Angliyada peshqadamlik uchun «jang»: Klopp Gvardiolaga qarshi. Hafta o‘yinlari anonsi

Sport 14:27 / 09.03.2024 16496

BOLONYa – INTeR (9 mart, 22:00)

So‘nggi yillarda yaxshigina raqobat bilan e’tiborni o‘ziga qaratayotgan Italiya chempionatida bu mavsumda tom ma’nodagi superklub paydo bo‘ldi – «Inter». Milanliklar nafaqat A Seriya miqyosida, balkim Yevropa o‘lchovlarida ham yuqori saviyadagi va barqaror futbol namoyish etmoqda va Chempionlar Ligasi favoritlaridan biri bo‘lib turibdi. Bu shunchaki, o‘tgan yili jamoa finalda o‘ynagani uchun emas, «Inter»ning aynan ushbu mavsumdagi o‘yiniga nisbatan olinayotgani ham sir emas. «Inter» hozirda 15 ochkolik farq bilan peshqadamlik qilmoqda va katta ehtimol bilan kuchli beshlikda birinchi bo‘lib rasman chempionlikni nishonlaydi.

Bu o‘yinning tanlanganiga asosiy sabab esa «Bolonya». «Inter»ning sobiq futbolchisi Tiagu Motta boshqarayotgan o‘rtamiyona klub bu mavsumda oldinga dadil qadam tashladi va Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun asosiy da’vogar bo‘lib turibdi. 13-o‘rindagi jamoani qabul qilib olgan Motta o‘tgan mavsumda jamoani 9-o‘ringa olib chiqdi, hozir esa «Bolonya» 51 ochko bilan 4-o‘rinda bormoqda. Agar bu o‘yinda g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, jamoa hozirdanoq o‘tgan mavsumdagi ochkolar miqdoriga yetib olgan bo‘ladi. Umuman, aslida «Bolonya» tarixan olganda Italiyaning to‘rtinchi katta klubi sifatida tilga olinadi. Sovrinlar soni bo‘yicha Italiyaning oltinchi jamoasi, yetti marta mamlakat chempioni bo‘lgan. Oxirgi marta esa «Bolonya» o‘tgan asr oxirlarida yevrokuboklarda qatnashgan va UYeFA kubogi yarimfinaliga yetib borgandi. Bu ketishda bolonyaliklar kelasi yildan yana Yevropaga qaytishi ehtimoli katta.

Foto: Getty images

Mezbonlarda g‘alaba uchun imkoniyat bo‘lishi mumkinligining sabablaridan biri, «Inter» kelasi haftada Chempionlar Ligasida muhim uchrashuv o‘tkazadi – «Atletiko» maydonida birinchi o‘yindagi ustunlikni (1:0) saqlab qolishga to‘g‘ri keladi. A Seriyada yaxshi farq bilan oldinda borayotgan «Inter» ko‘proq e’tiborini Chempionlar Ligasi chorak finaliga chiqishga qaratishi tabiiy. Shu tufayli, ushbu o‘yinda ba’zi yetakchi futbolchilar dam olishi ham mumkin. Bundan tashqari, «Bolonya» g‘alabali seriyasini davom ettirmoqda – Motta shogirdlari 16-4 to‘plar nisbati bilan oxirgi 6 uchrashuvni o‘z foydasiga hal qildi.

O‘zaro o‘yinlarga qaraganda ham, o‘zaro oxirgi uch o‘yinda «Bolonya» mag‘lubiyatga uchramayotgani ham fakt. Birinchi davradagi o‘yinda Milanda 2:2 hisobi qayd etildi, shuningdek, dekabr oyida bo‘lib o‘tgan Italiya kubogi bahsida ham Motta shogirdlarining qo‘li baland kelgandi. Yuqorida aytilganidek, «Inter»ning uchrashuvga tanlaydigan tarkibini taxmin qilish qiyin, «Bolonya»da esa arzirli jarohatlar yo‘q. Ayniqsa, mezbonlar safida 22 yoshli niderlandiyalik hujumchi Joshua Zirkziga alohida e’tibor qaratishga maslahat bergan bo‘lardik . Ushbu mavsumda A Seriyada 10 gol urgan futbolchi bir qator Yevropa top klublarining nazariga tushgan.

ASTON VILLA – TOTTeNHEM (10 mart, 18:00)

Angliyada chempionlik jangiga tayyorgarlik sifatida muxlislar uchun yana bir qiziqarli bahs qo‘yilgan. Kuchli to‘rtlik uchun asosiy da’vogar bo‘lib turgan ikki jamoa Birminhemda orani ochiq qiladi. Hozirda «Aston Villa» hisobida 55 ochko bor va «Tottenhem»ni 5 ochkoga ortda qoldirmoqda. Ammo londonliklar hisobida bitta zaxira o‘yini ham bor, ya’ni agar «Tottenhem» «Villa»ni yutadigan bo‘lsa, yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha toza 4-o‘ringa chiqib oladi.

Chempionlar Ligasida format o‘zgarishi natijasida kelasi mavsumdan Angliyadan ushbu turnirga 5 jamoa borishi ehtimoli bor, to‘g‘ri, beshinchi o‘rin ham yakunda yo‘llanmani qo‘lga kiritishi mumkin. Ammo ayni paytda APL Yevropa reytingida Bundesliga va A Seriyadan orqada bormoqda, ya’ni beshinchi o‘ringa ham yo‘llanma tegishiga kafolat yo‘q. Buning ustiga, albatta, g‘alaba qozonish va orqadan ta’qib qilayotgan jamoalarga ham imkoniyat qoldirmaslik uchun ikki jamoa faqat g‘alaba uchun o‘ynashi shubhasiz.

Nafaqat turnir nuqtai nazaridan, balki usluban ham ancha qiziqarli va tomoshabop o‘yin ko‘rishimizga ishonch katta. Sababi, har ikki murabbiy ham Angliyada himoya blokini eng oldinga chiqaradigan va «ofsayd qopqoni»ni faol ishlatadigan mutaxassislar sarasiga kiradi. Demak ancha ochiq va vaziyatlarga boy o‘yin ko‘rishimiz ehtimoli yuqori. Xususan ushbu raqiblarning birinchi davradagi o‘yini ham ushbu taxminlarni to‘la oqlagandi. Jamoalar umumiy hisobda 30 dan ortiq zarba amalga oshirishgan, 8 ta o‘ta xavfli vaziyat sodir bo‘lgan. O‘yin «Aston Villa»ning 2:1 hisobidagi irodali g‘alabasi bilan yakuniga yetgandi. Umuman oxirgi 3 o‘yinda «Aston Villa» raqibi ustidan g‘alaba qozonib kelmoqda.

Tarkiblar holatiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, yuqorida eslangan birinchi davra uchrashuvidan farqli ravishda «Tottenhem»da muammolar kamaydi – asosiy tarkib futbolchilari safga qaytdi. Faqatgina oldingi chiziqda Risharlisonning yo‘qligi muammo bo‘lishi mumkin. Mezbonlarda ham agar maydonga tushishi so‘roq ostida bo‘lgan Remzi, hamda mavsum oxirigacha safdan chiqqan Kamarani aytmaganda, barcha ijrochilar tayyor.

Faqatgina, «Aston Villa» payshanba oqshomida Konferensiyalar kubogida «Ayaks»ga qarshi maydonga tushganini ham eslab o‘tish kerak. O‘sha o‘yinda asosiy futbolchilardan Uotkins, Luis, Din, Torres, Langle, Konsa, Tilemans, Kesh, Beyli, Makgin, Moreno kabilar maydonga tushishdi. Ya’ni yevrokuboklarda qatnashmayotgan «Tottenhem»ning jismoniy tomondan imkoniyati yuqori bo‘lishi turgan gap.

LIVeRPUL – MANCheSTeR SITI (10 mart, 20:45)

Ushbu jamoalar birinchi davrada uchrashganda «Manchester Siti» 1 ochkoga oldinda bo‘lgan, ammo yangilanayotgan va bir qator muammoli o‘yinlarda ham ochko olgan «Liverpul»ning chempionlik uchun kurashishi mumkinligiga ishonch kamroq edi. Klopp shogirdlari o‘yin oxirlarida hisobni tenglashtirib, katta ustunlik qilgan mezbonlardan ochko tortib olgandi. Hozir vaziyat biroz boshqacha. Ha, «Manchester Siti» haliyam ushbu poygada favorit sifatida tilga olinyapti, lekin «Liverpul» jiddiy shaklda kurashga qo‘shilgan, agar bu o‘yinda g‘alaba qozonsa, 4 ochkolik farq yuzaga keladi. «Liverpul» bunday poygalarda tajribali ekanini va agar qolgan o‘yinlarni g‘alaba qozonish kerak bo‘lsa, buni amalga oshira olishini Pep Gvardiola ham yaxshi biladi. Xullas, Angliyada tom ma’noda chempionlik uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Eng qizig‘i, durang ham ham ikki tomonni qoniqtirmaydi. U holda yangi yilda faqat g‘alaba qozonib kelayotgan «Arsenal» deyarli yetib olishi mumkin.

Gvardiola – Klopp qarama-qarshiligi so‘nggi yillarda rostan ham Angliya Premer-ligasining bezagi bo‘ldi, deb bemalol aytish mumkin. Klopp bir marta chempionlikni tortib olganidan tashqari, ikki marta so‘nggi turlargacha haqiqiy raqobat ko‘rsatdi. Boshqa qilib aytganda, agar Kloppning «Liverpul»i bo‘lmaganda, Pep Gvardiola Angliyani ham allaqachon Bundesligaga aylantirib qo‘ygan bo‘lardi. Yana aytish mumkinki, bu ikki murabbiy shu raqobat orqali bir-birining jamoasini ham kuchaytirganini ham tan olish kerak. Axir oxirgi 6 Chempionlar Ligasi finalining 5 tasida yo «Liverpul» yoki «Manchester Siti» qatnashgan. Mana shunday ajoyib davr endi tarixga aylanmoqda – agar Angliya kubogi bahsida to‘qnash kelishmasa, bu o‘yin Klopning «Liverpul»i va Pepning «Siti»si o‘rtasidagi so‘nggi bahs bo‘lishi ham mumkin. Xullas, o‘rtaga juda ko‘p narsa tikilgan.

Foto: Getty images

Tarkiblarga keladigan bo‘lsak, mezbonlar safida yo‘qotishlar ko‘proq. Asosiylardan Trent Aleksandr-Arnold, Diogu Jota, Matip, Alison Bekker kabi futbolchilar maydonga tusha olishmaydi. Shuningdek, Konate ham «Sparta»ga qarshi o‘yinda jarohat oldi va ushbu o‘yinda tiklanib ulgurishi ma’lum emas. Jo Gomesning maydonga tushishi ham so‘roq ostida. Bayjyetich, Gravenberx, Alkantara, Ketrin Jons kabi futbolchilarning yo‘q bo‘lishiga ham o‘rganib qoldik. Albatta, so‘nggi oylarda juda ko‘p yosh futbolchilar «Liverpul» safida debyut qilgani va qaysidir ma’noda yo‘qlarning o‘rnini to‘ldirgani bor gap, ammo mana shu darajagi muhim va katta o‘yin hali bo‘lmagandi. Masalan, fevral oyida bo‘lib o‘tgan «Arsenal»ga qarshi o‘yinda Klopp jamoasi ishonchni oqlay olmagan va barcha jihatlarda mag‘lub bo‘lgandi. «Manchester Siti» safida Jyek Grilishning jarohatidan tashqari, Dokuning ham holati so‘roq ostida.

FIOReNTINA – ROMA (11 martga o‘tar kechasi, 00:45)

Qiziq holat. «Roma» 47 ochko bilan 5-o‘rinda, «Fiorentina» esa 42 ochko bilan 8-o‘rinda bormoqda. Aytish mumkinki, har ikkisi ham Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettiradi. Buning uchun esa yo‘llanmalar soni Italiya uchun 5 ta bo‘lishi juda muhim. Beshta yo‘llanma bo‘lishi uchun esa «Roma» ham, «Fiorentina» ham yevrokuboklardagi ishtirokini imkon qadar oxirigacha davom ettirishi lozim. Ya’ni A Seriyada 5-o‘rin uchun kurashishdan tashqari, o‘sha beshinchi o‘rin ma’noga ega bo‘lish uchun ham Yevropada ochkolar kerak bo‘ladi.

O‘tgan haftada har ikki klub ham bu vazifani yaxshi uddalashdi. «Fiorentina» Konferensiyalar kubogida safarda «Makkabi» ustidan irodali g‘alabaga erishdi – 4:3. «Roma» esa Angliyada ancha kuchli sanalgan va hatto Yevropa Ligasida favorit sifatida tilga olinib kelgan «Brayton»ga imkoniyat qoldirmadi – 4:0. Umuman, «Roma» de Rossi qo‘l ostida ajoyib natijalar qayd etyapti. Mourino ketganidan keyingi 11 o‘yinning 8 tasida g‘alaba va faqat bir mag‘lubiyat, u ham bo‘lsa, «Inter»dan. Bu holat xuddi Joze Mourinoning avvalgi jamoalaridan biridagi pallani eslatib yuboryapti. Mourinoning ketishi, klubga sobiq afsonalardan biri vaqtincha tashrif buyurib, natijalarninng keskin o‘zgarishi, g‘alabali seriyalar. Esladingizmi?

Har ikki jamoada ham diskvalifikatsiyaga uchragan o‘yinchilar bor. Mezbonlar safida Lukkas Beltran «Torino»ga qarshi o‘yindagi sariq kartochkasi tufayli qatnasha olmaydi. Xuddi shunday kartochkani «Roma» yarimhimoyachisi Rasmus Kristensen «Monsa»ga qarshi uchrashuvda oldi. Kristensen o‘sha o‘yinda kartochkadan tashqari jarohat ham oldi va katta ehtimol bilan yana bir oy sheriklariga yordam bera olmaydi. Shuningdek, Temmi Abrahamning safga qaytishiga ham yaqin qolyapti, ammo qizig‘i, u Romelu Lukaku bilan birgalikda to‘p sura olarmikin? Agar de Rossi ikkala futbolchiga ham bir paytda maydonda joy topib bera olsa, mavsum oxirigacha ajoyib tandemni ko‘rishimiz mumkin bo‘lardi.

O‘zaro uchrashuvlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, oxirgi yillarda «Roma»ning ustunligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. «Fiorentina»da 9, «Roma»da 18 g‘alaba bor. Birinchi davradagi o‘yin mavsumdagi eng murosasiz janglardan biri bo‘lgandi. 1:1 hisobida tugagan o‘yinda hakam 9 ta sariq va 3 qizil kartochka ko‘rsatgan. Uch futbolchi jarohat tufayli maydonni erta tark etishga majbur bo‘lgan.

Darvoqe, ushbu to‘qnashuvni «Batistuta derbisi» deb ham atash mumkin. Argentinalik hujumchining har ikki jamoa tarixida katta o‘rni bor. Batistuta «Fiorentina» safida o‘n yilga yaqin to‘p surib, 167 ta gol urgan bo‘lsa, keyinchalik «Roma»da ham bir necha yil o‘ynagan va eng ahamiyatlisi, rimliklar bilan mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgandi. Bu sovrin «Roma» uchun oxirgi 40 yildagi yagona chempionlik bo‘lib turibdi.

BOShQA O‘YINLAR

9 mart. MYu – Everton (17:30), BAVARIYa – Manyts (19:30), Kadis – ATLeTIKO (20:15), ARSeNAL – Brentford (22:30), Verder – BORUSSIYa D (22:30), JIRONA – Osasuna (10 martga o‘tar kechasi, 01:00)

10 mart. PSJ – Reyms (17:00), MILAN – Empoli (19:00), YuVeNTUS – ATALANTA (22:00), ReAL – Selta (22:30), BAYYeR – Volfsburg (23:30).

Ko‘proq yangiliklar: