Nafs insonni yomon holatlarga solgani haqida shu paytgacha ko‘p gapirilgan, yozilgan. Biroq insonlarning aksariyati boshi devorga borib urilmaguncha to‘g‘ri xulosa chiqarmaydi va o‘zini isloh qilmaydi.
“Hayotiy hikoyalar” ruknida berilayotgan navbatdagi hikoyamiz qahramoni ham shunday – boshi devorga urilgandan so‘ng aqlini yig‘ib olgan inson.
U elektron pochtamga yozgan maktubida ko‘zi ochligi tufayli qarindoshlariga ko‘p yomonliklar qilgani, oqibatda og‘ir sinovlar bilan jazolanganini yozadi.
“Shu kungacha qariyb 60 yil yashab qo‘ydim. O‘tgan yillar mobaynida hayotning juda achchiq sinovlariga duch keldim. Bunga ko‘zim ochligi va biroz ichim qora bo‘lgani sabab bo‘lgan deb bilaman.
Oilada 4 o‘g‘il va 4 qiz bo‘lganmiz. Men uchinchi o‘g‘il edim. Ota-onam farzandlar ulg‘aygandan so‘ng navbati bilan o‘g‘illarni uylantirib, qizlarni uzata boshlashdi.
1980 yillarning boshlari edi, maktabni bitirganimdan so‘ng armiyaga borib keldim. Harbiy xizmatdan qaytgach otam-onamga yordam berib, kolxozda ishlay boshladim.
Yoshim 22 ga yetganda meni ham uylantirishdi. Xotinim qo‘shni mahalladan edi. Ularning oilasini avvaldan tanirdim, qaynotamning o‘g‘li yo‘q, 5 nafar qizi bor edi. Xotinim uchinchi qiz edi.
Men oila qurganimdan so‘ng uch yil o‘tib kenja ukamni uylantirish tadorigi boshlandi. Oiladagilar qiz qidira boshlashdi. Biroq to‘ygacha men alohida bo‘lib chiqib ketishim kerak edi. Bu paytda ikki o‘g‘illi bo‘lgandim.
O‘sha paytda otam o‘zi egallab qo‘ygan yerda ikki akamga uy qurib bergan, menga joy yo‘q edi. Ana shunday vaziyatda qaynotam jonimizga ora kirdi. U hovlisi yonida 60-70 sotix yerga ham egalik qilardi, bahorda o‘sha joydan menga 20 sotix yer berdi.
Qaynotam bergan yerda hosilga kirgan anorzor bor edi. “Bu bog‘dan olinadigan hosil ham sizlarga harna yordam bo‘ladi”, dedi u. Ko‘p o‘tmay imoratni boshlab yubordik.
U paytlarda usta, mardikor ishlatmasdik, aka-ukalar, oshna-og‘aynilar, mahalladagilar hashar qilishardi. Yoz oxirigacha uyni tiklab oldik. Kuzda hosildan tushgan pulga uning chordog‘ini ham bitkazdik va qish boshlangach ko‘chib o‘tdik.
Yosh oila, yangi ro‘zg‘or edik. Ba’zida hatto ro‘zg‘orga u-bu narsa olib kelishga pulim yo‘q paytlar ham bo‘lardi. Shunday vaziyatlarda qaynotam bozor-o‘char qilib biznikiga tashlab ketardi.
Keyin ham uning bizga ko‘p yordami tegdi. Men uyda bo‘lmagan paytlarda hatto tomorqadagi yumushlar, anorzorga qarash kabi ishlarni ham bajarib berardi. Biroq men uning bu yaxshiliklarini bilmadim. Aksincha, ko‘nglimga shum niyatlar oralay boshladi.
Qaynotamga qo‘shni bo‘lar ekanman, qachonlardir undan qoladigan uy-joy va yerga ega bo‘laman deb o‘ylay boshladim. Biroq ko‘p o‘tmay qaynotam eng katta qayinsinglimning o‘g‘illaridan birini o‘ziga o‘g‘il qilib oldi.
Shundan so‘ng mening ichimga g‘ulg‘ula tushdi. Shuncha yer, hovli-joy nega mening o‘g‘illarimga emas, bojamning o‘g‘liga qolishini o‘ylab kechalari uyqum qochib ketardi.
Lekin bilardim, qaynotam nabirasini qonuniy tarzda asrab olmagandi. Menga shu sal taskin berardi. “Shoshmay tur, chol va kampir bir kun o‘ladi, seni o‘sha kuni ota-onangning oldiga quvib yuboraman”, deb o‘ylardim.
O‘shanda o‘zimning shum niyatlarim haqida hech kimga, hatto xotinimga ham hech narsa demagandim. Shu mavzudan gap ochilsa o‘zimni e’tiborsizday tutardim.
Shu tariqa yillar o‘tib boraverdi. Men yana bir o‘g‘il ko‘rdim va ularning soni uch nafarga yetdi. Katta o‘g‘illarim maktabga chiqishdi.
“Merosxo‘r” (qaynotam asrab olgan bolani zimdan shunday atardim) maktabni bitirishi arafasida qaynotam, bir yildan so‘ng qaynonam dunyodan o‘tishdi. Ulardan 20 sotix hovli, uy-joy va yana mening uyimga tutash bo‘lgan 40-50 sotix yer qoldi.
Men payt poylab hamlaga tayyorlana boshladim va kunlarning birida “merosxo‘r”ning oldiga bordim. Unga hovliga tutash yerning uchdan ikki qismini menga berishini aytdim.
U mendan bunday “hujum”ni kutmagan ekan shekilli gaplarimni eshitib hayron bo‘ldi. “Nega bir qismini yoki yarmini emas, uchdan ikki qismini?” deb so‘radi.
Shunda unga uchta o‘g‘lim borligini, ular ham xolavachchasi kabi bobosining yer-mulkiga haqqi borligini, birini hovlida qoldirsam ikkisiga qaynotamning yeridan uy-joy tiklab berishimni aytdim.
U shunda “Xo‘p, mayli, maslahatlashib ko‘raylik, bersam beraveraman” dedi va uyga kirib ketdi. Ish juda silliq bitayotganiga xursand bo‘ldim. Biroq erta quvongan ekanman.
Ertasi kuni ertalab uyimga qayinsingillarim kirib kelishdi. Ularning vajohatini ko‘riboq “merosxo‘r” onasiga va xolalariga yer so‘raganim haqida gapirgan deb o‘yladim.
Yanglishmagan ekanman, qayinsingillarimning biri qo‘yib ikkinchisi meni otasidan qolgan yer-mulkning bir parchasida ham haqqim yo‘qligini, o‘zi shundoq ham uning yerida o‘tirganimni aytishdi.
Oxirida agar yana yer da’vo qilsam sudga berishlarini aytib chiqib ketishdi. O‘sha kundan boshlab ular bilan bordi-keldi uzildi.
Shundan so‘ng “merosxo‘r”ni ko‘chada tutib olib do‘q urib qo‘ydim. O‘sha paytda bundan ortiq ish qo‘limdan kelmasdi. Chunki qayinsingillarimdan biri o‘tkirroq, aytganini qiladigan ayol bo‘lib, meni qamatib yuborishi ham mumkin edi.
Rejam amalga oshmagandan keyin halovatim butunlay yo‘qoldi. Lekin sabr qilishdan boshqa ilojim yo‘q edi. Yillar o‘taverdi, bu orada “merosxo‘r”ni uylantirishdi. So‘ng onasi va xolalari bobosidan qolgan barcha yer-mulklarni uning nomiga rasmiylashtirib berishibdi.
Buni eshitib unga dushmanchilik qilishda davom etdim. Hovlisiga chiqindi uloqtirardim. Eshittirib so‘kardim va qachon bo‘lsa ham uni quvib yuborishimni aytardim.
Unga qolgan yer qaynotam menga bergan anorzor bog‘ning davomi edi. Anor tuplarining ostiga kislota quyib ularning bir qismini quritdim. Shunda ham bojamning o‘g‘li miq etmasdi.
O‘sha paytda otam hali tirik, u ham meni qaytarish o‘rniga battar tezlardi. Har gal tug‘ilib o‘sgan hovlimga ota-onamni ko‘rgani borsam otam qaynotamdan qolgan yer haqida gap ochar, meni bo‘shanglikda ayblardi. Men esa uyga qaytib xotinimni so‘kardim.
O‘sha paytlarda bechora xotinim “muzokara” o‘tkazish uchun opasining oldiga ko‘p qatnadi. Maqsadimiz qayinsinglim bilan kelishib yerning bir qismini g‘alvasiz olish edi. Biroq qayinsinglim umuman ko‘nmadi va “merosxo‘r” o‘g‘li tomon bo‘ldi.
U xotinimga “Agar ering boshdanoq o‘g‘limga do‘q urmasdan biz bilan maslahatlashganida o‘sha yerning bir qismini berardik. Endi esa bir qarichini ham ololmaysizlar”, debdi.
Men batamom chorasiz qolganimdan so‘ng gohida pinhona, goh bojamning o‘g‘li va uning xotiniga eshittirib “Ilohim, shu yigitga farzand berma, hovli-joy va yer menga qolsin” deb duo qilishga o‘tdim. Biroq...
Qilgan duolarim ijobat bo‘lmagani mayli, qarg‘ish o‘zimga qaytdi va boshimga balolar yog‘ila boshladi. O‘sha paytlarda 15 yoshga to‘lgan to‘ng‘ich o‘g‘lim bedavo dardga chalinib vafot etdi.
Oradan 2-3 yil o‘tgach, qalbimda to‘ng‘ich o‘g‘limning dardi bosilmasidan ikkinchi o‘g‘lim ham 16 yoshida dardga chalinib vafot etdi. Ahvolim og‘irlashib, ko‘zimga hech narsa ko‘rinmay qoldi.
Yeb-icharimda halovat qolmadi. Men uchinchi o‘g‘limni yo‘qotishdan juda qo‘rqib qolgandim. Endi ko‘zimga na yer, na boshqa narsa ko‘rinmasdi.
Bir paytlar bojamning o‘g‘lini badduo qilgan tillarim endi Xudodan o‘zimning boshimdan balolarni aritishini, uchinchi o‘g‘limni sog‘-salomat asrashini so‘rab duo qilardi.
Duolarim ijobat bo‘ldimi yoki taqdirim shunday bitilganmidi uchinchi o‘g‘lim sog‘-salomat. Ulg‘aygandan so‘ng uni uylantirdim. Hozir nabiralarim bor.
Bir paytlar uch o‘g‘lim borligida ulardan biri hovlida qolsa qolgan ikkisiga qayerdan yer topaman, uy-joylarini qanday tiklab beraman deb tashvishlanardim.
Shuning ortidan bojamning o‘g‘liga dushman bo‘ldim. Qayinsingillarim bilan yuz ko‘rmas bo‘lib ketdim. Biroq o‘shanda Xudo o‘g‘illarimning jonini ular ulg‘aymasdan olib qo‘yishini, keyin yer topish va uy-joy qurishga hojat ham qolmasligini o‘ylamagan ekanman.
Ikkinchi o‘g‘lim vafot etganidan so‘ng ko‘zim yarq etib ochildi. Ko‘z ochlik ortidan qanday tuban darajaga tushganimni anglab yetdim. Bojamning o‘g‘lidan, qayinsingillarimdan uzr so‘radim. Ular kechirishdi va shu menga sal taskin beradi.
Hozir ham gohida mahallamda bir qarich yer uchun janjallashib yurgan yoki yuz ko‘rmas bo‘lib ketgan aka-ukalar, opa-singillar haqida eshitib qolganimda “Attang” deb qo‘yaman. Nafsim va ko‘zim ochligi tufayli boshimga tushgan sinovlar esimga tushadi. Biroq o‘tgan umrni ham, o‘g‘illarimni ham endi ortga qaytarishning iloji yo‘q”.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.