Bulutli havo tushkunlikka, quyoshli havo esa xursandchilikka sabab bo‘ladimi?

O‘zbekiston 15:28 / 14.03.2024 10424

Ob-havo isishi bilan gormonal o‘zgarish bo‘lishi tabiiy hol. Bu, ayniqsa, iqlimi sovuq o‘lkalarda yashovchilarga ko‘proq bilinadi. Lekin O‘zbekistonda ham fevral oyining ikkinchi yarmi deyarli quyoshsiz o‘tgani va martning dastlabki haftasida harorat biroz ko‘tarilganini (joriy haftada esa yana yog‘ingarchiliklar kuzatilmoqda) hisobga olsak, kayfiyat o‘zgarishi o‘zbekistonliklar uchun ham sezilgan bo‘lishi mumkin.

Gap shundaki, ko‘z to‘r pardamiz yorug‘likka birinchi reaksiya qiladi va uning miqdorini aniqlay oladi. To‘r parda ko‘zning ichki qatlami bo‘lib, optik nerv orqali miya bilan bog‘lanadi.

Miyaga borgan xabardan so‘ng gormonlarda o‘zgarish bo‘ladi, uyqu ritmi va kayfiyat o‘zgarishiga ta’sir qiluvchi melatonin gormoni miqdori me’yorlashadi va kayfiyatimizda yaxshi tomonga o‘zgarish sezamiz, qishki kunlarga qaraganda kamroq uxlashga moyil bo‘lamiz.

Hammasiga havo aybdormi?

Insoniyat doimiy ravishda atrof-muhit tomonidan turli ta’sirlarni boshdan o‘tkazadi. Jumladan, havo ham biz uchun ahamiyatli.

Insonning o‘zini yaxshi kayfiyatda his qilishiga yordam beradigan gormonlar quyosh nuri ta’sirida ko‘proq ishlab chiqariladi. Shuning uchun ham quyoshli kunlar kayfiyatni ko‘taradi.

Lekin bulutli kunlarning ko‘p bo‘lishi melatonin ajralishiga ta’sir qiladi va xafa kayfiyat yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin. Albatta, yomg‘ir, qorli havoning tinchlantiruvchi xususiyati bor, lekin ketma-ket bulutli havo xafalik kayfiyatini chaqirishi mumkin.

Lekin bu hammasi emas

Lekin ob-havosi sovuq, quyoshi kam davlatlarda odamlarda xafalik yuqori, quyoshli o‘lkalarda esa odamlar stressdan xoli degan xulosaga kelish uchun ob-havoning o‘zi yetarli emas.

Sababi dunyoning top baxtli davlatlari ro‘yxatida eng boshida Norvegiya, Shvetsiya, Kanada, Daniya va Finlandiya kabi davlatlar turadi. Ularning ko‘pchiligi iqlimi sovuq o‘lkalar ekani hisobga olinsa, farovonlik va iliq havo o‘rtasida bog‘liqlik borligiga to‘la ishonish qiyin.

Bir qaraganda sovuq va bulutli ob-havo bilan depressiya o‘rtasidagi bog‘liqlik juda aniqday ko‘rinadi. Mavjud qarashlardan biriga ko‘ra, havo bulut bo‘lganda yomon kayfiyatga tushib qolish genetik faktorga ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Masalan, kanadalik va islandiyaliklarda mavsumiy depressiyaga chalinish ehtimoli pastroq. Yana ba’zilar vitamin Dga to‘yingan mahsulotlarni iste’mol qilish ham mavsumiy yomon kayfiyatdan asraydi, degan fikrda.

Insoniyat yorug‘likka muhtoj

Quyosh nuri shunchaki yorug‘likkina emas, balki vitamin D manbai ham hisoblanadi. Vitamin D esa sog‘lom bo‘lish, mustahkam suyaklarga ega bo‘lish uchun zarurdir. Bahor va yoz oylarida tashqarida yetarlicha vaqt o‘tkazadigan insonlar kerakli vitamin D miqdorini quyoshdan ola olishlari mumkin, qolgan fasllar: kuz va qishda esa qo‘shimcha tarzda vitamin D preparatini qabul qilish zarur bo‘ladi.

Bahorgi tozalash

Bahor kelgach havo o‘zgarishi fonida insonlarga organizmni tozalash va sog‘lom turmush tarziga o‘tish tavsiya qilinadi. Xuddi odamlar havo isigach, uylarida hashar o‘tkazib, ortiqcha narsalardan xalos bo‘lgani kabi organizm ham bunga muhtoj. 

Buni hamma o‘zidan kelib chiqib amalga oshirishi mumkin. Lekin quyidagilarni hisobga olish zarar qilmaydi:

  • Turli reklamalarga ishonishdan oldin yaxshilab o‘ylash va shifokor bilan maslahatlashish: bahor kelishi bilan o‘zida o‘zgarish sezib reklama qilinadigan vitaminlar va detokslarga qiziquvchilar ulardan ko‘ra tabiiy mahsulotlarni tanlaganlari yaxshiroq;
  • Ko‘proq o‘simlik iste’mol qilib tabiiy "tozalanish"ga harakat qilish. Nafaqat o‘simliklar balki meva, sabzavotlar, dukkakli mahsulotlarda ham foydali antioksidantlar mavjud;
  • Tez tayyor bo‘ladigan ovqatlarni ratsiondan chiqarish;
  • Yetarli miqdorda suv ichish. Erkaklarga kuniga o‘rtacha 3,7 litr, ayollarga 2,7 litr suv ichish tavsiya qilinadi. Bundan tashqari, insonning faollik darajasiga qarab ham suv miqdori farqlanadi;
  • Zararli ichimliklarni cheklash;
  • Jismoniy faol bo‘lish;
  • Yetarlicha uxlash. Kattalar kuniga kamida 7 soat uxlashi normal hisoblanadi.
Ko‘proq yangiliklar: