«Arsenal» birinchi o‘ringa chiqdi, Shomurodovda gollar, Husanovda g‘alaba. Yevropada kun o‘yinlari

Sport 12:26 / 10.03.2024 32275

Angliya: Havers hal qildi

«Arsenal» – «Brentford» 2:1
Gollar:
1:0 – 19 Rays, 1:1 – 45 Vissa, 2:1 – 86 Havers.
«Arsenal» – Remsdeyl, Uayt, Gabriel, Saliba, Kiver (Zinchenko, 79), Jorjinio (Gabriel Jyezus, 70), Edegor, Rays, Havers, Trossar (Nelson, 79), Saka.
«Brentford» – Flekken, Roerslev, Yorgensen, Ayyer, Kollinz, Quddus, Damsgor, Nergor (Yyensen, 34), Yanelt, Oniyeka (Yarmolyuk, 78), Vissa (Mope, 78), Touni, Lyuis-Potter.
Ogohlantirishlar: Oniyeka (4), Gabriel (10), Yorgensen (21), Havers (45), Vissa (72).

Qishning ikkinchi oyida «Arsenal» APLdagi barcha to‘rt o‘yinida g‘alaba qozondi, raqiblar darvozalariga jami 21 gol urildi, Mikel Arteta fevral oyining eng yaxshi murabbiyi deb topildi, uning jamoasining g‘alabali seriyasi yetti o‘yinga yetdi. 

Bu safar ham uydagi o‘yin darhol vaziyatlar yaratilishi bilan boshlandi. Zarbalar oldingi o‘yinlardagiga qaraganda kamroq edi, ammo o‘yin to‘laligicha raqib jarima maydoni atrofida kechdi va doimiy tahdid solib turildi. Shu kuni hujum markazida tushgan Haversda qator imkoniyatlar bo‘ldi, ammo 19-daqiqada hisobni u emas, Rays Uaytning uzatmasidan keyin boshda yo‘llagan zarbasi bilan ochdi. Maydondagi asosiy ishi raqib hujumlarini buzish bo‘lgan angliyalik tayanch yarimhimoyachisi uchun bu APL joriy mavsumidagi oltinchi gol bo‘ldi. U ayniqsa so‘nggi o‘yinlarda hujum chizig‘ida foydali bo‘lmoqda – besh o‘yinda uch gol urib, uch assist muallifi bo‘ldi.

Barchasi birinchi bo‘lim 1:0 hisobida yakunlanishiga qarab ketayotgandi, ammo 45+4-daqiqada «Arsenal» darvozaboni Ramsdeyl qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. Aytish kerakki, u bu o‘yinga majburan tushirilgandi. Asosiy darvozabon Rayya «Brentford»ga qarshi o‘ynay olmasdi, u hamon ushbu klub futbolchisi hisoblanadi («Arsenal» uni mavsum yakunida sotib olish sharti bilan ijaraga olgan).

Tanaffus arafasida Ramsdeyl to‘pni qabul qilib olganida uni uzoqlashtirish uchun yetarli vaqtga ega edi, ammo u kimga pas berish bo‘yicha ko‘p o‘ylanib yubordi va bundan foydalangan «Brentford» hujumchisi Vissa to‘pga oyoq qo‘yishga ulgurdi. Natijada navbatdagi ishonchli g‘alabasiga erishishi kutilgan «Arsenal» o‘yini asabiy tus oldi.

«Arsenal» ikkinchi bo‘limni ham kuchli boshladi va ikkinchi golga juda yaqin keldi. Edegor, Gabriel va Raysda xavfli zarbalar bo‘ldi. Keyin birinchi bo‘lim antiqahramoni Ramsdeyl ikki bor qahramonlik ko‘rsatdi va muqarrar gollardan qutqardi. Keyin esa bahsli vaziyat yuzaga keldi, Edegor to‘pni jarima maydoniga oshirib berdi, «Brentford» himoyachisi Ayer esa Trossarni bo‘ynidan ushlab yiqitdi. Bu vaziyatda himoyachi to‘p uchun kurashmayotgandi, bu muqarrar penalti bo‘lib ko‘ringandi, ammo VAR vaziyatga aralashmadi.

Buning ortidan «Arsenal» boshqa epizod uchun penalti so‘radi, ammo bu holatda arbitr haqli ravishda «nuqta»ni ko‘rsatmadi. Agar u istasa Haversga simulyatsiya uchun sariq kartochka ko‘rsatishi ham mumkin edi, bu esa uning uchun ikkinchi ogohlantirishga aylanardi.

Ammo «Arsenal» penaltisiz ham uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Avvaliga Raysning zarbasi ustun va to‘sin tutashgan nuqtaga tegdi, 86-daqiqada esa Uayt Haversga ideal uzatma berdi. Germaniyalik futbolchi to‘pga boshi bilan teginishi qolgandi va u buni uddaladi. «Brentford» darvozaboni to‘pni to‘sishga harakat qildi, ammo to‘p uning qo‘llaridan o‘tib baribir darvoza to‘riga kirdi. «Arsenal» birinchi o‘ringa ko‘tarildi va endi «Liverpul» va «Manchester Siti»ning o‘zaro o‘yini natijasini kutadi. Agar bu o‘yin durang natija bilan yakunlansa, londonliklar birinchi o‘rinda qoladi, chunki to‘plar nisbati aynan ularda hammanikidan yaxshiroq.

«Manchester Yunayted» – «Everton» 2:0
Gollar:
1:0 – 12, penalti Brunu Fernandesh, 2:0 – 36, penalti Reshford.
«Manchester Yunayted» – Onana, Diogu Dalot, Evans (Kambvala, 89), Varan, Lindelyof, Kazemiro, Brunu Fernandesh, Maktominey, Maynu (Amrabat, 79), Garnacho (Antoni, 83), Reshford.
«Everton» – Pikford, Godfri, Tarkovski, Brentueyt, Mikolenko, Harrison (Dobbin, 61), Dukure (Andre Gomesh, 61), Garner (Yang, 75), Onana, Shermiti, Betu (Kelvert-Lyuin, 61), Maknil.

«MYu» uchun hozirda Angliya Kubogi muhimroq o‘ringa chiqqan. Jamoaga ushbu turnir chorafinalida «Liverpul» raqib bo‘ladi, bu to‘siqdan o‘tilsa «Manchester Siti» bilan ham o‘ynashga to‘g‘ri kelishi mumkin, ammo qisqa muddatli turnirda natijaga erishish mumkin. Chempionatda esa — Chempionlar ligasi kvartetidan 11 ochkolik farq — asosiy yevrokubok uchun imkoniyatlarni maksimal darajada minimallashtirgan. Lekin bu «qizil iblislar» uchun APL o‘yinlari rasmiyatchilikka aylanganini anglatmaydi. Hozircha turnir jadvalida ko‘tarilish imkoniyati mavjud. 

«MYu» hamon markaziy hujumchisi Rasmus Hoylundsiz o‘ynashiga to‘g‘ri kelmoqda. U tiklana boshlagan, ammo «Everton» bilan o‘yin zayavkasidan o‘rin olmadi. Hujum markazida Brunu Fernandesh tushdi. U sxema bo‘yicha markaziy hujumchi sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, amalda orqaroqqa joylashdi va qanotlardagi Markus Reshford va Alexandro Garnachoga to‘p oshirish bilan shug‘ullandi.

Mezbonlar o‘yini argentinalik futbolchi orqali keskinlashtirildi. «MYu» pozitsion hujumlardan ko‘ra, qarshi hujumlarga tayandi va 19 yoshli vinger tez-tez raqib jarima maydoniga yorib kira boshladi. Birinchi bo‘limda «MYu»ning ikki penaltisini ham aynan u ishlab berdi.

12-daqiqadayoq Garnacho chap qanotda Reshforddan to‘p qabul qilib oldi va jarima maydoniga kirganida Jyeyms Tarkovski uning oyog‘ini bosib oldi. Brunu zarbada adashmadi.

36-daqiqada «MYu» yana bir penalti tepish huquqiga ega bo‘ldi. Garnacho o‘ng qanotdan markazga ko‘chib, uch himoyachini ortda qoldirdi, keyin esa uning oyog‘ini Ben Godfri bosib oldi. «Yunayted» fanatlari ikkinchi penaltidan keyin viva Garnacho [«Garnachoga olqishlar»] deb qo‘shiq kuylay boshlashdi. Bu safar 11 metrlik jarima zarbasini Reshford aniq ijro etdi.

Garnacho tanaffusdan keyin ham maydondagi eng yorqin futbolchi bo‘lib qoldi va raqib jarima maydonida tahdid solishda davom etdi. Vaziyatlardan birida u o‘zi ham gol urishi mumkin edi, ammo pas yo‘nalishini to‘g‘ri baholay olmadi.

Ikki gol ustunligiga ega bo‘lgan «MYu» ikkinchi bo‘limda ishonchli harakat qildi va «Everton»ga vaziyatlar yaratishga imkon bermadi, g‘alabali hisob o‘yin yakuniga qadar saqlanib qoldi. Bunday hisobdagi g‘alaba «MYu»ning bu mavsumdagi urilgan va o‘tkazilgan gollari nisbatini yaxshiladi (nollashtirdi). Endi jamoa yakshanba kuni bo‘lib o‘tadigan o‘zaro o‘yinda «Aston Villa» va «Tottenhem» ochko yo‘qotishini kutadi. «Everton» esa APLda g‘alabasiz seriyasini 11 o‘yinga yetkazdi (5 durang, 6 mag‘lubiyat).

Ispaniya: Grizmann yo‘q — g‘alaba ham yo‘q

«Kadis» – «Atletiko» 2:0
Gollar:
1:0 – 24 Huanmi, 2:0 – 64 Huanmi.
«Kadis» – Ledesma, Karselen, Viktor Chust, Usu, Xavi, Navarro (Pires, 78), Alkaras, Kuame (Samasseku, 68), Huanmi (Aleks Fernandes, 68), Maksi Gomes (Ramos, 68), Sobrino (Alexo, 87).
«Atletiko» – Oblak, Gabriel Paulista, Ermoso, Vitsel, Koke (Al-Jyebari, 78), Saul (Molina, 46), De Paul (Rikelme, 46), Liorente, Lino (Vermeren, 71), Morata, Depay (Korrea, 46).
Ogohlantirishlar: Depay (30), Huanmi (31), Sobrino (48), Molina (52), Morata (62), Alkaras (71), Vermeren (84), Liorente (88), Alexo (90).

«Atletiko» Kadisga Grizmannsiz tashrif buyurdi, u YeChL doirasida «Inter»ga qarshi o‘yingacha safga qaytishi kutilmoqda. Aftidan, «matraschilar»ning asosiy e’tibori o‘sha o‘yinga qaratilgan, birinchi bo‘lim mezbonlarning haqli g‘alabasi bilan yakunlandi. Tezkor qarshi hujumdan keyin madridliklar jamoasi himoyachilari Huanmini osonlik bilan o‘tkazib yuborishdi, hujumchi Sobrinoning uzatmasidan keyin jarima maydonida hech qanday qarshilikka uchramasdan aniq zarba yo‘lladi.

Tanaffusda Diyego Simeone kerakli ko‘rsatmalarni berdi, ammo Huanmi yana gol urdi. Bu safar «Betis»ning sobiq forvardi jarima maydoniga oddiy to‘p uzatishi evaziga ro‘y berdi, bu hujum vaqtida Gabriel Paulista qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. Ammo bu mag‘lubiyat mehmonlarning turnir jadvalidagi holatiga deyarli ta’sir ko‘rsatmadi. Yakshanba kuni «Atletik» «Las-Palmas» bilan qanday natija ko‘rsatishidan qat’i nazar, «Atletiko» tur yakunlariga ko‘ra kuchli to‘rtlikdagi o‘rnini saqlab qolishi aniq.

Italiya: g‘alabali tug‘ilgan kun

«Bolonya» – «Inter» 0:1
Gol:
0:1 – 37 Bissek.
«Bolonya» – Skorupski, Posh, Lukumi, Bekema, Kristiansen, Froyler, Ebisher (Moro, 69), Fergyuson, Odgor (Orsolini, 79), Zirkzeye (Kastro, 79), Salemakers (Ndoyye, 74).
«Inter» – Zommer, Darmian, Acherbi, Bastoni, Bissek, Karlos Augusto (Dumfris, 46), Mxitaryan (Frattezi, 61), Chalxono‘g‘li (Aslani, 61), Barella (Klassen, 80), Sanches, Tyuram (Arnautovich, 66).
Ogohlantirishlar: Zirkzeye (25), Froyler (48), Klassen (81).

Turning markaziy o‘yinini o‘z tug‘ilgan kunida noqulay raqibga qarshi o‘tkazgan «Inter» birinchi bo‘lim o‘rtalaridayoq hisobni ochdi. Taktik ehtiyotkorlikka e’tibor qaratilgan o‘yinda neradzurrilar pressingni a’lo darajada bajarishdi. Avvaliga jarohatidan tuzalib safga qaytgan Tyuram yaqqol golli vaziyat yaratib berdi, ammo Skorupski yakkama-yakka holatga chiqib kelgan Barellaning zarbasini qaytardi. Lekin ko‘p o‘tmay milanlik himoyachilar ham o‘z ampluadoshlarini, ham darvozabonni ilojsiz ahvolda qoldirishdi. Bastoni chap qanotdan ajoyib uzatma berdi, Bissek esa to‘pni olis ustun tomonga aniq yo‘lladi.

«Inter» birinchi bo‘limda nisbatan yuqori saviyali jamoa ekanini namoyish etib berdi va Simone Indzagi Tiagu Mottani dog‘da qoldirdi. Ammo o‘tkazib yuborilgan gol «Bolonya»ni o‘ziga keltirdi va jamoa ikkinchi bo‘limda o‘zining dadil futbolini hamda ustunlikka intilishini namoyish etib berdi. Poshning o‘tkir burchakdan yo‘llagan zarbasi ancha xavfli chiqdi. Faqat bu va boshqa hujumlar mezbonlarni mag‘lubiyatdan qutqarish uchun yetarli bo‘lmadi.

Yil boshidan buyon 13-g‘alabasini nishonlagan «Inter» nuqsonsiz o‘ynamoqda va turnir jadvalidagi asosiy ta’qibchisi «Yuventus» bilan oradagi farqni 18 ochkoga yetkazdi. Jamoa A seriyada 22 o‘yindan buyon yutqazmayapti. Qolaversa, bu o‘yinda jamoa to‘purari Lautaro Martinesga dam berilgandi, u «Atletiko»ga qarshi safar o‘yini uchun asralgan. «Bolonya» esa g‘alabali seriyasi to‘xtatilganiga qaramay, «Roma» va «Atalanta» jamoalari bu turda qanday natija qayd etishidan qat’i nazar kuchli to‘rtlikdagi o‘rnini saqlab qoladi.

«Kalyari» – «Salernitana» 4:2
Gollar:
1:0 – 12 Lapadula, 2:0 – 40 Gaetano, 3:0 – 51 Shomurodov, 3:1 – 56 Kastanos, 3:2 – 58 Madjore, 4:2 – 76 Shomurodov.
«Kalyari» – Skuffet, Dzappa, Mina, Dossena, Audjyello, Veteska, Nandes (Viola, 66), Yankto (Atssi, 66), Deyola, Makumbu, Gaetano (Eldor Shomurodov, 46), Lapadula (Oristanio, 66).
«Salernitana» – Ochoa, Dzanoli (Sambiya, 74), Fasio, Manolas (Pirola, 46), Bradarich, Bashich, Kandreva, Kastanos, Kulibali (Gomis, 74), Madjore, Tshauna, Veysman (Nvankvo, 65).

O‘zbekiston milliy jamoasi forvardi Eldor Shomurodov A Seriyasi 28-turiga kelib mavsumdagi dastlabki gollarini urdi.

«Kalyari»ning «Salernitana»ga qarshi o‘yinida Raniyeri 2-bo‘lim boshida Eldor Shomurodovni zaxiradan maydonga tushirdi. Yaqinda jarohatidan tuzalib qaytgan o‘zbekistonlik hujumchi 56 va 76-daqiqalarda gollar urib, dubli evaziga «Kalyari»ga muhim g‘alabani keltirdi – 4:2. Bu uning Sardiniya jamoasi safidagi dastlabki gollari bo‘ldi.

Uning uzoq kutilgan golidan keyin A Seriyaning tvitterdagi rasmiy sahifasi ham o‘zbekcha post qo‘ydi.

Shu tariqa, Shomurodovning gollari evaziga «Kalyari» ochkolari sonini 26 taga yetkazib, 19-o‘rindan 13-o‘ringa ko‘tarildi. «Salernitana» esa 14 ochko bilan so‘nggi o‘rinda bormoqda.

Germaniya: Sancho yana gol urdi

«Bavariya» – «Mayns» 8:1
Gollar:
1:0 – 13 Keyn, 2:0 – 19 Goretska, 2:1 – 31 Amiri, 3:1 – 45 Keyn, 4:1 – 47 Myuller, 5:1 – 61 Musiala, 6:1 – 66 Gnabri, 7:1 – 70 Keyn, 8:1 – 90+2 Goretska.
«Bavariya» – Noyyer, Dayyer (Kim Min Je, 75), de Ligt, Devis (Gerreyru, 18), Goretska, Laymer, Kimmix, Myuller (Tel, 62), Sane (Gnabri, 62), Musiala (Saragosa, 75), Keyn.
«Mayns» – Tsentner, Vidmer, Kasi, van der Berg, Gilavogi (Fernandesh, 35), Mvene, Li Je Son (Rixter, 65), Amiri, Kraus (da Koshta, 76), Gruda (Xanche-Olsen, 76), Burkardt (Ajork, 65).

«Bavariya» YeChLning keyingi bosqichiga chiqqanidan keyin «quturib» ketdi. Jamoa kuchli, chiroyli va son o‘ynamoqda, xuddi birinchi gol urilgan vaziyatda Musiala bir harakat bilan Keynni bo‘sh darvoza qarshisiga chiqarib yuborganidek. Harri ofsaydda qolgan bo‘lishi mumkinligi tufayli to‘pni Goretskaga o‘tkazib yuborganidek. Shu bilan birga, o‘yin muammosiz kechmadi, nihoyat safga qaytgan Deyvis 18-daqiqadayoq yangi jarohat tufayli o‘z o‘rnini Rafael Gerreyraga bo‘shatib berdi.

«Mayns» esa javob golini urish orqali myunxenliklarning jahlini chiqarib yubordi, mezbonlar sentabr oyida «Bohum» bilan o‘yindagi natijasini (7:0) yaxshiladi. O‘shanda bo‘lgani kabi bu safar ham Keyn het-trik qayd etdi va 25 tur ichida chempionatdagi gollari sonini 30 taga yetkazdi. Barcha turnirlar qo‘shib hisoblanganda esa — 35 taga. Mavsum yakuniga qadar yetarlicha vaqt bor, shunday ekan angliyalik hujumchi samaradorlik bo‘yicha personal rekordini yangilashi mumkin. «Tottenhem»da u 2017/18 yillar mavsumida 41 gol urgandi. O‘shanda Keyn 48 o‘yinda maydonga tushgandi, bu mavsumda esa hozircha — 34 o‘yinda.

«RB Leypsig» – «Darmshtadt» 2:0
Gollar:
1:0 – 3, avtogol Ishervud, 2:0 – 50 Baumgartner.
«RB Leypsig» – Gulachi, Simakan, Orban, Lukeba, Raum, Kampl (Zayvald, 77), Shlager, Elmaz (Baumgartner, 46), Simons, Poulsen (Sheshko, 77), Openda (Olmo, 70).
«Darmshtadt» – Shuen, Ishervud, Klarer, Franich, Kempe, Yustvan, Myuller (Karich, 46), Skarke, Holtmann (Honzak, 67), Vilhelmsson (Zaydel, 67), Torziyello (Polter, 46).

«Verder» – «Borussiya» D 1:2
Gollar:
0:1 – 21 Malen, 0:2 – 38 Sancho, 1:2 – 70 Ndjinma.
Verder – Tsetterer, Vayzer, Yung, Shtark (Alvero, 84), Malatini (Velkovich, 65), Agu (Bitenkur, 79), Linen, Stage (Kovnatski, 65), Shmid (Voltemade, 84), Ndjinma, Duksh.
Borussiya D – Kobel, Ryuerson, Zyule, Shlotterbek, Matsen (Bensebayni, 84), Zabitser, Jan, Brandt (Adeyyemi, 65), Malen (Hummels, 46), Sancho (Nmecha, 74), Fyullkrug (O‘zjan, 65).
Ogohlantirishlar: Shmid (77), Shlotterbek (78), Adeyyemi (90).
Chetlatish: Zabitser (45).

Shanba kuni to‘rtinchi o‘rin uchun sirtqi kurashda birinchi yurishni «Leypsig» amalga oshirdi va jamoa ikki bo‘lim boshida bittadan gol urib, «Darmshtadt»ni ishonchli hisobda mag‘lub etdi. O‘yinning borishiga qarab, Marko Roze jamoasi ikki gol bilan kifoyalangani ajablanarli. Lekin shu natijaning o‘zi ham YeChL hududiga ko‘tarilish uchun yetarli bo‘ldi. Gap «Borussiya» qanday javob qaytarishida edi.

Dortmundliklar esa Bremenda g‘alaba qozondi va top-4 ga qaytdi. Brandt birinchi bo‘limdayoq ustunlikni ta’minladi, uning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi Malenning qaytgan to‘pni darvozaga kiritishi bilan yakunlandi. Keyin esa Yulian Sanchoning goliga hammualliflik qildi, angliyalik hujumchi jarima maydoniga kirib, himoyachini chiroyli aldab o‘tdi va darvozabonga imkon qoldirmadi. Lekin Jyeydonning mavsumdagi birinchi goli g‘alaba uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin edi. Dortmundliklar safida avvaliga Zabitser maydondan chetlatildi, ikkinchi bo‘limda esa Ndjinma hisobni qisqartirdi, keyin esa Vayzer jarima maydoni markazidan zarba berganida Shlotterbek to‘p yo‘lidan chiqib, jamoasi uchun uch ochkoni saqlab qoldi.

Fransiya: «Lans» yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun raqobatchisini yengdi

Lans – Brest 1:0
Gol: 1:0 – 32 Agilyar.
«Lans» – Samba, Agilyar, Gradi, Danzo, Abduqodir Husanov, Frankovski, Mendi (Abdul-Samed, 82), David Koshta (Tomasson, 82), Al-Enaui, Sotoka, Vai (Said, 72).
«Brest» – Bizot, Lala, Shardonne, Brasse, Loko, Le-Melu, Del Kastiyo (Braimi, 81), Manetti (Marten, 71), Kamara (Dumbiya, 71), Le Duaron (Pereyra Lajye, 58), Mune (Satriano, 58).
Ogohlantirishlar: Husanov (7), Manetti (69).

Fransiya chempionati 25-turi doirasida «Lans» o‘z maydonida «Brest»ni minimal hisobda mag‘lub etdi – 1:0.

Shu kuni Abduqodir Husanov o‘yinni asosiy tarkibda boshlab, to‘liq harakat qildi. U 7-daqiqada ogohlantirildi. Uchrashuv davomida esa jamoasining faol o‘yinchilaridan biri bo‘ldi.

Ushbu g‘alaba evaziga lansliklar 42 ochko bilan 3-o‘rindagi «Monako»ga hozircha yetib olishdi va urilgan gollar soniga ko‘ra 4-o‘rinda borishmoqda. «Monako» o‘z o‘yinini yakshanba kuni o‘tkazadi.

Kun statistikasi

  • «Bavariya» hujumchisi Harri Keyn bundesligadagi debyut mavsumida to‘rt bor het-trik qilgan 1-futbolchiga aylandi.
  • «MYu» «Everton» ustidan 41-g‘alabasiga erishdi. Bu APLdagi jamoalar raqibligidagi rekord ko‘rsatkich.
  • «Bavariya» yarimhimoyachisi Musiala bundesligada 50 samarali ball ishladi.
Ko‘proq yangiliklar: