O‘zbekistonda o‘lchovli oltin quymalarining narxlari 3 kundan beri rekord darajadagi o‘sish tendensiyasini ko‘rsatmoqda.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, oltin quymalari narxlari so‘nggi uch kunda quyidagicha shakllangan:
5 gr | 10 gr | 20 gr | 50 gr | |
04.03.2024 | 4,28 mln so‘m | 8,56 mln so‘m | 17,13 mln so‘m | 42,83 mln so‘m |
05.03.2024 | 4,34 mln so‘m | 8,69 mln so‘m | 17,38 mln so‘m | 43,47 mln so‘m |
06.03.2024 | 4,42 mln so‘m | 8,85 mln so‘m | 17,7 mln so‘m | 44,26 mln so‘m |
Oltin quymalari narxlari 6 martda – bir kun ichida 1,8 foizga qimmatladi.
Ayni damda 5 grammlik oltin quymasi – 4,42 mln so‘m, 10 grammlik – 8,85 mln so‘m, 20 grammlik – 17,7 mln so‘m va 50 grammlik – 44,26 mln so‘mga baholanmoqda.
Yil boshiga nisbatan oltin quymalari narxlari 4,49 foizgacha qimmatlagan bo‘lsa, o‘tgan oyning mos davriga nisbatan o‘sish 6 foizga yetgan.
O‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa o‘lchovli oltin quymalari narxlari 19 foizga qimmatlagan.
5 gr | 10 gr | 20 gr | 50 gr | |
06.03.2023 (1 yil oldin) |
3,50 mln so‘m | 7,01 mln so‘m | 14,02 mln so‘m | 35,06 mln so‘m |
03.01.2024 (Yil boshida) |
4,23 mln so‘m | 8,47 mln so‘m | 16,95 mln so‘m | 42,39 mln so‘m |
06.02.2024 (1 oy oldin) |
4,17 mln so‘m | 8,34 mln so‘m | 16,69 mln so‘m | 41,72 mln so‘m |
01.03.2024 (Oy boshida) |
4,23 mln so‘m | 8,46 mln so‘m | 16,93 mln so‘m | 42,33 mln so‘m |
06.03.2024 (Bugun) |
4,42 mln so‘m | 8,85 mln so‘m | 17,7 mln so‘m | 44,23 mln so‘m |
Jahon Insighs kanali ekspertlari 26 fevraldan 1 martgacha bo‘lgan davrda xalqaro moliya bozorida 1 unsiya oltin narxi 2082,65 dollarni tashkil qilib, hafta boshidan +2,32 foiz, yil boshidan +0,97 foizlik ko‘rsatkichni qayd etganini ma’lum qildi.
Gold Price sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 6 mart (11:00 holatiga) 1 unsiya oltin narxi 2 126,41 dollarni tashkil qilib, bir kun ichida ushbu qimmatbaho metall narxi 0,56 foizga oshgan.
Spot nashrining e’tibor qaratishicha, oltin narxlari oshishi AQSh va boshqa rivojlangan iqtisodiyotlarda asosiy stavkalarning pasayishi kutilayotganda oltinga talab ortib borayotgani bilan izohlanmoqda. Xitoylik xaridorlar qimmatbaho metallga xavfsiz aktiv sifatida qiziqmoqda va Yaqin Sharqdagi mojarolar boshqa mamlakatlar investorlarining qiziqishini oshirmoqda.
O‘lchovli oltin quymalari
2018 yilda Markaziy bank oltin va kumushdan tayyorlangan esdalik tangalarni muomalaga chiqardi. Oradan ikki yil o‘tib, 2020 yil noyabridan boshlab o‘zbekistonliklarda jamg‘armalarini quyma oltin shaklida saqlash imkoniyati ham paydo bo‘ldi: Markaziy bank 5, 10, 20 va 50 grammli oltin quymalarini tijorat banklari orqali sotuvga chiqardi.
Oltin quymalari narxlari xalqaro qimmatbaho metallar bozori kon’yunkturasidan kelib chiqib, Markaziy bank tomonidan kun davomida qayta ko‘rib chiqiladi. Shunga ko‘ra, narxlar doimiy o‘zgaruvchan xarakterga ega bo‘ladi.
Oltin quymalarini sotish va qaytarib sotib olish narxlari oltinning jahon bozoridagi narxi va Markaziy bank tomonidan belgilangan marja yoki chegirma asosida shakllanadi va har kuni Markaziy bankning veb-saytida milliy valutada e’lon qilib boriladi.