Maqsadimiz xalqning daromadini oshirish, boy qilish - Shavkat Mirziyoyev 

O‘zbekiston 20:49 / 14.03.2024 9182

Qayd qilinishicha, Sayxunobod tomorqa va uy xo‘jaliklaridagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish bo‘yicha namunaga aylantirilmoqda. 

Davlat rahbari namunaviy tomorqa tashkil etilgan xonadonlarni kirib ko‘rdi. Jumladan, Risolat G‘ulomova xonadonining 14 sotix tomorqasida shu paytgacha tomorqada sabzi, sarimsoq piyoz ekilib, yerning o‘ttiz foiz imkoniyatidan foydalanilgan. Hokimlik va mutasaddi tashkilotlar ko‘magida tomorqaga olma va tok ko‘chatlari, ularning orasiga turli ko‘katlar ekilgan. Bunga qo‘shimcha tovuq, quyon, asalari va sog‘in sigir boqish yo‘lga qo‘yilgan. 

Davlat rahbari shu yerda tomorqa egalari, mahalla faollari bilan suhbatlashdi. 

«Xalqimiz o‘z hayotida sezishi uchun hamma ishlarni mahallada tashkil qilayapmiz. Endi davlat idoralarining butun imkoniyatlarini har bir ko‘chaga, xonadonga olib kiramiz. Masalan, mahallaga biriktirilgan bank mablag‘ berish bilan birga odamlarning dunyoqarashini ham o‘zgartiradi. Maqsadimiz xalqning daromadini oshirish, boy qilish. Albatta, oson bo‘lmaydi. Bu mashaqqatli mehnat, tinimsiz izlanish, yangi-yangi g‘oyalar degani. Lekin bajarsa bo‘ladi. Mezon bitta - iqtisodiy kompleks xalqning dardi bilan yashaydi», dedi prezident. 

Mahalla faollari aholi, umuman, sayxunobodliklar tomorqadan bunday keng foydalanishga katta qiziqish bildirayotganini aytishdi. Mutasaddilar bu tajribani kengaytirishga, tomorqa egalariga ko‘maklashib, mahallalarni ishsizlikdan xoli qilishga va’da berdi.

Ko‘proq yangiliklar: