Taksi agregatorlari 3 oyda qariyb 10 mlrd so‘m soliq to‘ladi

Iqtisodiyot 13:01 / 14.03.2024 14680

Davlat soliq qo‘mitasi O‘zbekistonda yo‘lovchi tashish xizmatlaridan 3 oyda budjetga qancha tushum bo‘lganini ma’lum qildi.

Qo‘mitaga ko‘ra, naqd va naqdsiz hisob-kitoblarda to‘lovlarni fiskallashtirish bo‘yicha hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida dekabr-fevral oylarida budjetga 9,7 mlrd so‘m soliqlar to‘langan.

Soliq qo‘mitasi bu sohani legallashtirish ishlari faol davom etayotganini ta’kidlarkan, rasmiy ish bilan band bo‘lmagan shaxslar faoliyatlarini qonuniylashtirgan holda ushbu bozordagi aylanmalar hisobini yuritish bo‘yicha boshlangan ishlar yil so‘ngiga borib o‘zining ilk samarasini berganini ma’lum qilgan.

“Birinchidan, bozorning eng katta ishtirokchilari soliq tizimlari bilan integratsiya qilinib, taksi xizmatlari uchun fiskal chek berilyapti.

Ikkinchidan, yo‘lovchi tashish xizmati bilan shug‘ullanuvchi o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning rasmiy daromad manbai shakllanib, iqtisodiy harakatlarda daromad to‘g‘risidagi ma’lumotlar (mehnat staji, ipoteka, iste’mol kreditlari, tovarlarni bo‘lib to‘lash) hisobga olina boshlandi”, deyiladi rasmiy xabarda.

Ma’lum qilinishicha, 2023 yil dekabr oyida onlayn-taksi agregatorlari orqali 4,4 mln tashuvlar amalga oshirilgan. Joriy yil yanvar oyida qatnovlar soni 5 mlnga yetgan. Tashish xizmatlari 113,5 ming nafar o‘zini o‘zi band qilgan haydovchi tomonidan ko‘rsatilgan.

Bu raqamlar yanada o‘sishda davom etyapti va 1 mart holatiga jami ko‘rsatilgan taksi xizmatlari soni 18,3 mlndan oshdi. Shundan 8,9 millioni fevral oyiga to‘g‘ri keladi. Eng yuqori aylanmaga ega shaxslar soni 8 446 ta bo‘lib, bitta haydovchiga o‘rtacha 8,5 mln so‘mdan to‘g‘ri kelgan, deyiladi qo‘mita axborotida.

Soliq organi bu yo‘nalishda yechimini kutayotgan va oxiriga yetkazilishi kerak bo‘lgan yana bir qator masalalar borligini qo‘shimcha qilgan.

Avvalroq Yandex Go xizmati Soliq qo‘mitasining talabi bilan O‘zbekiston rezidentiga aylanib, qonunchilikda belgilangan barcha soliqlarni to‘lay boshlagani, shu bilan bir paytda haydovchilardan oladigan xizmat komissiyasini oshirgani xabar qilingan edi. Soliq qo‘mitasi ushbu kompaniya 1-6 dekabr oralig‘ida 13,5 mlrd so‘mlik 800 483 ta chek shakllantirganini ma’lum qilgandi. Bu paytda Yandex Go faqat karta orqali to‘lovlar uchun chek berardi. Fevral oyidan boshlab kompaniya Yandex Go taksi uchun naqd pulda to‘lov qilgan yo‘lovchilarga ham elektron fiskal cheklar berila boshlandi.

Yil yakunida Raqobat qo‘mitasi Yandex Goʼning bozordagi ustun mavqeyini tan oldi. Antimonopol organga ko‘ra, O‘zbekistonda taksi agregatorlari va dispetcherlik xizmatlari bozori yuqori darajada konsentratsiyalashgan bo‘lib, bu bozorning 86,3 foiz ulushi birgina Yandex Go hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ko‘proq yangiliklar: