaniqliklar saqlanib qolmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, asosiy ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari o‘tgan yilning yanvar-fevral oylariga nisbatan yuqori sur’atlarda o‘sgan. Shuningdek, ayrim tarmoqlarda, xususan, yil boshidan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish dinamikasining sustlashishi qisqa muddatli istiqbolda ichki bozorda talab va taklif nomutanosibligini keltirib chiqarishi yoki importga qo‘shimcha bosimni yaratishi mumkin.
Ma’lumot uchun, joriy yil yanvar oyida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10,6 foizga qisqargan.
“Umuman olganda, birinchi chorak yakunlari bo‘yicha iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari nisbatan yuqoriroq shakllanishi, keyingi choraklarda esa bazaviy prognoz doirasida 5,5-6 foiz bo‘lishi borasidagi kutilmalar kuchaymoqda.
O‘tgan yilgi va joriy yil boshidagi yuqori fiskal xarajatlar kelgusi choraklarda yalpi iste’mol faolligini qo‘llab-quvvatlovchi asosiy drayverlardan bo‘ladi.
Ayni paytda, transchegaraviy pul o‘tkazmalarining o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlar doirasida shakllanayotganligi hamda aholi real daromadlarining joriy o‘sish sur’atlari kelgusida iste’mol talabiga qo‘shimcha proinflyatsion bosim yaratmaydi”, deyiladi MB izohida.
Mehnat bozorida yuqori faollik va ishchi kuchiga talabning oshishi kuzatilmoqda. Ishchi kuchiga talabning asosiy o‘sishi xizmatlar sohasiga to‘g‘ri kelib, ushbu sohada ish haqining yuqori shakllanishiga ham olib kelmoqda. Ayni paytda xizmatlar sohasida narxlar va daromadlarning muntazam oshishi sharoitida iqtisodiyotda mazkur sohalarga investitsiyalar hajmi va joriy iste’mol xarajatlaridagi ulushi ortib boradi.
Import dinamikasida mashina va uskunalar, energetika va neft mahsulotlari, qora metallar importining yuqori o‘sishi davom etishi bir tomondan kelgusida ishlab chiqarish hajmlari oshishiga zamin yaratsa, ikkinchi tomondan savdo balansi taqchilligining saqlanib qolishini ham bildiradi.
Joriy operatsiyalar hisobining muvozanatga kelishi belgilangan fiskal intizomning ta’minlanishi, xorijiy investitsiyalar oqimi va iqtisodiyotning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan tarkibiy islohotlarning natijadorligiga bog‘liq bo‘ladi.
Nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari keyingi choraklarda ham saqlanib qoladi. Banklararo pul bozorida yil boshidan yuqori faollik va pul-kredit instrumentlaridan foydalanish hajmining ortib borishi fonida UZONIA foiz stavkasi asosiy stavkaga yaqin darajada shakllanib boradi.
Jamg‘arish faolligi oshishda davom etib, bu xususan, milliy valutadagi depozitlar hajmi o‘sishida namoyon bo‘ladi. Umuman olganda, depozitlarning yillik o‘sish sur’atlari kreditlash hajmining o‘sishidan sezilarli darajada yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Banklarning resurs bazasida ichki va xususiy manbalar ulushi ortib borishi, o‘z navbatida, bozor foiz stavkalarida aks etadi.
“Markaziy bank inflatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan izchil pul-kredit siyosatini amalga oshirishda davom etadi. Bunda iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligiga, inflyatsion kutilmalarga va tartibga solinadigan narxlarning o‘zgarish dinamikasiga alohida e’tibor qaratiladi”, deyiladi xabarda.