Hindiston xalqaro bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni O‘zbekistonda yetishtirmoqchi

Iqtisodiyot 15:16 / 12.03.2024 13570

O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Hindiston importchilari savdo-sanoat palatasi (Indian Importers Chambers of Commerce and Industry - IICCI) prezidenti Atul Saksena bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".

Muzokaralar diqqat markazida O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan sanoat mollari va yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Hindiston bozorida yanada kengroq ilgari surish istiqbollari, ushbu mamlakat importchi tashkilotlarining mazkur yo‘nalishdagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda tomonlar import va eksport sohasida hali foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjudligi, ikki davlat yetakchilari tomonidan yaqin yillarda o‘zaro savdo-sotiq hajmini 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha qo‘yilgan dolzarb vazifani bajarish uchun barcha sharoit va imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.

Buning uchun o‘zaro delegatsiyalar almashishni jadallashtirish, tadbirkorlar o‘rtasidagi muloqotlar ko‘lamini kengaytirish, qo‘shma tadbirlar samaradorligini oshirish zarurligi qayd etildi. Shu maqsadda IICCI tomonidan joriy yil O‘zbekistonga hindistonlik importchi tadbirkorlar delegatsiyalarining turkum safarlarini tashkil qilish, biznes-forumlar va boshqa tadbirlar o‘tkazish, jumladan, may oyida uyushtiriladigan uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida qatnashish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.

IICCI prezidenti Hindiston bozorida talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni tayyorlash va yetishtirish maqsadida O‘zbekistonda qo‘shma korxonalar tashkil qilish va yirik miqdorda sarmoyalar yo‘naltirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollariga katta qiziqish bildirdi.

Ko‘proq yangiliklar: